O‘zbekiston | 10:00 / 28.04.2023
9982
3 daqiqa o‘qiladi

May oyida Markaziy Osiyo va Xitoy rahbarlari sammiti o‘tkaziladi

Kelasi oy Xitoyning Sian shahrida davlat rahbarlarining Markaziy Osiyo – Xitoy sammiti tashkil etiladi. Bu haqda tashqi ishlar vazirlarining Sianda o‘tgan uchrashuvidan keyin e’lon qilindi.

Foto: O‘zbekiston TIV matbuot xizmati

27 aprel kuni Xitoyning Sian shahrida «Markaziy Osiyo – Xitoy» shaklidagi tashqi ishlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlari hamda Turkmaniston vazir o‘rinbosari darajasida vakili ishtirok etdi.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Vazirlar uchrashuvida 2023 yil may oyida Sian shahrida davlat rahbarlarining «Markaziy Osiyo – Xitoy» sammitini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun delegatsiyalar rahbarlari ishtirokida press-brifing o‘tkazildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘z nutqida ushbu format mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish uchun muhim platforma ekanligini ta’kidladi. Ushbu mintaqaviy muloqotning ustuvor yo‘nalishlariga savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar yo‘nalishlar kiradi. Ishbilarmon doiralar vakillarining faol ishtirokida Markaziy Osiyo davlatlari va XXR o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish mavjud salohiyatdan samarali foydalanish imkonini berishiga ishonch bildirildi.

Foto: O‘zbekiston TIV matbuot xizmati
Foto: O‘zbekiston TIV matbuot xizmati

Brifingda ishtirokchi mamlakatlarning tashqi ishlar vazirlari ishtirok etib, vazirlar uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘z bayonotlari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan o‘z pozitsiyalarini bildirdilar.

Xitoy Davlat kengashi a’zosi va tashqi ishlar vaziri Sin Gan o‘z nutqi davomida Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarining hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U tomonlar bir-birlarining milliy manfaatlarini hurmat qilishlarini va tashqi kuchlarning ichki ishlarga aralashishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi.

Mavzuga oid