Ukraina qarshi hujumni nega boshlamayapti va Rossiya unga qanday tayyorlanmoqda?
Ukraina frontda qarshi hujum boshlashi haqidagi mish-mishlar matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda bir necha haftadan buyon aylanib turgan edi. So‘nggi kunlarda bu borada axborot borgan sari ko‘paymoqda.
Sharhlovchilarning aksariyati Ukraina qurolli kuchlarining bu rejalarini havo isigani, yangi zirhli texnikalar yetkazilgani va zarba beruvchi guruhlar tayyor bo‘lib qolganiga bog‘lashmoqda. BBC Ukraina kuchlari holati haqidagi mavjud ma’lumotlar hamda ular urushning borishini o‘zgartirishga qanchalik tayyorligini tahlil qildi.
Ko‘plab Ukraina va Rossiya nashrlari Ukraina QKning tayyorgarlik ko‘rilayotgan operatsiyasini «qarshi hujum» deb ham, «hujum» deb ham yozmoqda. Gap shundaki, qarshi hujum deyilganda odatda dushman tomon hujum qilgan chog‘da yoki undan ko‘p o‘tmasdan qilingan hujumkor operatsiya tushuniladi, biroq Rossiya armiyasining so‘nggi haftalardagi jangovar harakatlari ko‘proq pozitsion xarakterga ega. Shu sababli Ukraina QK hujumga javob emas, hozircha vaqti va o‘rni noaniq yangi operatsiya boshlaydi.
Ukraina qurolli kuchlari tayyorlanayotgan hujumkor operatsiya haqida nafaqat harbiy ekspertlar va blogerlar, rasmiy shaxslar ham ochiqchasiga gapirishmoqda. So‘nggi marta Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yaponiyaning Yomiuri Shimbun gazetasiga intervyusi chog‘ida buni tilga olgan.
Intervyuda Ukraina yetakchisi bahorga mo‘ljallangan hujumga o‘tish harbiy texnika va o‘q-dori yetishmasligi tufayli keyinroqqa qoldirilishini ta’kidlagan, lekin qaysi muddatga ekanini ochiqlamagan.
Hujumga o‘tishni boshlash uchun Ukrainaga harbiy texnika yetishmayotgani to‘g‘risidagi tezis yagona emas.
Buning barobarida, Ukraina qurolli kuchlari bahorgi loygarchilik tugagach, zirhli texnikalar past-baland joylardan bemalol yura oladigan bo‘lganda, shuningdek, Ukraina yetarli miqdorda qo‘shin to‘plab olganidan so‘ng hujumga o‘tish boshlanadi, degan taxminlar ham yangramoqda.
Bu omillar Ukraina bosh shtabining operatsiyaning boshlanish vaqti va joyi to‘g‘risidagi qaroriga ta’sir qiladi, lekin bundan tashqari yana ko‘plab omillar bor: o‘z qo‘shinlari tayyorgarligi va joylashganligi, Rossiya qo‘shinlarining holatini baholash, askarlarni frontda yoki front ortiga joylashtirish, zaxiralarni olib kelish imkoniyatlari. Bu hali hammasi emas.
Bundan tashqari, har qanday operatsiyaning asosini tashkil etuvchi, barcha omillarni hisobga olgan holda operativ rejaga asosan ma’lum bir harakatlarni nazarda tutuvchi strategik mo‘ljal ham bor.
Shu sababli Ukraina modomiki o‘z qarshi hujumini tayyorlayotgan ekan, u nafaqat «General Balchiq»qa, shuningdek, operatsiyani boshlash haqida yakuniy qarorga keluvchi Ukraina QK bosh qo‘mondoni general Zalujniyga ham bog‘liq.
Hozircha aniq aytish mumkin bo‘lgan yagona narsa — Kiyevda katta hujumga o‘tish operatsiyasini boshlash istagi mavjud, birgina emas, bir necha operatsiya bo‘lishi ham katta ehtimol.
Nega Ukraina QK hujumga o‘tishi muqarrar?
Agar Rossiyaning urush olib borishdan maqsadi lo‘nda va tushunarli g‘oya sifatida shakllantirilmagan bo‘lsa, Kiyev o‘z maqsadlarini o‘ta aniq belgilab olgan — 2014 yildan buyon okkupatsiya ostidagi hududlarni ozod qilish. Agar bu maqsaddan kelib chiqilsa, ertami-kech katta hujumni boshlaydigan Ukraina bosh shtabining rejalarini prognoz qilish mumkin.
