Jamiyat | 16:57 / 06.04.2023
12084
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zLiDeP: erkimiz va ertamizning kafolati uchun ovoz beramiz!

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini aholiga sodda, aniq va to‘g‘ri tushuntirishga bag‘ishlangan davra suhbatlari, uchrashuvlar, event-tadbirlar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda. Partiya faollari ishtirokidagi tadbirlarning navbatdagisi vodiy viloyatlarida qizg‘in tarzda o‘tkazilmoqda.

O‘zLiDeP Namangan viloyat hamda Chortoq tuman kengashlari tashabbusi bilan tadbirkorlar, fermerlar, xotin-qizlar va yoshlar ishtirokida event tadbiri tashkil etildi.

Ochiq osmon ostida o‘tgan tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari – Zafar Xudayberdiyev, Barno Mirzamova, Sardor G‘iyosov, viloyat kengashi raisi Solixon Mo‘minov, apparat rahbari Orifjon Mahmudov ishtirok etdi.

– Asosiy elektoratimiz bo‘lgan tadbirkorlar, fermerlar va mulkdorlarimizga shuni quvonch bilan aytishim mumkinki, yangilanayotgan Bosh qomusimizda milliy iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash hamda mulk himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda, – dedi partiya yetakchisi o‘z so‘zida. – Jumladan, nafaqat bank omonatlari, balki bank operatsiyalari va hisobvaraqlarning ham sir tutilishi kafolatlanmoqda. Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi o‘rnatilmoqda.

Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlanishi mustahkamlanmoqda. Mazkur norma investorlarning ishonchini mustahkamlashga, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga xizmat qiladi.

E’tibor bering! Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga haqli ekanliklari kafolatlanmoqda. Konstitutsiyamizga mazkur qoidaning kiritilishi erkin bozor iqtisodiyotining eng muhim talabini o‘zida ifoda etib, “qonunda taqiqlanmagan har qanday faoliyatga ruxsat beriladi” degan tamoyilga asoslanadi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanmoqda.

Boshqa notiqlar ham jamiki o‘zgarishlar negizida yurtimizda kechayotgan islohotlar mohiyatini belgilovchi “Inson qadri uchun” ulug‘vor g‘oyasi yotganini alohida ta’kidlashdi.

Ayniqsa, tadbir so‘ngida partiya lideri Aktam Xaitovning “Mol-mulk daxlsizligining yuksak darajada kafolatlanishi ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni ham rag‘batlantiradi, shu bois, uni hech ikkilanmasdan yangilanayotgan Konstitutsiyani xalq Konstitutsiyasi deyish mumkin” degan so‘zlarini barcha qarsaklar bilan olqishladi.

«Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki», “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi uchun ovoz beramiz!” degan chaqiriqlar tadbirga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati va bo‘lajak referendumda aholining ishtirokini oshirishga qaratilgan tashviqot tadbiri Namangan muhandislik texnologiyalari institutida olimlar, o‘qituvchi va talabalar ishtirokida davom etdi.

O‘zLiDeP vakillari yangilanayotgan Konstitutsiyada davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirilayotganligini alohida e’tirof etishdi.

Bosh qomusimizda oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi kafolatlanmoqda. Ushbu normaning kiritilishi oliy o‘quv yurti va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayoniga davlat ishtirokini cheklab, professor-o‘qituvchilar va talabalarning o‘quv jarayonidagi mustaqilligini ta’minlaydi.

Yuqoridagi yangiliklardan kengroq bahramand bo‘lgan ustoz va talabalar yaratilishi kutilayotgan kafolatlardan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Shuning barobarida bo‘lajak siyosiy jarayon – referendumda faol ishtirok etishlarini aytishdi.

O‘zLiDeP Namangan viloyati Kengashi matbuot xizmati

Mavzuga oid