O‘zbekiston | 11:07 / 13.05.2023
36463
12 daqiqa o‘qiladi

“O‘z qizimning qotiliga aylanishim mumkin edi” – pushaymon ota hikoyasi

“O‘chir ovozingni, kelin bo‘lganidan keyin chidaydi-da”, dedim. Yetti yil kutishdi, farzand bo‘lmadi. Qizimni yuki bilan yig‘ishtirib tashlab ketishdi. Mahalla-ko‘y, oshna-og‘ayni ichida boshimni ko‘tarolmay qoldim. Qizi qaytib kelibdi, degan so‘z men uchun katta isnod edi. Kunda ichib kelib qizimni oldimga turg‘izib qo‘yib urishardim”

Foto: Kun.uz

Ota-onalar farzandining hayotiga ham o‘zini javobgar his qiladi. Ular uchun neki qaror qabul qilishsa, foydasini o‘ylashadi. Lekin ba’zida farzandidan ham fikr so‘rash kerakligi, uning mustaqil va alohida shaxsligi yodlaridan ko‘tariladi. Har doim ham ota-onaning qarori farzand uchun xayrli bo‘lmasligi mumkin. Bugungi qahramonimiz onasining qaroridan jabr ko‘rgan, biroq bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmay, o‘zi ham xuddi shunday xatoni takrorlagan. Xatoning oqibati esa fojia bilan tugashi mumkin edi. Xijolat bo‘lib gap boshlagan Shokir aka (ismi o‘zgartirilgan) hayotini shunday hikoya qilib berdi:

“Oilada katta farzand edim. Onam orzu-havasni yaxshi ko‘radigan, latta-puttaga o‘ch ayol edi (yer borib aytmasin). O‘zimizdan ancha boy, uzoqroq qarindoshligi bor oilaning qizini kelin qildi. Kelinning sepi uyimizni to‘ldirdi.

O‘sha vaqtda yangi chiqqan nima bo‘lsa, uyimizda hammasidan topish mumkin edi. Mebel deysizmi, gilam deysizmi, xullas, men, kuyov bo‘lmish haqida gapirmay qo‘ya qolay, hatto ota-onam, uka-singillarimga ham boshdan-oyoq sarpo qilishdi.

Bunday dabdabaning sababini chimildiqda bildim. Kelin “aldangan” ekan. Ko‘zimga dunyolar tor ko‘rinib ketdi. Jo‘ralarim orasida kerilib yuradigan, gapini bermaydigan bolaman. Kimdandir qolgan qizni umr yo‘ldosh qilishni o‘zimga or bildim.

Chimildiqdan dodlab chiqdim. Quriting, men bir kun ham xotin qilmayman buni, dedim. Onam nima gapligini bilganidan so‘ng ham meni tinchlantirishga urindi. Shuncha mol-dunyo axir, bechora ham nima qilsin, aldangan-da, esingni yig‘. Meni sharmanda qilma, deb turib oldi.

Mol-dunyo mening hayotimdanam ustun ekani yuragimni battar o‘rtab yubordi. Uydan bosh olib chiqib ketmoqchi ham bo‘ldim. Lekin ota-onam, aniqrog‘i onamning chizgan chizig‘idan chiqmay katta bo‘lgan edim. O‘z so‘zimni o‘tkazolmadim.

Kelinning otasi do‘kon mudiri edi. Yangi mustaqillik davrlari — do‘kon mudirlari “quturib” ketgan vaqtlar. Meni ham ishga joylab qo‘ymoqchi bo‘ldi. Xotinimning oldiga kirmasdim, yuziga qaramasdim. Otasi taklif qilgan ishni ham rad etdim. Kunlarim azobda o‘tardi.

Ichadigan odat chiqardim. Uyda ham nima qiladi, deb onam kelinini ishga chiqarib yubordi. Asta-sekin taqdirimga ko‘na boshladim. Boshqa ilojim ham yo‘q edi. Bu ham bir sinovdir, deb onamning kunda aytadigan gaplari ta’sir qildimi, unga rahmim kela boshladi.

Chimildiqdagi sirni ichimga yutib yashayverdim. Bu orada xotinim homilador bo‘ldi. Mazasi qochib shifoxonaga tushdi. Yuk mashinasida qurilish mollari tashlardim. Kun bo‘yi ishda bo‘lib, kechqurun uni ko‘rgani shifoxonaga borardim.

Bir kuni aytilgan yuk kelmay qolib, ishimiz ertaroq tugadi. Shifoxonaga har doimgidan ancha erta bordim. Shundoq shifoxonaning orqa hovlisida xotinim ishlaydigan do‘kon oldida turadigan mashinaga ko‘zim tushdi. Ichimda g‘ashlik sezib, mashinaga yaqin keldim.