Bir yil muqaddam Kiyevni egallashga muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng Rossiya armiyasi strategiyasini o‘zgartirdi: shiddatli urush o‘rniga ular holdan toydiruvchi jang olib bora boshladi. Bundan ko‘zlangan maqsad — Ukraina qurolli kuchlarini zaiflashtirish.
Bu mo‘ljal katta ehtimol bilan o‘sha vaqtda Rossiya qurol-yarog‘, harbiy texnika va o‘q-dori zaxiralari bo‘yicha katta ustunlikka egaligidan kelib chiqib olingan. Biroq, bu ustunlik hamon saqlanib turibdi.
Rossiya 2022 yil yozidagi hujumkor yurish natijasida Luhansk va Xarkiv oblastlarida katta hududlarni egallab olgan bo‘lsa ham, sentabrda Ukraina QK qarshi hujumga o‘tib, Izyum, Liman kabi shaharlarni ozod qildi va alaloqibat Rossiya qo‘shinlarini Dnipro daryosining o‘ng sohilidan chekinishga majbur qildi.
Shu ondan boshlab urushda manyovrli harbiy harakatlarga chek qo‘yildi, Rossiya kuchlari sekin-astalik bilan ukrainlarni Baxmut hududidan siqib chiqara boshladi, shuningdek Avdiyivka, Vuhledar, Kreminna-Svatove kabi boshqa yo‘nalishlarda o‘qqa tutishdi.
Manyovrlar va chuqur operatsiyalardan xoli bo‘lgan bunday pozitsion urush moddiy-texnik, inson kuchi kabi katta resurslar talab qilar edi, bu iqtisodiyot uchun og‘irlik qiladi, chunki katta xarajatlar talab qilib aytarli natijalar taqdim etmaydi.
Og‘irroq iqtisodiy vaziyatdagi va kamroq inson rusurslari va harbiy texnikaga ega bo‘lgan Ukraina bunday urushda Rossiyadan ko‘ra ko‘proq jabr chekadi, deb hisoblanayotgan edi.
To‘g‘ri, bu nuqtayi nazarning o‘z muxoliflari ham bor. Ular Kiyevga yordam qo‘lini cho‘zayotgan g‘arb va Moskvani holdan toydirayotgan sanksiyalarga ishora qilishadi. Sof harbiy nuqtayi nazardan olib qaralsa son jihatidan Rossiya qurolli kuchlari katta, shu sababli holdan toydiruvchi urushda ular bardoshliroq bo‘lib chiqadi.
Nima bo‘lganda ham, pozitsion urushda manyovrli urushdan ko‘ra kam chiqim qilinmaydi, biroq unisi bunisidek muvaffaqiyatli emas. Pozitsion urushda harbiy boshliqlarda o‘z siyosiy rahbariyati va aholisiga uchralgan yo‘qotishlar uchun mukofot tariqasida taqdim etish uchun «tishga bosadigan» hech vaqo bo‘lmaydi.
Shu sababli Ukrainaning chuqur hujumkor operatsiyalar bilan yo‘g‘rilgan manyovrli urush olib borishga intilayotgani mantiqli. Bunday urushdan maqsad nafaqat okkupatsiya ostidagi yerlarni ozod qilish, shuningdek harbiy harakatlar xarakterini ham o‘zgartirishdan iborat.
Ko‘pchilikning fikricha, Ukrainaga dadil g‘alaba siyosiy mulohazalar tufayli ham kerak — Kiyev endilikda o‘zi tamomila bog‘lanib qolgan G‘arbdan harbiy yordam olishda davom etishi uchun jang maydonida g‘alaba qozona olishini namoyish etishi lozim.
Bu haqda fevral oyi o‘rtalarida Washington Post nashri ham yozgan edi. O‘sha maqolaga ko‘ra, AQSh ma’muriyati mulozimlari Ukraina hokimiyatiga urushda hal qiluvchi palla pishib yetilgani va toki G‘arbdan katta hajmda harbiy yordam olib turilgan ekan, Ukraina qurolli kuchlari jang maydonida imkon qadar ko‘proq ahamiyatli g‘alabalarga erishishi lozimligi borasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aytishgan.
