Jahon | 09:23 / 06.04.2023
8079
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropol yirik hakerlik platformasi faoliyatini fosh qildi

Genesis Market o‘g‘irlangan akkauntlarni ommaviy sotish uchun ishlatilgan. 17 davlat huquq-tartibot idoralari ishtirokida hakerlarga qarshi keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazildi.

Foto: Shutterstock

Yevropa politsiya boshqarmasi - Yevropol bir qator mamlakatlar huquq-tartibot idoralari ko‘magida o‘g‘irlangan akkauntlarni ommaviy sotish bilan shug‘ullangan dunyodagi eng yirik hakerlik platformalaridan biri Genesis Market faoliyatini to‘xtatdi. «Politsiyaning 17 ta davlat ishtirokidagi misli ko‘rilmagan operatsiyasi dunyodagi eng xavfli savdo maydonchalaridan biri bo‘lgan Genesis Market'ni yo‘q qilishga olib keldi», — deb xabar berdi Yevropol 5 aprel, chorshanba kuni Haagada.

Germaniya, AQSh, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yevropaning boshqa o‘nta davlatida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan muvofiqlashtirilgan operatsiyalar davomida jinoiy tarmoq foydalanuvchilariga nisbatan reydlar o‘tkazildi, 119 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olindi, 208 ta tintuv amalga oshirildi. Operation Cookie Monster kod nomini olgan operatsiyani umumiy muvofiqlashtirish AQSh Federal qidiruv byurosi va Niderlandiya milliy politsiyasi tomonidan amalga oshirildi.

Yevropol hisobotida qayd etilishicha, Genesis Market jinoyat sodir etish uchun eng katta saytlardan biri bo‘lgan. U ikki milliondan ortiq foydalanuvchining o‘g‘irlangan ma’lumotlarini saqlagan. Platforma onlayn hisob qaydnomalarini o‘g‘irlash uchun kompyuterlarga zararli dasturlarni yuqtirish imkonini beruvchi botlarni sotdi. Ma’lumotlar real vaqt rejimida to‘planganligi sababli, mijozlar hatto parolni o‘zgartirish haqida ham xabardor bo‘lgan.

Boshqa jinoyat saytlaridan farqli o‘laroq, Genesis Market darknetda emas, balki oddiy internetda ishlagan. Ushbu saytga a’zo bo‘lish faqat taklifnoma bilan amalga oshirilgan. «Oson kirish va arzon narxlar yangi mijozlarni qabul qilishdagi to‘siqni pasaytirdi va ularni hakerlar uchun qulay daromad manbayiga aylantirdi», deb ta’kidladi Yevropol.

Mavzuga oid