Negadir ichimda bir narsa mashinaning ichiga qarashga undardi. Unga yaqinlashgan edim hamki xotinim mashinaning ichidan o‘qdek otilib chiqdi. Toshdek qotdim. Nima qilishni, nima deyishni bilmasdim. Mashinaning egasi mingga qo‘yib haydab ketdi. Men so‘ppayib turib qoldim.

Hech narsaga holim qolmagan, xotinimga nisbatan ko‘nglimda uyg‘onayotgan nimadirlar chilparchin bo‘lgan, unga imkon berganim, kechirganim, ishonganim uchun o‘zimni kechirolmasdim.

Bularni eslash, bu gaplarni gapirishning o‘zi — men uchun o‘lim.

Bu safar onam hech narsa deyolmadi. Ajrashdik. Kelinning sepini yig‘ishtirib ketishdi. Onamning ko‘zini quvnatgan o‘sha narsalar na menga, na ularning o‘zlariga baxt berdi.

Yoshi mendan bir-ikki yosh katta, xalq tilida aytganda “o‘tirib qolgan” qizga uylandim. Uni ham onam topdi. O‘zimizdek o‘rtamiyona hayot kechirishar, sepi ham dabdabali emasdi. Ammo men bu safar uylanish nima ekanini, halovat qanday bo‘lishini his qildim.

Erkak kishi uchun ayolining ko‘z ochib ko‘rgani bo‘lishdan ortiqroq baxt yo‘q ekan aslida. Ro‘zg‘orimizga baraka kirdi. Birin-ketin farzandli bo‘ldik. Qizlarimni yaxshi ko‘rsam-da, birinchi xotindan kuyganim uchun ularning tarbiyasiga qattiq turardim.

Nimadir bo‘lishidan qo‘rqardim. Ko‘chaga chiqishi, maktabga borib-kelishi hammasi nazoratim ostida bo‘lgan. Katta qizim maktabni tamomlab o‘qishga kirmoqchiligini aytdi. “Qiz bolaga nima bor o‘qib, shahar olib berarmiding, uyda o‘tir”, deb ruxsat bermadim.

Ancha ko‘zga yaqin bo‘lgani uchun aldanib qolishidan, kimdir boshini aylantirishidan qo‘rqdim. Darvozamni taqillatib kelgan birinchi sovchilarga rozilik berib yubordim. Hech esimdan chiqmaydi, qizim onasiga “o‘qimoqchi edim, hali yosh bo‘lsam, dadam buncha shoshdilar”, deb yig‘lab gapirgan gaplarini eshik ortidan turib eshitib qoldim. Qattiqqo‘lligim sabab o‘zimga hech narsa deyolmadi.

To‘y bo‘lib o‘tdi. Boshida hammasi yaxshi edi. Farzandli bo‘lishavermagach qaynonasi to‘nini teskari kiydi. Qizim ham ich-etini yerdi. Garchi menga aytmasa-da, buni ko‘zlari aytib turardi. Lekin o‘sha vaqtda qizimning ko‘zlaridagini uqishga qodir emas edim.

Hech yuzimga tik qaramagan ayolim bir kun “yorildi”: “Siz shoshdingiz. Hali bola edi. O‘qitsak, hunarli qilsak bo‘lardi. Kun bo‘yi qaynonasining qosh-qovog‘iga qarab o‘tirishning o‘zi bo‘ladimi? Ishlaganda o‘zi ham chalg‘irdi.

Ko‘rinmagan doktorlari qolmadi, xudodan-da bu yog‘i. Qudangiz ham tushunmaydigan ekan. Bechora qizimni ezaveradi. Ket, o‘g‘limga tug‘adigan xotin olib beraman, deb kun bermayapti ekan”, dedi.

“O‘chir ovozingni, kelin bo‘lganidan keyin chidaydi-da”, dedim. Yetti yil kutishdi, farzand bo‘lmadi. Qizimni yuki bilan yig‘ishtirib tashlab ketishdi. Ancha asabiy bo‘lib qolgan, sal narsaga yig‘layveradi.

Mahalla-ko‘y, oshna-og‘ayni ichida boshimni ko‘tarolmay qoldim. Qizi qaytib kelibdi, degan so‘z men uchun katta isnod edi. Kunda ichib kelib qizimni oldimga turg‘izib qo‘yib urishardim. Uni aybi nima? Shunday bo‘lsin debdimi, degan o‘y xayolimga ham kelmasdi.

Shunday qilib qizim shifoxonaga tushib qoldi. Ko‘p siqilish natijasi, deyishibdi shifokorlar. Qizim oyoqqa turib, uyga qaytdi. Uni davolagan shifokor yigit sovchi bo‘lib keldi. Qizimni yoqtirib qolganini, rozi bo‘lsam baxtli qilishini aytdi.

Chekkaroq tumandan bo‘lgan bu yigit o‘qishi sabab uylanmagan ekan. Hali gul yigit ekansiz o‘g‘lim. Qizimning yo‘rig‘i boshqa, dedim. Yigit qarori qat’iyligini, uni baxtli qilishini aytib so‘z berdi. Shunday qilib uni yana uzatdim. Yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi.

To‘y yigitning qishlog‘ida bo‘ldi. Bir muddatdan so‘ng kuyov qizimizni onasiga xizmat qilish uchun qoldirib, o‘zi ishiga qaytganini eshitdik. Yarim yillardan so‘ng quda tomondan qizingiz o‘z joniga qasd qildi, shifoxonada yotibdi, olib ketinglar, degan xabar keldi.

Ma’lum bo‘lishicha, kuyovning singlisi qizimizga sen akamning tengi emassan, deb kun bermas ekan. U qilgan ovqatni yeyishmas ekan. Sening qo‘lingdan ovqat yemaymiz, sen faqat itlarga ovqat qilishga loyiqsan, deb kuchuk-mushuklariga ovqat qildirtirar ekan.

Kuyov ham mardlik qilib olganiga yarasha oldida turib bermabdi. Ish bahona haftada bir uyga borib kelib yuraveribdi. Uyga qaytsa otasining, ya’ni mening holimni biladi. Nima qilishini bilmay dori ichibdi.

O‘z uyiga ham, erining uyiga ham sig‘magan qizim narigi dunyoga ketishga qaror qilibdi. Jonlantirish bo‘limida uzoq yotdi. Na kuyov, na uning uydagilari xabar oldi.

Qizimga nisbatan adolatsizlik qilganim, har ikkala turmushiga uzatishda ham undan bir og‘iz ko‘ngil so‘ramaganim, o‘qishiga ruxsat bermaganligim — aybim shunda ham ko‘zimga ko‘rinmagandi.

Ayolimning achchiq ustida aytgan gaplari ko‘zlarimni ochdi. “Johiliyat davrida qiz farzandlarni tiriklayin ko‘mishgan ekan. Siz undan ham battar qildingiz. Bolaligidan izmingizdan chiqmay o‘sdi. Nima desangiz qildi. Kasbli bo‘lishiga, o‘qishiga yo‘l qo‘ymadangiz, tezroq erga berishga shoshildingiz.

Men sizdan o‘tib hech narsa qila olmadim. Birovga qaram bo‘ladigan qilib uzatvordingiz. Agar qizimizning jamiyatda o‘z o‘rni bo‘lganida edi, har ikkala oilasida ham bunchalik xor bo‘lmasdi. Uyga qaytib kelganida ham kun bermadingiz. O‘zi istab yoki havasga qaytib kelgani yo‘q edi. Sizdan qo‘rqqanidan ham o‘sha xonadonda yetti yil chidab yashagandi.

Agar qizimga bir nima bo‘lsa...” yana nimalardir dedi xotinim. Biroq boshqa gapi qulog‘imga kirmadi. Qizimning ham odam ekanligi, uning ham istaklari borligi, uni yo‘qotib qo‘yishim mumkinligini shunda his qildim...

Ilk bor qizimdan kechirim so‘radim. Peshonasidan o‘pdim. Yillar, taqdir sinovlari meni qanchalar bag‘ritosh qilib qo‘ygan ekan. Hozir yana bag‘rimizda. O‘qishga kirishga tayyorgarlik ko‘ryapti. O‘ylaganimdek hech kim meni qo‘li bilan bigiz qilib ko‘rsatmayapti. Davralarda uyaltirmayapti.

Aksincha, yaxshi qilibsizlar olib kelib, o‘lib qolmaganiga shukur qiling, deyishyapti. Sal qolsa qizimning o‘limiga sababchi bo‘lardim. Uning qotiliga aylanardim, deb o‘ylayman ba’zida. Uni tushunib qo‘llamaganim, kerak vaqtida dalda bo‘la olmaganim sabab o‘z joniga qasd qilishga majbur bo‘lgan”, deya ko‘zidagi yoshini artib hikoyasini yakunladi Shokir aka.

Charos Mannonova yozib oldi.   

Mavzuga oid