Nashrning yozishicha, kelgusida vaziyat bu qadar qulay bo‘lmasligi mumkin, chunki AQShda respublikachilarning ayrimlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni qisqartirish niyatida, uzoq istiqbolda Yevropaning yordamlarni hozirgi darajada saqlab turish qat’iyati ham aniq emas.
Katta hujumga o‘tishni Rossiyadagilar ham xohlashlari kerak — aks holda uzoq hafta va oylardan buyon shuncha kuch va resurslarni Baxmutdek kichik shaharcha uchun sarflashning ma’nosi nimada bo‘ladi?
Biroq, asosiy manyovr bo‘lgan hujumga o‘tish ruslardan yaxshiroq muvofiqlashtirish, razvedkaning hozirgisidan yuqoriroq darajasini talab qiladi. Nima bo‘lganda ham Rossiya muhim omil bo‘yicha hamon ustun — o‘zi foydalanishi mumkin bo‘lgan tirik kuchlar va texnika borasida.
Frontdagi sokinlik
Xerson hududida ruslar Dnipro daryosining so‘l sohilidan chekingach, frontdagi vaziyat pozitsion qarama-qarshilikka aylanib ketdi.
Garchi Rossiya kuchlari — asosan «Vanger» XHK Baxmut shaharchasini yarim qurshovga olib, qisman egallashgan bo‘lsa-da, hattoki ruslar o‘zining eng katta muvaffaqiyatini namoyish etgan hududda ham aytarli siljish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Bu siljish taktik daraja doirasidan chiqa olmadi.
Ruslar mart oyida Vuhledar va Avdiyivkada yorib kirishga urinishi arzimas olg‘a siljishlarga olib keldi, biroq Ukraina QKning shiddatli qarshiligi tufayli depsinib qoldi. Bu holatda Rossiya qo‘shinlarining Vuhledar ostonasidagi yo‘qotishlari shu qadar yirikki, rossiyaparast telegram-kanallarda tinimsiz tanqidlar yog‘dirildi.
Svatove-Kreminna chizig‘ida janglar ketayotgan Luhansk oblasti shimolidagi vaziyat so‘nggi vaqtlar ichida o‘zgarmayapti. U yerlarda jangovar harakatlar intensivligi yanada past.
To‘g‘ri, telegram-kanallar bu hududda Rossiya ulkan kuch to‘plagani, hujumga o‘tishga harakat qilib ko‘rishi ehtimoli yuqori ekanini yozishmoqda. Biroq, hozircha bundan faqat qo‘shin to‘plashgina guvohlik berib turibdi.
Ochiq manbalardagi xabarlarga ko‘ra, frontning Zaporijjya uchastkasidagi vaziyat ham intensiv jangovar harakatlar bilan ajralib turgani yo‘q.
Ukrainaga nima xalaqit bermoqda?
Hujum qilayotgan tomonning yo‘qotishlari himoyadagi tomonga nisbatan uchga bir nisbatda bo‘ladi, deb hisoblanadi.
Bu o‘ta shartli nisbat, reallikda u ko‘payish tomonga ham kamayish tomonga ham, o‘zgarishi mumkin, biroq hujumga tayyorlanishni baholashda uchga bir nisbati hujum qilayotgan kuchlarning himoyalanayotganlardan minimal ustunligi sifatida qabul qilinadi.
Sentyabr oyida Ukraina QK Izyum ostonasidan shiddatli hujumga o‘tganda ular bu uchastkani qo‘riqlayotgan kam sonli Rossiya kuchlari ustidan son jihatidan ancha ustunlikka ega bo‘lishgan edi.
Biroq, keyinchalik Rossiya safarbarlik o‘tkazdi va armiyaga 300 ming odam chaqirildi. Ekspertlarga ko‘ra, bu birinchi navbatda frontning butun chizig‘i bo‘ylab qo‘shinlar zichligini oshirish uchun qilingan.
Ayni paytda turli baholashlarga ko‘ra, jangovar harakatlar olib borilayotgan zonalarda rossiyalik 400 ming harbiy bor, lekin bu baholash noaniq bo‘lishi mumkin, chunki axborot maxfiylashtirilgan.
Jangovar harakatlar zonasidagi ukrain kuchlarning umumiy soni ham ochiq manbalarda yo‘q. Turli kuzatuvchilarning sharhlariga ko‘ra, bu son baribir ruslarnikidan kamroq, garchi Rossiya kuchlari frontning qay bir uchastkasida ko‘pchilikni tashkil etuvchi ustunlik yaratib, undan foydalana olish darajasida bo‘lmasa ham.
