Jahon | 19:19 / 22.05.2023
7702
3 daqiqa o‘qiladi

Belgorod viloyatida aksilterror operatsiyasi rejimi e’lon qilindi

Belgorod viloyati hududida aksilterror operatsiyasi rejimi e’lon qilindi, deb xabar berdi viloyat rahbari Vyacheslav Gladkov. 

Foto: AP

Uning so‘zlariga ko‘ra, u “fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida” joriy etilgan hamda “maxsus chora-tadbirlar va vaqtinchalik cheklovlarni o‘rnatadi”. 

“Jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirishdan boshlab, portlovchi, radioaktiv, kimyoviy va biologik xavfli moddalardan foydalanadigan xavfli ishlab chiqarish va tashkilotlar faoliyatini to‘xtatib turishgacha”, — deya tushuntirdi gubernator Telegram-kanalida.

22 may kuni Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov «Ukraina Qurolli kuchlarining qo‘poruvchilik-razvedka guruhi Grayvoron tumani hududiga kirganini» ma’lum qildi. 

«Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari chegara xizmati, Rossiya gvardiyasi va «FSB» bilan birgalikda dushmanni yo‘q qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda. Tafsilotlar haqida xabar beraman», — deb yozdi Gladkov 22 may kuni Telegram-kanalida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni tumandagi Glotovo qishlog‘i o‘qqa tutilganidan keyin ikki kishi yaralangan. «Ayolning ahvoli og‘ir, erkakning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda, har ikkisi reanimatsiyada», — deya qo‘shimcha qildi gubernator. 

Avvalroq Rossiya Telegram-kanallari Belgorod viloyatining Grayvoron tumani ommaviy o‘qqa tutilgani haqida xabar bergan edi. «Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bir soatdan ko‘proq vaqtdan beri Ukraina Qurolli kuchlari Novostroyevka-Pervaya, Kozinka, Bezimeno, Dobroye, Glotovo va Golovchino qishloqlarini o‘qqa tutmoqda. Bir kishi halok bo‘lgan», - deb yozgan Mash 22 may kuni ertalab. Bundan tashqari, Novaya Tavoljanka qishlog‘idagi turar joy binosiga portlovchi moslama tashlanganligi xabar qilingan. 

Ayni paytda, «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» o‘z jangchilari Rossiyada ekani va u yerda jangovar topshiriqlarni bajarayotganini ma’lum qildi. Faollar Telegram’da Bryansk va Belgorod viloyatlaridagi qishloqlarga kiraverishdagi yo‘l belgilari fonida bir nechta videolarni joylashtirgan va ular kurashni davom ettirayotganliklarini bildirishgan. 

O‘z navbatida, «Rossiyaga ozodlik» legioni Ukraina bilan chegaraga yaqin hududlar aholisini uyda qolishga va «qarshilik qilmaslikka» chaqirdi. Qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq berilishi aytilgan.

Mavzuga oid