Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon hibsga olindi
U bosh vazirligida olgan qimmatbaho sovg‘a-salomlarni sotib yuborishda ayblanayotgandi. Hibsga olishga u oldingi sud majlislariga kelmagani asos bo‘lgan. Uning partiyasi tarafdorlarni ko‘chalarga chiqishga chaqirdi.
Pokistonning sobiq bosh vaziri, hozirda muxolifat yetakchisi, «Tahriq-i-Insaf» partiyasi rahbari bo‘lgan Imron Xonning tarafdorlari u Islomobodda qurollangan shaxslar tomonidan qo‘lga olingani haqida xabar berishdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Xon Islomobod Oliy sudi majmuasiga korrupsiya ayblovlari bo‘yicha majlislarda qatnashish uchun kelganida hibsga olingan.
Xabarlarga ko‘ra, Xon sud binosiga kirganidan so‘ng zirhli transportyorlarda yetib kelgan harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘lga olingan.
Hukumat uning hibsga olinishi sababi bo‘yicha hech qanday izoh bermagan.
«Tahriq-i-Insof» partiyasi tvitterida Xonning tarafdorlarini ko‘chalarga chiqishga chaqiriqlar paydo bo‘ldi. «Pokiston xalqi, mamlakatingizni qutqarish vaqti keldi. Sizda boshqa imkoniyat bo‘lmaydi», — deyilgan xabarlardan birida.
Xon bir necha ish bo‘yicha sudga tortilgan. Dushanba kuni harbiylar Xonni «asoslanmagan ayblovlar» oqibatlaridan ogohlantirishgandi - bunga u avvalroq yuqori martabali zobitlardan birini o‘zini o‘ldirish maqsadida til biriktirishda ayblagani sabab bo‘lgandi.
Mart oyida Pokiston sudi mamlakatdagi keskinlikni yumshatish maqsadida ushbu taniqli siyosatchini hibsga olishga urinishlarni to‘xtatish bo‘yicha hukm chiqargandi.
Ikki kun muqaddam Xonning yuzlab tarafdorlari hokimiyat vakillariga uni qo‘lga olishga to‘sqinlik qilgan va politsiyachilar bilan to‘qnashuvga kirishgandi, huquq-tartibot organlari esa ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va suv purkagichlarni qo‘llagandi.
Xonni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyot Islomoboddagi sud uni hibsga olishga order berganidan keyin boshlandi, bunga sobiq bosh vazir o‘ziga berilgan sovg‘a-salomlarni sotib yuborgani bo‘yicha ishda guvohlik berishga kelmagandi. Bu sovg‘alar unga 2018-2022 yillarda bosh vazir lavozimini egallab turganida xorijiy davlatlarning yuqori martabali vakillari tomonidan topshirilgandi.
Bu sovg‘alar ro‘yxati o‘tgan yildayoq e’lon qilingandi, ro‘yxatda yettita soat, jumladan 300 ming dollarlik soat, shuningdek, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, brilliant taqinchoqlar va qimmatbaho oshxona servizlari bo‘lgan.
2022 yil aprelida lavozimini yo‘qotgan Imron Xon o‘zi tomonidan qandaydir noqonuniy harakatlar bo‘lganini rad etadi va unga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoiy ish siyosiy motivlarga asoslanganini aytadi.
Avvalroq BBC uchun bergan intervyusida Xon politsiyada uni hibsga olish uchun asos yo‘qligi va hukumat uni panjara ortiga tashlash uchun barcha ishga tayyorligini aytgandi.
Sobiq bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar bunday hibsdan u va uning partiyasining bo‘lajak saylovlardagi ishtirokiga to‘sqinlik qilish uchun foydalanmoqda. «Men qamoqxonaga tushsam, tushmasam - ular mening partiya g‘alaba qozonishiga xalal bera olishmaydi», degandi u.
O‘z navbatida, Pokiston axborot vaziri Marriyum Avrangzebning tasdiqlashicha, bu ishga hech qanday siyosiy tus berilmagan.
O‘tgan yili parlamentdagi ovoz berish jarayonida o‘z lavozimidan ayrilganidan keyin Xon butun mamlakat bo‘ylab aylanib, norozilik mitinglari uyushtirib, hukumat va armiyani tanqid qilishga kirishgan va muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazilishini talab qila boshlagandi.
Shunday mitinglardan biri vaqtida unga hujum uyushtirildi va Xon oyog‘idan yaralandi. U bu suiqasdda amaldagi bosh vazir Shahboz Sharifni aybladi. Sharif bu ayblovni rad etdi va saylovlar belgilangan muddatda bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
00:15 / 22.12.2024
Pokistonda Imron Xonning 25 nafar tarafdoriga hukm o‘qildi
14:56 / 19.12.2024
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Pokiston bozoriga olib kiriladi
13:48 / 18.12.2024
Pokiston supermarketlarida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotiladi
15:54 / 12.12.2024