Sport | 04:25 / 27.05.2023
25594
2 daqiqa o‘qiladi

Shaxmat. Nodirbek Abdusattorov – «ChessKid» turniri g‘olibi

Nodirbek Abdusattorov sovrin jamg‘armasi 235 000 AQSh dollari bo‘lgan «ChessKid» onlayn turniridagi ishtirokini muvaffaqiyatli yakunladi.

O‘zbekistonlik shaxmatchi musobaqaning eng yuqori – 1-divizionida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan holda grand finalga qadar yetib kelib, hal qiluvchi o‘yinda amerikalik Fabiano Karuanaga qarshi dona surdi. 

Qayd etish joiz, bu raqiblar bungacha mazkur musobaqa yarimfinalida ham uchrashishgan va unda Nodirbek g‘alabaga erishgandi. Karuana o‘tish o‘yinlari orqali grand finalga yetib kelgandi. Qiziqarli o‘tgan bahsda Abdusattorov amerikalik 30 yoshli raqibini navbatdagi marta mag‘lub etib, turnirning mutlaq chempioniga aylandi.

Ma’lumot uchun, Nodirbek «ChessKid» turnirining ilk bosqichida fransiyalik Yules Mossardni 2,5 – 0,5 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, yarimfinalda Karuanadan 2,5 – 1,5 natijasi bilan ustun kelgan, finalda esa niderlandiyalik Yorden van Forest 2,5 – 1,5 hisobida dog‘da qoldirilgandi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida Abu-Dabida o‘tgan shaxmat sammitida O‘zbekiston shaxmat jamoasi Osiyoda eng yaxshisi deb e’tirof etilgandi.

Mavzuga oid