Zelenskiy tilga olgan ikkinchi muammo qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar yetishmasligi. «Biz hali hujumga o‘ta olmaymiz. Tanklar, artilleriya va HIMARS’larsiz biz jasur askarlarimizni frontga jo‘nata olmaymiz», — degan u Yomiuri Shimbun’ga intervyusida.
Ayni paytda Rossiya og‘ir va yengil zirhli texnika, stvolli va reaktiv artilleriya, eng asosiysi — aviatsiyada ustunlikka ega.
Garchi Ukraina havo hujumidan mudofaa qilishning samarali tizimini yaratgan bo‘lsa-da, hujumga o‘tish chog‘ida qo‘shinlar o‘rtacha uzoqlikdagi tizimlar qamrab ololmaydigan masofada ishlashadi va asosan yaqin radiusli mobil komplekslar va kam sonli Ukraina harbiy havo kuchlari qo‘lloviga ishonishga majbur, shu sababli Rossiya samolyotlari zarbasiga duchor bo‘lishlari mumkin.
Yana bir muammo shundan iboratki, Ukrainaning hujumga o‘tish imkoniyati bir necha oydan beri muhokama qilib kelinmoqda, Rossiya bir necha tahdidli yo‘nalishlarda mudofaaga faol tayyorlanmoqda.
Rossiya front orqasida tayanch punktlari, tanklarga qarshi chiziqlar va okoplar qurmoqda. Bu pozitsiyalar nafaqat Qrim doxil okkupatsiya ostidagi hududlarda, balki Rossiyaning chegaraoldi oblastlarida ham qilinmoqda — garchi Ukraina rasmiy ravishda Rossiya hududiga bostirib kirish niyati yo‘qligini bot-bot ta’kidlayotgan bo‘lsa-da.
Boz ustiga, ochiq manbalarga ko‘ra, Rossiyaning o‘zi Kreminna-Svatove chizig‘ida kuch to‘plamoqda va tashabbusni qo‘lga olib, o‘zining hujumkor yurishini boshlab qolishi mumkin.
Biroq, Rossiya qo‘shinlarining mart oyida Avdiyivka ostonasidagi, undan avvalroq yanvar-fevral oylarida Vuhledarda uyushtirgan hujumlari muvaffaqiyat keltirmagan.
Hujum qilishdan himoyalanish osonroq, garchi vaqt bir tomondan hamkorlaridan tinimsiz qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar olib turgan Ukraina foydasiga ishlayotgan bo‘lsa-da, boshqa tomondan u rossiyaliklarga mudofaaga yanada yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatini yaratadi.
Nihoyat, hujumga o‘tishni boshlash uchun ob-havo xalaqit qiladi. Donetsk oblastida yaqinda yog‘gan qor tufayli yer hamon loyligicha qolmoqda va harbiy texnika yurishini qiyinlashtirmoqda.
Bu holat manyovrni qattiq murakkablashtiradi, biroq u ukrainlarning hujumkor kuchlariga qarshi manyovr qilishi, zaxiralarni tortib kelishi lozim bo‘lgan Rossiya qo‘shinlari zarariga ham ishlamoqda.
Son jihatdan ustunlikni qanday ta’minlasa bo‘ladi?
Bu muammolarning barchasi Ukraina QK uchun vaziyatni murakkablashtiradi, biroq ularning har birining salbiy ta’sirini to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshi choralar yoki boshqa omillar hisobiga tekislash mumkin.
Chindan ham, Rossiya armiyasi son jihatidan ustunlikka ega, bu muhim. Biroq Ukraina QK tomonidan zarba beriladigan yo‘nalishdagi kuch jamlanmasi birga uch nisbatdan ortib ketishi mumkin.
Son jihatdan ustunlikni ma’lum bir yo‘nalishda qo‘shin yig‘ib ta’minlash mumkin. Hujumga o‘tish oldidan odatda shunday ham qilinadi, lekin bu yerda yana bir omil bo‘y ko‘rsatadi — Ukraina armiyasi Rossiyaga nisbatan razvedka o‘tkazishning takomillashgan imkoniyatlariga ega deb sanalsa-da, katta jamlanmadagi zarbaviy guruhni berkitish amalda imkonsiz.
