O‘zbekiston | 08:30 / 30.03.2023
21986
5 daqiqa o‘qiladi

Bojlardan vaqtincha qutulish: oziq-ovqat narxlari qanday arzonlayapti?

Prezident farmoni bilan 2024 yil 1 yanvargacha 36 turdagi tovarlar guruhiga nisbatan bojxona bojlari olib tashlandi. Natijada Korzinka supermarketlar tarmog‘ida narxlar 32 foizgacha arzonladi. Tarmoq asoschisi Zafar Hoshimov Kun.uz bilan suhbatda qaysi mahsulotlar narxi qanchaga tushgani haqida so‘zlab berdi.

2024 yil 1 yanvarga qadar 36ta guruhga kiradigan tovarga nisbatan bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanadi.

Ro‘yxatdagi 36ta guruhga kiradigan 1000dan ortiq mahsulot narxlari arzonlayapti.

Kun.uz bilan suhbatda tadbirkor Zafar Hoshimov nega aynan hozir bojlar olib tashlangani va qaysi tovarlar qanchaga arzonlagani haqida gapirdi.

“Imtiyozli olib kiriladigan tovarlar 60-70taga yetdi”

— Ko‘pgina meva-chevalar qatorida xurmo ham arzonladi. Bu ayni Ramazon oyining ilk kunlariga to‘g‘ri kelgani juda yaxshi bo‘ldi. Mevalar narxi o‘rtacha 20-25 foizga arzonladi.

Tsitrus mevalarga oldinroq imtiyoz berilgandi. Ya’ni bu qarorda 36 turdagi tovarlar guruhiga bojxona bojlari olinishi bilan birga avvalgi 25 turdagi tovarlarga nisbatan imtiyoz ham cho‘zildi. Umuman olganda, imtiyozda olib kirilayotgan tovarlar soni 60-70taga yetdi.

Olma, nok narxlari, bundan tashqari juda keng tovarlar guruhi – pishloqlar, sut mahsulotlari, go‘sht, baliq konservalari, qandolat mahsulotlari, bolalar ozuqalarining narxlari ham tushdi.

Bolalar kashasi bojlari nollashtirilgach, 20 foiz arzonladi.

“Nimaga aynan hozir bojlar olib tashlandi deb ko‘p savol berishdi, chunki...”

— Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, xususan, Rossiyadan ko‘p mahsulotlar kelardi. Rossiyada juda ko‘p zavodlar ishlayotgandi. Endi hozirgi geosiyosiy vaziyat tufayli Rossiyadan juda ko‘p yirik brend va korxonalar chiqib ketdi.

Buning natijasida Rossiyaning o‘zida ham ishlab chiqarish qisqara boshladi va narxlar oshdi. Bundan tashqari, rublning sun’iy ushlab turilgani Rossiyadan kelayotgan mahsulotlar narxini ko‘tardi. Butun dunyoda oziq-ovqat krizisi bo‘lyapti. Ikkita katta davlat – Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush oziq-ovqat mahsulotlarining dunyodagi taklifini qisqartiryapti. Shu sababli narxlar oshib boryapti. Prezidentning o‘z vaqtida chiqarilgan farmoni ichki iste’mol bozoriga dunyoda bo‘layotgan qimmatchilikdan yengillik berdi desak bo‘ladi. Bu vaqtida qo‘yilgan qadam.

Aksiyamizni shu sababli “Inson qadri uchun” deb nomladik.

Shokolad ustidagi katta bojlar

— Bojlar hisobiga nafaqat shokolad, umuman, hamma qandolat mahsulotlari va konservalar, ko‘p iste’mol qilinadigan mahsulotlarning narxi baland edi. Xususan, shokoladni olsak, bojlar 30 foiz edi. Bundan tashqari, har kilosiga minimum to‘lanadigan boj ham bor edi. Arzonroq shokolad olib kelsangiz, bu boj hisobiga yanada qimmatroqqa tushardi va 30-50 foizga ko‘tarilib ketishi mumkin edi.

Importdan keladigan bug‘doy uni ham arzonladi. Esingizda bo‘lsa kerak, o‘tgan yili un narxi oshib ketdi, chunki Qozog‘iston bilan Rossiya unini chiqarmay qo‘ygandi.

“Pomidor narxi yaqin kunlarda tushadi deb o‘ylayman”

— Pomidor narxining oshishi qish qiyin kelgani, issiqxonalarda hosil yetishtirish qiyin bo‘lgani, shuning hisobiga kamroq pomidor ekilgani yoki hosil sovuqda nobud bo‘lgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu sababli, ichki bozorda pomidor taklifi keskin tushgan. Ammo yaxshi xabar shundaki, pomidor eksport qilinyapti va o‘zbek pomidorlariga hamdo‘stlik davlatlari, Turkiya va BAAda talab bor. O‘ylaymanki, narx oshishi bir tarafdan yaxshi, odamlarni ko‘proq pomidor ekishga undayapti. Juda yaqinda yana taklif ko‘payib narxlar tushadi deb o‘ylayman.

“Go‘sht narxini tushirdik”

— Biz Qozog‘istondan go‘sht import qilamiz. O‘zi go‘shtga boj yo‘q edi. Lekin hukumat iste’molchi tarafga qadam bosgani uchun, go‘shtlarning ham narxini tushirdik. Hozir aksiya boshlaganmiz – go‘sht narxi ham 8-11 foizga arzonlagan.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Operator va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid