O‘zbekiston | 19:18 / 15.05.2023
21298
6 daqiqa o‘qiladi

Xitoy qudrati – biz uchun imkoniyatmi yoki tahdid?

18-19 may kunlari Xitoyning Sian shahrida XXR–MO sammiti bo‘lib o‘tadi. Sammitga XXR raisi Si Jinping mexbonlik qiladi. Markaziy Osiyoning barcha besh davlat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Sammitga Rossiya prezidenti Putin taklif qilinmagan. Siyosiy anjuman Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirib, urush olib borayotgan bir vaqtda o‘tmoqda. Post-sovet hududida juda muhim geosiyosiy jarayonlar kuzatilmoqda.

Bugun, Xitoy Xalq Respublikasi – dunyoning ikkinchi iqtisodiy qudrati. Harbiy salohiyati ham faqat AQShdan keyin turishi taxmin qilinadi. Xitoy iqtisodiy qudratining o‘sish tezligi nihoyatda hayratlanarli. Yalpi ichki mahsulotining nominal qiymati AQSh YaIMga juda yaqinlashib qoldi.

Lekin, sotib olish qobiliyati bilan o‘lchanganda, AQSh YaIMdan ko‘ra kattaroq ekani aytiladi. Xalqaro moliya institutlarining hisobotlariga ko‘ra, bugun dunyodagi eng yirik iqtisod aynan Xitoy ulushiga to‘g‘ri keladi – global iqtidiyotning 18 foizi. AQShning ulushi esa, 15 foiz atrofida ekani aytiladi.

Iqtisodiy qudrati o‘sib borayotgan rasmiy Pekinning global siyosatdagi o‘ziga ishonchi va ambitsiyalari ham oshib bormoqda. Keyingi yillarda Pekinning kollektiv g‘arb bilan strategik tirashuvi kristallashib bormoqda. Xitoy Xalq Respublikasi dunyoda ko‘p qutblililikning yirik ijodkorlaridan, bayroqdorlaridan. Global siyosatda, rasmiy Pekinning o‘z “komandasi” ham mavjud, bu – Rossiya Federatsiyasi, Pokiston, Eron va boshqa davlatlar.

Markaziy Osiyo davlatlari endi mustaqil bo‘lganda, Xitoy Xalq Respublikasining mintaqadagi ishtiroki faqat savdo-iqtisodiy va sarmoya bilan cheklanar edi. Oradan uchta o‘n yillik o‘tib, rasmiy Pekin Markaziy Osiyoning birinchi yoki ikkinchi (RF bilan almashib turadi) savdo-iqtisodiy hamkoriga aylandi.

2022 yilgi Xitoy rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Pekin va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik 70 milliard dollarlik ko‘rsatkichdan oshgan. Bu bilan, MO mintaqasining savdo-iqtisodiy hamkorligi, Rossiya yoki g‘arb davlatlari bilan qiyoslaganda, kattaroq ekani ma’lum bo‘ladi.

Havfsizlik va harbiy hamkorlik borasida ham mintaqa davlatlarini birlashtiruvchi ko‘plab loyihalar bor. Jumladan Shanhay Hamkorlik Tashkiloti kabi ko‘p tomonlama salohiyatli tashkilot ham faoliyat yuritadi. ShHT – Markaziy Osiyo davlatlarining geosiyosiy va geomafkuraviy qarashlarini shakllantirishni maqsad qilib qo‘yadi.

Shu yilning mart oyida Moskvada Xitoy davlat rahbari Si Jinping va Putin qo‘shma bayonot bilan chiqib, jumladan “Markaziy Osiyo mintaqasida tashqi aralashuvga imkoniyat bermaymiz, buzg‘unchi g‘arbning bu mintaqada rangli inqiloblar amalga oshirishga imkon bermaymiz” zaylidagi fikrlar bildirishdi.

Aprel oyida esa, Xitoyning Fransiyadagi elchisi yanada qiziq fikrlar bildirdi. Elchining fikriga ko‘ra, Qrim – tarixan Rossiyaniki bo‘lgan, va post-sovet davlatlarining suvereniteti xalqaro huquqda mustahkam maqomga ega emas.

Keyingi yillarda Moskva va Pekin o‘rtasidagi aloqalar, “global tandem” maqomiga yetti. Bu ikki davlatning o‘z oldiga qo‘ygan global maqsadi – kollektiv g‘arbni dunyo hokimiyatidan yiqitish, va o‘zlari ishtirokidagi ko‘p qutblilik shakllantirish hisoblanadi.

Vaziyatning xavotirli jihati shundaki, Moskvadagi Putin-Si bayonotlariga ham, XXRning Parijdagi elchisi bayonotlariga ham mintaqa davlatlari, tashqi ishlar vazirliklari va davlat rahbarlari, hech bir ko‘rinishda munosabat bildirishmadi. Bamisoli, o‘sha bayonotlarni “ma’qul” deb, yutishgandek bo‘lishdi. Agarki, mintaqa davlatlari Moskva-Pekin tandemiga qarshi, alohida-alohida e’tiroz bildirishga, qizil chiziqlarni ko‘rsatishga qo‘rqishsa, besh respublika birlashgan xolda, hamjihatlik bilan, jo‘r bo‘lib, o‘z e’tirozlarini bildirishi kerak edi. Moskva ham, Pekin ham Markaziy Osiyoning suvereniteti, hududiy yaxlitligi, va mintaqa hamjihatligi masalasida, “qizil chiziqlarni” aniq bilishi kerak, o‘sha chiziqdan o‘ta olmasligi kerak.

Xitoyning global qudrati oshishi, rasmiy Pekinning global ambsitsiyalari shiddat bilan o‘sib borayotgan fonida, Markaziy Osiyo davlatlari uchun tarixiy ahamiyatga ega savol paydo bo‘ladi: dunyoning eng yirik iqtisodiy, harbiy hamda texnologik qudratli davlati bo‘ladigan XXR – mintaqa davlatlari uchun imkoniyatmi, yoki tahdidmi?

Iqtisodiy rivojlanish, ko‘pincha, mintaqaviy xususiyatga ega bo‘ladi. bu ma’noda, dunyoning iqtisodiy rivojlanish markazi Osiyoga ko‘chayotgani – biz uchun, katta imkoniyat. Lekin, asosiy muammo – Xitoy Xalq Respublikasining siyosiy qarashlari, qadriyatlari, uzoq muddatli maqsad va vazifalariga borib taqaladi.

Pekin o‘z xududi ichra raqamli totalitarizm joriy qildi, inson huquqlari va demokratiyadan chekinishning yangi texnologik modelini ko‘rsatdi, etnik kamchiliklarni agressiv assimilyatsiya qilish borasida hali hech bir davlat qila olmagan repressiv modelni namoyish qildi. Aynan mana shu xolatlar XXRga shubha va ishonchsizlik, xavotir bilan qarashga undashi kerak.

Shu paytgacha, Markaziy Osiyo davlatlari uchun, demokratiya va inson huquqlari, siyosiy plyuralizm – ichki taraqqiyotni belgilovchi omil sifatida ko‘rildi. Yangi global kontekstda, demokratiya va siyosiy plyuralizm tashqi tahdidlarga javob berish vositasi sifatida ham ko‘rilishi kerak.

Chunki, kuchli markazlashgan va yakka shaxslashgan siyosiy tizimlar, XXR va RF kabi qudratli avtoritar davlatlar uchun, qulay va oson o‘lja bo‘lishi aniq.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos 

Mavzuga oid