«Real» navbatdagi kubokka intilmoqda. «Chelsi» - hech qayerga. YeChLda kun o‘yinlari
Madridliklar jamoasi katta qiyinchiliksiz londonliklarni mag‘lub etdi va amalda bosh yevrokubokning yarimfinal yo‘llanmasini naqd qildi.
YeChL. 1/4 final. 12 aprel
Birinchi o‘yinlar
Real — Chelsi 2:0
Gollar: Benzema (22), Asensio (74).
Real – Kurtua, Karvaxal, Alaba, Militao, Kamavinga (Ryudiger, 71), Modrich (Sebalos, 81), Kroos (Tchuameni, 84), Valverde, Vinisius, Rodrigo (Asensio, 71), Benzema.
Chelsi – Arrisabalaga, Jyeyms, Silva (Maunt, 76), Kulibali (Kukurelya, 55), Fofana, Chiluell, Kovachich, Kante (Gallaher, 75), Fernandes, Sterling (Haverts, 65), Felish (Chaloba, 65).
Ogohlantirishlar: Fofana (5), Kamavinga (7), Militao (83), Karvaxal (87), Kovachich (87).
Chetlatish: Chiluell (59).
Boelining haddan tashqari ishonch bilan bergan prognozi
«Bugun biz g‘alaba qozonamiz. Qanday hisob bilanmi? 3:0!» — «Chelsi» xo‘jayini Todd Boeli quloqli kubokning amaldagi sohibiga qarshi o‘yindan oldin shunday o‘ta optimistik prognoz qildi. Bunday quruq maqtanish hech kimni hayron qoldirmagani tayin: londonliklar klubi bossi qariyb bir yildan buyon muskullarini ko‘z-ko‘z qilishdan boshqa ish qilayotgani yo‘q — transferlar bozorida ham, bayonotlarida ham.
«Chelsi» — bu mavsumda jahon futboli nashrlari uchun eng asosiy yangiliklar manbayiga aylandi. «Real»ga qarshi o‘yin oldidan ham ijtimoiy tarmoqlarda ko‘klar o‘yini qanchalik o‘zgarishi emas, Boelining prognozi muhokama etildi.
«Chelsi» xo‘jayini odatdagi kabi o‘zining bu harakati bilan jamoani soyada qoldirdi. Lekin jamoada e’tiborga molik jihatlar talaygina edi. «Chelsi»ga qaytganidan keyingi ikkinchi o‘yinida Frenk Lempard ixtiyorida yaxshigina tarkib paydo bo‘ldi. N'Golo Kante va Tiyago Silva (u jarohati tufayli APLning oxirgi turida zayavkadan ham o‘rin olmagandi) safga qaytishgan, qanotlarda Ben Chiluell va Ris Jyeyms ilk daqiqalardan harakat qilishi mumkin edi. Murabbiy futbolchilar joylashuvida radikal o‘zgarishlarga qo‘l urdi: Haversni zaxirada qoldirdi hamda «Vulverhempton» bilan o‘yinda o‘zini oqlamagan 4-3-3 o‘rniga 3-5-2 sxemasini tanladi. Mehmonlar murabbiylar shtabi maydon markazini Fernandes, Kante va Kovachich bilan to‘ldirish orqali «Real»ning markaziy yarimhimoyachilarini to‘xtatiga umid qildi. Bundan tashqari, Lempard himoya chizig‘idagi tanlovi orqali ochiq ishora berdi: jamoa to‘pga egalik qilmoqchi emas.
Ko‘klarning startdagi tezkorligi
Ehtimol londonliklar o‘yinidagi taktik qayta qurilish «Qirollik klubi»dagi hushyorlikni susaytirgandir: Madrid debyutda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Karlo Anchelotti bu safar hech qanday original narsa o‘ylab topmadi va hatto Kamavinga mudofaaning chap qanotida tushishi ham oldindan kutilgan o‘zgarish edi. Lempard ham buni bilgan holda debyutda raqibni hayron qoldirishga qaratilgan ko‘rsatmalar berdi. Va uning o‘ylaganlari maydonda amalga oshdi.