Zarbaviy guruh o‘nlab zirhli texnika, injyenerlik, ta’mir-evakuatsiya, yoqilg‘i tashuvchi, o‘q-dori yetkazuvchi, sanitar mashinalari va u-bu narsalar tashuvchi shunchaki yuk mashinalaridan iborat bo‘ladi. Ular uchun o‘q-dori va yoqilg‘i omborlari va hospitallar kerak.
Zarbaviy kuchlarni berkitishning ko‘plab usullari bor — maskirovka, bo‘lib yuborish, so‘nggi pallada, hujumga o‘tishdan avval aytilgan pozitsiyalarni egallash, dezinformatsiyaning turli usullari, boshqa joyda chalg‘ituvchi zarbalar berish va hokazolar.
Har ikki tomondan dronlar harakat qilib turgan zamonaviy sharoitlarda elektron razvedkaning ham turli usullaridan foydalanilmoqda, dushmanning orqa tomonda o‘z agenturasi bor, yirik guruhni yoyib chiqishni yashirib bo‘lmaydi.
Agar shunday bo‘lib chiqqan taqdirda ham, kutilmaganlik effekti baribir rol o‘ynaydi.
Gap shundaki, frontni yorib o‘tuvchi keng miqyosdagi hujumga o‘tish operatsiyasi boshlanganda himoyalanayotgan tomon manyovrli mudofaa operatsiyasi o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Tahdidni bartaraf etish uchun u zaxiralarni to‘plab, yorib o‘tish joyiga tortib keltirib, jangga tashlashi kerak.
Bu murakkabroq vazifa, chunki har qanday harbiy guruh o‘zining ort qismiga ega, u ham o‘q-dori, yoqilg‘i va boshqa zarur narsalarga ehtiyoj sezadi.
Bu zaxiralar omborlarda bor, lekin logistika ko‘p oylik mudofaa davomida qo‘shinlarni ma’lum bir pozitsiyalarda ta’minlashga mo‘ljallangan, dushman yorib o‘tganidan so‘ng esa qo‘shinlar kutilmagan yo‘nalishlardan beriladigan zarbalarga tezda javob qaytarishi lozim bo‘ladi.
Ideal holatda himoyalanayotgan tomon frontning istalgan nuqtasiga tezda zaxirani tortib keltirishga tayyor bo‘lmog‘i kerak. Lekin Rossiya uchun bu murakkab vazifa, front juda katta yoy bo‘ylab cho‘zilib ketdi. Ukraina QK Rossiya yarim egallab olgan hudud markazida kuch to‘plashi mumkin, bunday vaziyatda logistikani ham osongina yo‘lga qo‘yish mumkin.
Shartli aytganda, Luhansk shimolidagi Svatove va Xerson ostonasidagi Nova Kaxovka o‘rtasidagi masofa Ukraina QK uchun bir necha barobar kichikroq.
Shuning uchun hujumga o‘tish operatsiyasi 2022 yilning ssenariysi bo‘yicha tashkillashtirilishi mumkin edi, avgust oyida Xersondagi krizis Izyum ostonasidan hujum boshlashga sabab bo‘lgandi. Bunday holatda himoyalanayotgan tomon — Rossiya armiyasiga bir biridan olisda joylashgan biryo‘la ikkita krizisga javob qaytarishga to‘g‘ri kelgan edi.
Bu yerdagi murakkablik uzoq masofaga zaxirani yetkazish qiyinchiligida ham emasdi. Bunday vaziyatda himoyalanayotgan tomon bosh shtabi turli yo‘nalishlarda ikki barobar murakkab vazifani yechishga majbur bo‘ladi.
Nihoyat, kutilmagan joydan berilgan zarba himoyalanayotgan qo‘shinning ort qismida chinakam alg‘ov-dalg‘ov keltirib chiqaradi.
Ko‘pchilik, hattoki rossiyaparast ekspertlarning ham qayd etishlaricha Rossiya armiyasi qo‘mondonlik, aloqa, vaziyatdan xabardorlik bilan bog‘liq muammolarni boshdan kechirmoqda. Front yorib o‘tilishi va chalkashlik sharoitida bu muammolar yanada chuqurlashishi, odam va texnika soni bilan bog‘liq ustunlikni yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Ukrainaning kuchi yetadimi?
