O‘zbekiston | 08:21 / 26.04.2023
8072
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik olimlar piyozning yangi navini ixtiro qildi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Andijon ilmiy-tajriba stansiyasi olimlari tomonidan piyozning “Malla” navi yaratildi. 

Foto: Agro.uz

“Yangi O‘zbekiston” nashri xabariga ko‘ra, hozirda ushbu nav uchun patent olishga hujjatlar topshirilgan. Ushbu nav intensiv usulda yetishtirilayotgani bilan ajralib turadi.

Yangi piyoz navining urug‘i yerga martning dastlabki o‘n kunligida sepiladi. Xususan, 15 sotix yerga 10-12 kilogramm piyoz urug‘i sepiladi, shu maydondan terib olingan piyozboshchalar esa bir gektar maydonga yetadi. Piyozboshchalar gilos kattaligida bo‘lgandan so‘ng yig‘ib olinadi. Piyozboshchalar quritilib, alohida joyga olib qo‘yiladi va sentabr oyining birinchi dekadasida 70×10 sxemada 4 qatordan gektariga 571,4 ming dona ekiladi.

Piyozboshchalar ekilganidan so‘ng unga bir marotaba suv qo‘yiladi. Shundan so‘ng piyozboshchalar ko‘kara boshlaydi. Qishning sovuq kunlarida yetishtirilgani uchun piyozlarni o‘tash shart emas, sababi, ushbu mavsumda o‘tlar nobud bo‘ladi.

Ekilgan piyozlarga erta bahorda bir marotaba ishlov beriladi. Shuningdek, bir marotabadan kultivatsiya va chopiq, yengil oziqlantirish ishlari amalga oshiriladi. Yana ikki marotaba sug‘oriladi. Bahorda, ya’ni 15 aprelda piyoz texnik pishib yetiladi va aholi iste’moli uchun mahalliy bozorlarga chiqariladi. Yangi piyoz navi odatiy piyozlarga qaraganda bir oy oldin pishib yetiladi.

Mavzuga oid