Dastlabki yetti daqiqalikda mehmonlar deyarli bir xil ko‘rinishdagi uchta keskin qarshi hujum uyushtirishdi: «Real» raqib mudofaasida bo‘sh hududlarni qidirish bilan ovora bo‘lganida uch marta yo‘q joydan to‘p yo‘qotdi. Madridliklar o‘tish fazasida chindan ham zaif ko‘rindi va «Chelsi» bundan foydalanishga harakat qildi. Strategiya nuqtayi nazaridan barchasi to‘g‘ri edi, ammo Lempardning baxtiga qarshi ko‘klarda bu mavsumda forvardlar va vaziyatlardan foydalanishda juda jiddiy muammolar yuzaga kelgan. Birgina Erling Holand APLda urgan gollar soni «Chelsi»ning barcha gollaridan ko‘proqligi ham muammo darajasini ko‘rsatadi.
Madridning ustunligi
Joau Feliks va Sterling hujumchilar juftligi sifatida tanlanishi bir vaqtning o‘zida bahsli va mantiqiy qaror edi (Haversning «Liverpul»ga qarshi o‘yindagi harakatlaridan kelib chiqqan holda). Lempardni o‘yindan keyin xato tanlov qilganlikda ayblash oson, chunki portugaliyalik ham, angliyalik ham bir necha golli vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi, ammo zaxira o‘rindig‘ida muqobil nomzodlar ham yo‘q edi.
Dastlabki yetti daqiqani kuzatgan Boeli prognozlari to‘g‘ri chiqqani haqida tabriklar ola boshlagan bo‘lsa ajab emas. Ammo shundan keyin vaziyat ko‘klar uchun yomonlasha bordi va tashabbusni qo‘lga olgan mezbonlar o‘yin oxirigacha uni raqibga qaytarib bermadi. «Chelsi» raqibni ancha ichkarida qarshi oldi va himoyalanishda 5-3-2 sxemasi bo‘yicha aniq tizildi. Ammo bu holatda aniqlik — salbiy xususiyatdir. Mehmonlarda chiziqlar orasida shu qadar katta bo‘shliq yuzaga keldiki, «Real» futbolchilari hujumlarni rivojlantirish uchun bir necha vektorlarni tanlashi mumkin edi.
Ko‘p o‘tmay vaziyatlar ham yaratila boshlandi. Avvaliga Benzema o‘tkir burchakdan turib Arrisabalagani sinovdan o‘tkazdi, keyin Valverdening zarbasi biroz xato ketdi, 21-daqiqada esa gol ham urildi — Kepa Vinisiusning zarbasini to‘sdi, ammo Karim to‘pga ega chiqib, qarshiliksiz uni darvoza to‘riga joyladi.
«Chelsi» darhol o‘yinga qaytishi mumkin edi, ammo Kurtua Sterlingga gol urishga imkon bermadi, keyin esa Tiagu Silva to‘pni darvoza chizig‘i oldida qaytarib yuborib, hisob 0:2 ko‘rinishiga kelishining oldini oldi. Shu palladan o‘yin faqat «Real»ning ustunligida o‘ta boshladi va madridliklar tanaffusga ikkinchi golni ura olishmaganidan xafa holda chiqib ketishdi. Bo‘lim yakunlariga ko‘ra darvoza sohasiga aniq yo‘llangan zarbalar nisbati 8:2 ko‘rinishida edi.
Courtois and Maignan coming up clutch 👏
— UEFA Champions League (@ChampionsLeague) April 12, 2023
Who made the best save?#UCLsaves || @TurkishAirlines pic.twitter.com/h4BlbrGSS5
Chiluellning chetlatilishi va Asensioning goli
Tanaffusdan qaytib ko‘klar yana faol o‘ynashga qaror qildi, ammo «Real» endi hushyor edi, shuning uchun «Chelsi» javob golini urishga yaqin ham kelmadi. Modrich esa 50-daqiqada shedevr gol urishgga juda yaqin edi: u to‘pni «to‘qqizlik» sari aylantirib yo‘lladi, ammo bir necha santimetrga adashdi.
Lempard tavakkalchilikka qo‘l urdi — maydonni tark etishga majbur bo‘lgan Kulibalining o‘rniga Kukurelyani maydonga tashlashdan tashqari futbolchilarni 4-4-2 sxemasi bo‘yicha joylashtirdi. Bu esa xato bo‘lib chiqdi: birinchidan, shundan keyin «Chelsi» chiziqlari orasidagi bo‘shliq yanada kengayib ketdi, ikkinchidan ispaniyalik himoyachi Rodrigoni o‘tkazib yubordi, natijada Chiluell darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan raqibni jarima maydoniga kirishda ushlab qolib, o‘yin yakuniga hali yarim soat borligida «so‘nggi umid foli» uchun qizil kartochka oldi. Agar birinchi bo‘limda mehmonlar mudofaasida faqat Fofananing harakatlari (u 5-daqiqadayoq Vinisiusga qo‘polligi uchun sariq olgandi, birinchi gol urilgan vaziyatda esa ushbu futbolchini yaxshi qo‘riqlay olmadi, undan keyin ham ko‘p vaziyatlarda to‘pni osonlik bilan yo‘qotdi) qo‘rqinchli ko‘ringan bo‘lsa, tanaffusdan keyin londonliklar mudofaasi umuman to‘zib ketdi.
