Jahon | 22:14 / 05.05.2023
14742
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml Putinning 9 maydagi an’anaviy qabulini bekor qildi 

Odatda shu kuni Rossiya prezidenti Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan uchrashib, nutq so‘zlab, mukofotlar topshirardi. 

Foto: TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov RIA Novosti agentligiga Kremlda bu yil an’anaviy qabul bo‘lib o‘tmasligini aytdi. U tadbirning bekor qilinishi sabablarini aytmadi. 

Odatda shu kuni Rossiya prezidenti Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan uchrashib, nutq so‘zlab, mukofotlar topshirardi. Uchrashuv birinchi marta bekor qilinayotgani yo‘q - o‘tgan yili u noma’lum sabablarga ko‘ra, undan oldin esa - koronavirus pandemiyasi tufayli o‘tkazilmagan. 

Eslatib o‘tamiz, bu yil Kursk va Belgoroddagi harbiy paradlar o‘tkazilmaydi, ular «xavfsizlik sababli» bekor qilingan edi. Shuningdek, anneksiya qilingan Qrimda ham harbiy paradlar va «O‘lmas polk» aksiyalari bekor qilindi. 

Keyinchalik Bryansk, Kaluga, Ryazan, Oryol, Saratov, Kaliningrad viloyati, Lipetsk, Yelets, Tyumen, Nijnevartovsk, Surgut va Xanti-Mansiyskda parad bekor qilingani ma’lum bo‘ldi. 

Avvalroq, Kreml 9 may kuni poytaxtda harbiy parad o‘tkazilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, Rossiya ommaviy axborot vositalari Sankt-Peterburgdagi parad samolyotlar parvozisiz o‘tkazilishini yozdi. 

Mavzuga oid