Jahon | 15:04 / 20.04.2023
14907
2 daqiqa o‘qiladi

Yamanda pul tarqatish vaqtidagi tiqilinch oqibatida o‘nlab odam halok bo‘ldi

Yaman poytaxti Sano shahridagi maktablardan birida Ramazon oyi tugashiga bir necha kun qolganida sadaqalar tarqatilgan joyda ommaviy tiqilinch yuzaga keldi. Husiylarga ko‘ra, qurbonlar soni 90 ga yaqin kishini tashkil qilgan.

Foto: AFP

Yaman poytaxti Sano shahrida xayriya tadbiri chog‘ida yuz bergan ommaviy tiqilinchda o‘nlab odamlar halok bo‘ldi. Qurbonlar soni kamida 85 kishini tashkil etdi, yana kamida 322 kishi jarohat oldi, dedi 20 aprel, payshanba kuni ertalab husiy isyonchilar vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar ham bor. Sky News Arabia xabariga ko‘ra, 90 dan ortiq odam halok bo‘ldi.

Ramazon oyi tugashiga bir necha kun qolganida aholiga yordam ko‘rsatish aksiyasi o‘tkazilgan maktablardan birida tiqilinch yuzaga kelgan. Bir necha savdogarlar olomondagi odamlarga pul tarqata boshlaganidan so‘ng - kishi boshiga 9 dollardan, shov-shuv ko‘tarildi, deb yozadi AFP. Yaradorlar va halok bo‘lganlar yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan. Husiylar vakillari fojiaga aloqador uch kishi hibsga olingani haqida xabar berishdi. 

Yamanda oxirgi 9 yildan beri fuqarolar urushi davom etmoqda. Qarama-qarshilik 2014 yilda, husiychilar poytaxt Sanoni egallab olgandan so‘ng boshlangan. Ular prezident Abd Rabbo Mansur Hodiyni hokimiyatdan chetlatib, uni mamlakatni tark etishga majbur qilishdi. 2015 yil mart oyida Saudiya Arabistoni va BAA boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Hodiy hukumatini hokimiyatga qaytarish kampaniyasini boshlagan edi. Yaman aholisi o‘ta qashshoqlikdan aziyat chekmoqda, aholining uchdan ikki qismi insonparvarlik yordamiga qaram bo‘lib qolgan.

Mavzuga oid