Lempard futbolchilari bir kishi kam bo‘lib qolgach darhol reaksiya ko‘rsatdi: forvardlar sonini qisqartirdi (Feliks o‘rniga Chaloba tushdi) va 5-3-1 sxemasiga o‘tdi (Jyeyms, Fofana, Silva, Chaloba va Kukurelya himoya beshligini tashkil etdi). Ikkinchi bo‘lim boshida Frenk hech bo‘lmaganda durangga erishmoqchi ekanini ko‘rsatgan bo‘lsa, bu o‘zgarish minimal hisobdagi mag‘lubiyatni saqlab qolish umidini ochiq ko‘rsatib turardi. Ammo o‘xshamadi. «Chelsi» ikkinchi golni burchak zarbasi ijro etilganidan keyin o‘tkazib yubordi, shunday ekan, bu o‘rinda futbolchilar yetishmaganini bahona qilib bo‘lmaydi. Bu vaziyatda londonliklarning barcha futbolchilari darvoza atrofida to‘plangandi, lekin jarima maydoni tashqarisida hech kim qolmagandi. Asensioga yaqin burchakka yo‘llangan aylanma zarbasi bilan hisobdagi farqni oshirish qiyin bo‘lmadi. Bu uning YeChLda zaxiradan tushib urgan to‘qqizinchi goli bo‘ldi - bu turnir rekordi.
O‘yin oxirida «Real» futbolchilarining harakatlari muxlislarni xavotirga solib qo‘ydi. Madridliklar aftidan allaqachon o‘zlarini yarimfinalda his qila boshlashdi va raqibni butunlay yakson etishga harakat qilishmadi.
Lempard esa Silvaning o‘rniga Meyson Mauntni tushirish orqali o‘yinni saqlab qolishga urindi, u esa 90+3-daqiqada yaxshi vaziyatga ega bo‘ldi, ammo omadi kelmadi. Bu o‘yin davomida «Chelsi» himoyasi uch bor qaytadan qurildi - chunki Kulibali, Chiluell va Tiyago Silva turli sabablarga ko‘ra maydonni tark etishga majbur bo‘ldi.
Londondagi javob o‘yini 18 aprel kuni o‘tkaziladi. Bu juftlik g‘olibi keyingi bosqichda «Bavariya» yoki «Siti»ga tushadi, inglizlar yarimfinalda o‘ynashi uchun o‘z maydonida Boeli aytgan 3:0 hisobida g‘alaba qozonishi talab etiladi. Lekin bu fantastik ssenariy - «Chelsi» so‘nggi 5 o‘yinda 2 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etdi. Ularning 4 tasida gol urolmagan, bu esa 1993 yildan buyon qayd etilgan eng yomon seriya.
«Milan» Italiyaning eng yaxshi jamoasini o‘n kun ichida ikkinchi bor mag‘lub etdi
Milan — Napoli 1:0
Gol: Binnosir (40).
Milan – Menyan, Kalabriya, Ker, Tomori, Ernandes, Krunich, Binnosir (Salemakers, 67), Dias (Rebich, 80), Tonali, Leau, Jiru.
Napoli – Meret, Di Lorenso, Rrahmani, Kim Min Chje, Ruy (Olivera, 81), Lobotka, Zelinski (Ndombele, 81), Zambo-Angissa, Elmaz, Losano (Raspadori, 69), Kvaratsxeliya (Politano, 81).
Ogohlantirishlar: Zelinski (38), Binnosir (60), Di Lorenso (70), Zambo-Angissa (70), Kim Min Chje (78).
Chetlatish: Zambo-Angissa (74).
Pasayish, inqiroz, ishtiyoqsizlik — bular «Milan»ning chempionlik mavsumidan keyingi muvaffaqiyatsizliklarini izohlash uchun ishlatilgan so‘zlar. Ammo Stefano Pioli davridagi «rossonerilar» nokdaunlardan keyin og‘riqni his qilmaydi va yana o‘rnidan turadi. Qanchalik kuchli zarba berilmasin, ular, aftidan, bundan faqat kuch oladi. Murabbiyning skudetto g‘olibligiga yo‘l «Atalanta»dan uchralgan 0:5 hisobidagi sharmandali mag‘lubiyatdan boshlangani to‘g‘risidagi so‘zlarini eslash o‘rinli.
