Jahon | 10:04 / 03.04.2023
12061
2 daqiqa o‘qiladi

Abramovich Putinning sobiq o‘qituvchisi uchun Isroilda kvartira sotib olgan - OAV

Milliarder kvartirani sotib olishda ishtirok etganini tasdiqladi, biroq buni Putinning emas, balki yahudiylar jamoasining iltimosiga ko‘ra qilganini aytdi.

Roman Abramovich / Foto: Reuters

2005 yilda rossiyalik milliarder Roman Abramovich Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sobiq o‘qituvchisi uchun Tel-Aviv markazidan kvartira sotib olgan, bu haqda The Washington Post va Xalqaro surishtiruvchi jurnalistlar konsorsiumi (ICIJ)ning yakshanba, 2 aprel kuni e’lon qilingan qo‘shma surishtiruvida aytiladi.

Mina Yuditskaya-Berliner Leningraddagi 281-maktabda Putinning sinf rahbari va nemis tili o‘qituvchisi bo‘lgan. 2005 yilda prezident u bilan 1973 yilda SSSRdan ko‘chib ketgan Isroilda uchrashgan.

O‘z so‘zlariga ko‘ra, ushbu uchrashuvdan so‘ng uning oldiga bir erkak kelib, Putin unga kvartira sotib olmoqchi ekanligini aytgan. Bir necha oy o‘tgach, bitim tuzilgan. Prezident nomidan aniq kim gapirganini Yuditskaya aytmagan.

Surishtiruv mualliflari Yuditskaya uchun kvartira sotib olish Kipr ofshor kompaniyasi N.P. Gemini Holdings Ltd. hisobidan amalga oshirilganini aniqladi, u Roman Abramovich tomonidan yashirincha nazorat qilingan. Bu haqda Abramovich bilan biznes yuritgan va yozuvlari surishtiruvchilarga topshirilgan boshqa Kipr kompaniyasining moliyaviy hujjatlarida aytiladi.

Yuditskaya kvartirani sotib olgan kuni unga Abramovichga aloqador kompaniya hisobidan 245 ming dollar o‘tkazilgan. Hujjatlarning hech birida milliarderning ismi ko‘rsatilmagan, biroq WP ma’lumotlariga ko‘ra, 2008 yilgi sud jarayonida e’lon qilingan hujjatlar Abramovich N.P. Gemini Holdings Ltd.'ning haqiqiy egasi ekanligini ko‘rsatgan.

Abramovichning matbuot kotibi milliarder kvartirani sotib olishda ishtirok etganini tasdiqladi, biroq u buni Putinning iltimosiga ko‘ra emas, balki «yahudiy jamiyati iltimosiga ko‘ra» qilganini aytdi. Sovg‘ani Rossiya Federatsiyasi yahudiy jamoalari federatsiyasi prezidenti Aleksandr Boroda tashkillashtirgan, dedi Abramovichning matbuot kotibi.

Mavzuga oid