O‘zbekiston | 16:45 / 05.04.2023
8145
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiy shahar hokimligi mansabdorlariga sud hukmi o‘qildi

Hokimlik va shahardagi MChJlardan birining mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirib, katta miqdorda “Ayollar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz Navoiy shahar hokimligining mansabdorlariga 5 oy oldin jinoiy ish ochilgani ma’lum bo‘lgani haqida xabar bergandi. 2023 yilning 10 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tumani sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan.

Sud hukmida ko‘rinishicha, xalq deputatlari Navoiy shahar kengashi kotibiyat mudiri R.G‘., Navoiy shahar hokimligi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan T.A., Navoiy shahar hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Sh.T. hamda “Sevdiyor-Surayyo” MChJ rahbari I.T. o‘zaro til biriktirib, “Ayollar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini talon-toroj qilishgan.

Ta’kidlanishicha, Navoiy shahar hokimligi hamda “Sevdiyor Surayyo” MChJ o‘rtasida 2022 yil 28 mart kuni har bir donasi 400 ming so‘m bo‘lgan 380 dona 11 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi sotib olish uchun shartnoma tuzilgan. Mazkur shartnomaga asosan “Ayollar daftari” jamg‘armasidan MChJ hisobraqamiga 152 mln so‘m mablag‘ to‘lab berilgan. Ammo hokimlik va MChJ mansabdor shaxslari oldindan o‘zaro til biriktirib, 380 dona oziq-ovqat jamlanmasi qabul qilib olingani haqida soxta hujjatlar rasmiylashtirgan. Aslida esa 200 dona oziq-ovqat jamlanmasi qabul qilingan.

“Ishbilarmonlar” har bir oziq-ovqat jamlanmalariga belgilangan mahsulotlarni kam solish evaziga 14 mln so‘m hamda olinmagan 180 dona oziq-ovqat jamlanmasi hisobiga 72 mln so‘m mablag‘ni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishgan. 

Shuningdek, hokimlik va mazkur MChJ o‘rtasida 2022 yil 30 aprel kuni hayit bayrami munosabati bilan har biri 488 ming bo‘lgan 450 dona 16 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Buning uchun “Ayollar daftari” jamg‘armasidan MChJ hisobraqamiga 219,9 mln so‘m mablag‘ to‘langan. 450 ta oziq-ovqat jamlanmasidan 212 tasi qabul qilinib, mahallalarga tarqatilgan, qolgani bo‘yicha soxta hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Bu safar oziq-ovqat jamlanmalariga belgilangan mahsulotlarni kam solish evaziga 37 mln so‘m hamda olinmagan 238 dona oziq-ovqat jamlanmasi hisobiga 116 mln so‘m mablag‘ “tuya qilingan”.

Sud ishida “Sevdiyor-Surayyo” MChJ rahbari I.T. shartnomalar bo‘yicha to‘langan summa hamda berilgan oziq-ovqat jamlanmalari narxi o‘rtasidagi farqni hokimlik vakillari undan naqd pul ko‘rinishida olib ketganligini aytib, ko‘rsatma bergan.

Sud hukmi bilan hokimlik mansabdorlari turli muddatlarga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan axloq tuzatish ishlari jazosiga tortilgan.  

 Hozirda sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati kiritilgan.

Mavzuga oid