O‘zbekiston | 19:29 / 01.05.2023
8170
3 daqiqa o‘qiladi

Sud tizimida «yagona darcha» prinsipi joriy etilmoqda 

Sudlar kelib tushgan ariza ularga taalluqli bo‘lmasa, arizani qaytarib yubormasdan, uni ko‘rib chiqishga vakolatli boshqa sudga o‘tkazadi. Shu bilan birga, endi fuqarolik va ma’muriy sudlarga taalluqli bir nechta talabni birlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Foto: Getty Images

Prezident tomonidan «Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi. 

Hujjat bilan jinoyat ishlarini ko‘rishda kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan hususiy ajrim chiqarish asoslari belgilanmoqda (tegishli mansabdor shaxslarning e’tiborini surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga qaratish zarur bo‘lgan taqdirda). Bu haqda Norma xabar berdi. 

Shuningdek, kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ko‘rilayotgan fuqarolik ishini tugatish uchun asoslar ro‘yxati belgilanmoqda.

Shu bilan birga, sudlar tizimida «yagona darcha» tamoyili joriy etilmoqda. Masalan, fuqarolik sudiga kiritilgan da’vo arizasi bo‘yicha taalluqlilik qoidalari buzilgan taqdirda, mazkur da’vo arizasi sud tomonidan iqtisodiy yoki ma’muriy sudga yuboriladi. Bunda, boshqa suddan da’voni qabul qilib olgan sudning sudyasi, da’vo bo‘yicha kamchiliklar aniqlangan taqdirda 10 kun ichida da’vogarni kamchiliklarni bartaraf etish haqida xabardor qiladi. 

Shuningdek, bundan buyon o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, ba’zilari fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga, ba’zilari esa ma’muriy sudga taalluqli bo‘lgan bir nechta talabni birlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Endilikda davlat ijrochisining qarori, harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat ma’muriy sudga yoxud bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga beriladi (ilgari iqtisodiy sud bilan bog‘liq bo‘lgan ijro ishlari bo‘yicha shikoyatlar iqtisodiy sudda ko‘rib chiqilardi.). 

Bundan tashqari, iqtisodiy sudlar tomonidan chiqariladigan ijro hujjatlari ijroga uch yil ichida qaratilishi mumkin (ilgari 6 oy ichida). 

Mavzuga oid