Reuters agentligi 5 aprel kuni e’lon qilgan materialga ko‘ra, Ukraina hujumga o‘tish uchun 40 ming askarni tayyorlashga muvaffaq bo‘lgan. Bu axborotni agentlik yangi brigadalardan birining anonim harbiy xizmatchisiga tayanib bergan va shu sababni buni juda yaqinlashtirilgan baho deyish mumkin.
Bu raqamni o‘tgan hafta sizib chiqqani keng ommaga oshkor bo‘lgan Pentagon maxfiy hujjatlari ham bilvosita tasdiqlaydi.
Bu hujjatlarda Ukraina QKning to‘qqizta tayyor brigadasi haqida axborot bor, shuningdek yana uchtasi aprel oyi oxirigacha tayyor bo‘lishi aytilgan.
Ya’ni yangi qismlarning nufusi bu ma’lumotlarga ko‘ra 50 ming nafar yaxshi tayyorgarlikdan o‘tgan harbiylarga yaqinlashishi mumkin, bu esa Reuters axborotiga yaqin.
Bu raqamlar rasman tasdiqlanmagan. Boz ustiga, Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak AQSh va NATOning Ukrainaning hujumga o‘tishi bo‘yicha rejalari sizdirilishini «fotoshop» va «yolg‘ondakam sizdirma» deb atadi.
«Qarshi hujumga o‘tishning real rejalariga to‘xtaladigan bo‘lsak — shubhasiz, Rossiya qo‘shinlari u bilan eng birinchi tanishadi. Men bu narsa juda tez orada ro‘y beradi deb taxmin qilyapman», — deya qo‘shimcha qilgan Podolyak.
Bu vaqtda Ukrainada chindan ham zarbaviy guruhlarni tayyorlash borasida bir necha oydan buyon ishlar olib borilmoqda. Mashg‘ulotlar ham mamlakat ichidagi, ham xorijdagi poligonlarda davom etmoqda. Mashg‘ulotlar nafaqat piyoda qo‘shinlar uchun, shuningdek harbiy mashinalar ekipajlari, injyenerlik qismlari, artilleriya, aloqachilar, tibbiyotchilar va hujum muvaffaqiyati ularga bog‘liq bo‘lgan boshqa kasb egalari uchun ham bo‘lmoqda.
Bu qo‘shinlar kichikroq bo‘linma darajasida jangovar uyg‘unlik hosil qilishmoqda, texnika va yordamchi vositalar bilan birga birgalikdagi jangovar harakatlarni mashq qilmoqda. To‘g‘ri, bu qo‘shinlar hujumga o‘tish uchun nechog‘lik tayyor ekanini tushunish ularning aniq sonini topishdan ham qiyinroq.
Texnikaga keladigan bo‘lsak, bu masalada ham Ukraina QK zarbaviy guruhlari qanchalik but ekanini aniqlash qiyin masala. Avvalroq Ukraina rahbariyati va mudofaa vazirligi g‘arb zirhli texnikasi yetishmayotganidan yozg‘irgandi, ochiq manbalardagi xabarlarga ko‘ra, asosiy jangovar tanklar Ukrainaga faqat bir necha o‘n dona yetkazilgan — bu esa hujumga o‘tish uchun yetmasligi aniq.
Ukraina zarbaviy guruhi barcha zarur texnikalar bilan nechog‘lik ta’minlanganini aytish qiyin, AQShning so‘nggi harbiy yordami ichida harbiy mashinalar umuman yo‘q, biroq zirhlangan ta’mirlash-evakuatsiya mashinalari, yoqilg‘i tashuvchilar, tank tirkamalariga ega yuk mashinalari va ko‘prik yotqizuvchilar bor edi.
Bu qo‘shimcha texnikalar Ukraina armiyasining hujumga o‘tish niyati haqida AQSh mabodo barcha tanklarini berib yuborganidan ham ko‘proq hikoya qilmoqda.
Ukraina qayerga zarba berishi mumkin?
Ukraina QKning ehtimolli zarba yo‘nalishi sifatida ko‘proq Zaporijjya oblasti tilga olinmoqda.
Bu u yerdan turib Azov dengizi tomon — masalan, Mariupol yoki Berdayansk tomon hujum qilish geografik jihatdan oson ekani bilan tushuntiriladi.