«Milan» joriy mavsum davomida ham qaysidir pallada tubga tushdi. Superkubok uchun derbida 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi va o‘z uyida «Sassuolo»dan beshta gol o‘tkazib yubordi. Ammo keyin bir necha oyni o‘tkazib yuborgan Menyan darvozaga qaytdi, Ernandes jahon chempionatidan o‘ziga keldi, Rafael Leau yana o‘tgan mavsumdagi kabi aqlli o‘yin ko‘rsata boshladi.
O‘n kun muqaddam Neapolda kechgan o‘yinda «Milan» mavsumdagi eng yaxshi o‘yinini namoyish etib,
Luchano Spalletti jamoasini 4:0 hisobida yakson etdi. Bu natijaga qarab, milanliklar Italiyaning eng yaxshi jamoasi - A Seriya turnir jadvalida katta farq bilan ilgarilab ketgan jamoani yer bilan bitta qilganiga ishonish qiyin. Jamoa yetakchisi Xvicha Kvaratsxeliya esa o‘sha oqshomda maydonda ko‘zga tashlanmadi. Ammo bu ham hali milanliklar «San-Siro»dagi YeChL o‘yinida yana shu ishni takrorlashini kafolatlamasdi.
Spalletti bu o‘yin oldidan muhim muammoni hal qilishi talab etilardi. U jamoaning asosiy hujumchisi Osimhen ortidan Simeoneni ham lazaretga jo‘natishga majbur bo‘ldi, Raspadori — ham tibbiy sabablarga ko‘ra to‘liq o‘ynay olmasdi. Ya’ni «Napoli»da markaziy hujumchi ampluasidagi birorta futbolchi qolmagandi, murabbiy esa bu muammoni Elmasni «aldamchi to‘qqizlik» rolida tushirib hal etishga qaror qildi.
O‘yinning ilk daqiqalaridayoq – mehmonlar total ustunlikka ega bo‘lishdi. Bu 10 kun muqaddam o‘z uyida «Milan»ga yengilgan ilojsiz jamoa emasdi. Diqqatini jamlagan va tajovuzkor «Napoli» mehmonlarni kuchli pressing qilib, to‘pni tezda o‘ziga oldi va «rossonerilar»ni tezlik bobida ortda qoldirdi. Kvaratsxeliya ilk daqiqadayoq supervaziyatga ega bo‘ldi, «Milan» himoyachisi Tomori ishonchsiz harakat qilib, qulay pozitsiyada turgan raqibga to‘pni topshirib qo‘ydi. Ammo Xvichaning zarbasi Tomorining o‘ziga qarata yo‘llandi. Ko‘p o‘tmay Kvaratsxeliya angliyalik himoyachini aldab o‘tib, sherigiga vaziyat yaratib berdi. Zelinski esa jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan Menyanni qahramonlik ko‘rsatishga majbur qildi, darvozabon to‘pni to‘sin ostidan chiqarib yubordi. «Milan» to‘psiz qoldirildi va himoyalanishga majbur qilindi, bunday vaziyatda «Napoli»ning goli vaqt masalasidek ko‘rinayotgandi.
«Milan»ning oldingi chiziqda to‘p uchun kurashish uchun urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi va orqada bo‘shliqlar yuzaga keltirdi. To‘pga egalik qilinayotganda tayanch yarimhimoyachisi Krunich uchinchi markaziy himoyachi pozitsiyasiga o‘tib, raqibning markaziy havbekini ham o‘zi bilan olib ketishga urindi, ammo Pioli jamoasiga o‘rta chiziqda bog‘lovchi futbolchi yetishmadi. «Rossoneri»larda birinchi vaziyat faqat 25-daqiqaga kelib yaratildi va bu faqatgina Leauning individual harakatlari evaziga bo‘ldi. Portugaliyalik futbolchi to‘pni o‘z jamoasi tomonida egallab, raqib himoyachilaridan qochib ketdi, ammo uning olis ustun tomon yo‘llagan zarbasi biroz xato ketdi. Bu vaqtga kelib «Milan» zarbalar bo‘yicha – 0:9 (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha – 0:3) hisobida ortda qolayotgandi.
