O‘zbekiston | 12:38 / 07.05.2023
16936
2 daqiqa o‘qiladi

Ekstremal ko‘prigi va attraksionlari bor qishloq – Guliston

Ko‘klam kunlarida ko‘pchilik tabiat qo‘yniga chiqishga, yozda esa salqin go‘shalarga oshiqadi. “Manzil” loyihasi shunday joylardan yana biri – Namanganning Pop tumanidagi Guliston mahallasida bo‘ldi. Tog‘lar bag‘rida, to‘lib oqadigan soy bo‘yida joylashgan qishloq nafaqat tabiati, balki ekstremal attraksionlari bilan ham keluvchilarning ko‘nglini oladi.

Guliston mahallasi tog‘ oralab 22 km ga cho‘zilgan. Aholining uyi asosan soy yoqasida joylashgani uchun yozning issiq kunlarida dam olgani keluvchilar soni ko‘p bo‘ladi. Bu yerda tog‘ning ajib manzaralarini ko‘rish uchun mototsikllar va maxsus mashinalarda harakatlanishadi.

Qishloqning yuqori qismida adrenalin his qilishni xohlovchilar uchun attraksionlar bor. Bular orasida men uchun eng qo‘rqinchli va xavfli tuyulgani – uzunligi 160 metr va yerdan 60 metr balandlikdagi osma arqon ko‘prigi bo‘ldi.

Guliston mahallasida kelib dam oladiganlar uchun eng arzoni 30 ming so‘mdan joy topishi mumkin. Dam olish joylari xilma-xilligidan, didingizga va yaqinlaringiz xohishiga moslab tanlasangiz bo‘ladi. Biz esa sizga sayohat qiling, salomat bo‘ling, degan shiorimizni eslatamiz xolos.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus

Mavzuga oid