Birinchidan, hujum qilish uchun yer qulay — tekis dasht, shaharlar va daryolar kam. Ikkinchidan, bu Rossiya qurolli kuchlarining Dnipro daryosining so‘l sohilidagi guruhini Kubanda joylashganlardan uzib qo‘yish imkonini beradi. Bundan tashqari, Azov dengizi qirg‘og‘idan turib Qrim ko‘prigini bemalol o‘qqa tutish va Qrim hamda Xerson oblastidagi qo‘shinlar ta’minotini uzil-kesil qiyinlashtirish mumkin.
Biroq bu yerda murakkablik shundaki, bu yo‘nalishda hujumga o‘tish xavfliligi Rossiya qo‘mondonligi uchun ham avvaldan ma’lum edi va ular voqealar bunday tus olishiga puxta tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lishlari mumkin.
Bu yo‘nalishda bir necha yirik aholi punktlari bor, masalan Melitopol va Tokmak, ular allaqachon mudofaaga tayyorlab qo‘yilgan bo‘lishi kerak.
Ikkinchi ehtimoliy zarba yo‘nalishi — Xerson tomondan Qrim bo‘yniga qarab. Agar buni amalga oshirish imkonli bo‘lsa, tep-tekis dasht orqali bo‘yinga chiqib kelish u qadar murakkab ish emas.
Bu yerda yana bir katta muammo bor — qo‘shinlarni Dnipro daryosidan kechib o‘tkazish. Agar Ukraina QK zarbaviy kuchlarni daryodan o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan esa-da, ularga baribir ta’minot kerak: kechuv joylari juda tor va artilleriya, raketa va aviatsiya zarbalari uchun juda o‘ng‘ay, shu sababli ular shubhasiz birinchi raqamli nishonga aylanishadi.
Rossiyada «Iskander» raketalari hamda turli aviatsion va dengiz qanotli raketalari borligini inobatga olib, bunday kechuv joylarini saqlab qolish juda murakkab, agar umuman imkonli bo‘lsa hali.
Hujumga o‘tish boshlanishi mumkin bo‘lgan yana bir hudud — Baxmut. Bu shahar Ukraina qarama-qarshiligi ramziga aylanib bo‘ldi, agar Ukraina QK undan rus qo‘shinlarini uloqtirib tashlay olsa, bu nafaqat frontdagi vaziyatni yaxshilaydi, balki muhim siyosiy g‘alabaga ham aylanadi.
Bu hududda Rossiyaning eng jangovar qismlari joylashgan, aynan shu yerda Rossiya shaharga yurish qilib, uni qurshab olib, mitti muvaffaqiyatlarga erishdi. Biroq hujumga o‘tayotgan Rossiya qo‘shinlari tartibi qanotdan beriladigan zarbalarga chiday olmaydi, bu haqda ko‘plab kuzatuvchilar yozishmoqda.
Baxmut yo‘nalishi yana shunisi bilan muhimki, bu hudud Ukraina guruhlarining yirik logistika markazlariga yaqinroq joylashgan.
Yana Rossiya armiyasi nazorati ostidagi Svatove shahri hududi ham bor. Ukraina QKning kuzgi shiddatli hujumi bu shaharga 15 km qolganda to‘xtagan edi. Ochiq manbalarga ko‘ra, Rossiya ayni chog‘da bu hududda juda katta guruhni to‘plagan, ularning niyati hozircha aniq emas.
Bir tomondan, bu kuchlarni Ukraina QK ustiga yopirilish uchun ishlatish mumkin, ikkinchi tomondan, agar Ukraina QK bu guruhni qurshab olish uchun aylanib o‘ta olsa, o‘zlari ham nishonga aylanishadi.
Bunday operatsiya strategik nuqtayi nazardan unchalik jozibador emas, biroq u avvalo Svatove ostonasidagi Rossiya qo‘shinlaridan kelib turgan tahdidni kamaytirsa, ikkinchidan, muvaffaqiyat qozonilgan taqdirda Luhansk oblasti shimolidagi katta hududni ozod qilish imkonini beradi.
Ukraina qurolli kuchlarining ushbu ehtimolli yo‘nalishlari matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda, biroq Ukrainadagi front chizig‘i juda uzun, shu sababli Ukraina aynan qayerda hujumga o‘tishini aniq topish qiyin. Sanab o‘tilgan hududlarning birortasi front chizig‘ining yorib o‘tilish joyi bo‘lmasligi ham mumkin.
Mavzuga oid
08:05
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
21:53 / 25.12.2024
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15 / 25.12.2024
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
16:21 / 25.12.2024