«Rossoneri»lar sabr qilishdi va o‘z imkoniyatini kutishda davom etishdi. Tanaffus yaqinlashgani sari «Napoli»ning pressingi uzilib qola boshladi. Spalletti shogirdlari yuqori intensivlik tufayli holdan toyishgandi va «Milan»da hujum qilish uchun bo‘sh hududlar ochila boshladi. 40-daqiqada Dias ham Leau qilgani kabi to‘pni maydonning yarmidan olib o‘tdi, u Leau va Binnosir bilan uyushtirgan kombinatsiya jazoirlik havbek yaqin burchakni aniq nishonga olishi bilan yakunlandi. Mehmonlar jarima maydoni atrofida uchga uch nisbatiga chiqib borishdi. Mezbonlarning birinchi bo‘limda darvoza sohasiga aniq yo‘llagan yagona zarbasi golga aylandi. Neapolliklar o‘ziga kelishga urinayotganida hisob 2:0 ko‘rinishiga kelishi ham mumkin edi, ammo bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Kerning zarbasi to‘sindan qaytdi.
«Napoli» ikkinchi bo‘limni ham birinchisi kabi kuchli boshladi. A Seriya yetakchisi makimal tezlikni yoqdi, «Milan» esa sabr qilib, o‘z ustunligini saqlab qolish uchun o‘ynadi. Kvaratsxeliya to‘p so‘radi va epizodlarni hal qilishga urindi, ammo gurjistonlik vingerga jarima maydonida Osimhen yetishmadi. Elmas markaziy forvard emasligi ko‘rinib qoldi. Makedoniyalik futbolchi «rossoneri»lar darvozasi tomon ilk zarbasini faqat tanaffusdan keyin yo‘llay oldi, ammo bu epizodda Menyan to‘sin ostiga borayotgan to‘pni nazorat qilib turgandi. 60-daqiqada esa Xvicha Kerni aldab o‘tib, penalti ishlashga urindi – hakam Kovach esa «Napoli» driblyoriga ishonmadi.
Spalletti jamoasi o‘yinning 60 foizdan ortiq qismida to‘pga egalik qildi, bosim uyushtirdi, zarbalar bo‘yicha ham (15-12), darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar soni (5-2) va burchak zarbalari bo‘yicha ham (10-3) ustunlik qildi. Ammo tablodagi raqamlar o‘zgarmadi. Janubliklar murabbiyi zayavkadagi so‘nggi forvardi – Raspadorini maydonga tashladi. Elmasa ham maydonda qolib, qanotga ko‘chdi. Luchano bu o‘zgartirish bilan Raspadorining ushbu turnirdagi omadiga umid qilgan bo‘lishi ham mumkin: yozda xarid qilingan bu futbolchi A Seriyada birgina gol urgan, Chempionlar ligasida – to‘rtta! Lekin Spallettining barcha rejalarini Angissaning maydondan chetlatilishi barbod qildi, u to‘rt daqiqa ichida ikki sariq kartochka oldi.
«Napoli» o‘n kishi bo‘lib qolgach, Kvaratsxeliya ham almashtirildi. Spalletti uni keyingi o‘yin uchun asrashi va bu o‘yinda hisob yiriklashib ketmasligi uchun yangi kuchlar bilan harakat qilishi kerak edi. Xvicha «San-Siro»da to‘p bilan 54 bor muomila qildi, ikki zarba berdi, ikki bor zarba uchun pas uzatdi, raqiblarni olti marta aldab o‘tdi (sakkiz urinishda) va 20 bor yakkakurashdan 10 tasida ustun keldi. Ushbu vinger aslida yomon o‘yin o‘tkazmadi, ammo futbolchi gol yoki golli pas muallifi bo‘la olmadi va jamoasi natijaga erishmadi.
«San-Siro»da o‘n kishi bo‘lib qolgan «Napoli» himoyachilarining sa’y-harakatlari bilan o‘yin oxirida durangga erishishi ham mumkin edi. Ammo Menyan Di Lorensoning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini qaytardi, Oliveraning zarbasi esa biroz yuqoridan ketdi. Golga yaqin kelindi, ammo ayni vaqtda yarimfinalda Milan derbisi bo‘lishi ehtimoli ham yaqin.
Mavzuga oid
10:38 / 09.12.2024
Yevropada kambeklar kuni. «Chelsi» himoyachisi raqibga gollar sovg‘a qildi va butsasini tashlab yubordi
19:09 / 20.11.2024
Dunyodagi eng qimmat ko‘chalar reytingida yetakchi o‘zgardi
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024