O‘zbekiston | 10:18 / 03.06.2023
18878
4 daqiqa o‘qiladi

Sud Star Med klinikasining litsenziyasini bekor qildi

Mittivine yumoristik loyihasi asoschisi Farhod Mannopov vafot etgan xususiy klinika tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun 2021 yil fevralda berilgan litsenziyasidan mahrum bo‘ldi. 

Foto: Kun.uz

Sog‘liqni saqlash vazirligi Star Med klinikasining litsenziyasini bekor qilishni so‘rab, sudga da’vo arizasi kiritgani haqida xabar berilgandi. Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudida mazkur ish doirasida uch bora sud muhokamasi o‘tkazildi. 

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning ma’lum qilishicha, SSV arizasida litsenziyani bekor qilishning asoslari sifatida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 27-ilovasi 9-bandi talablari qo‘pol ravishda buzilganligi, xususan, xalq orasida “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan marhum Farhod Mannopovga tibbiy yordam ko‘rsatgan shifokorlarda malakaviy toifa mavjud bo‘lmaganligi, birlamchi tibbiy hujjatlar lozim darajada yuritilmaganligi, tibbiy texnikaning metrologik me’yorlarga mosligi bo‘yicha davriy tekshiruv o‘tkazilmaganligi kabi bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi qayd etilgan. Shuningdek, javobgar tomonidan marhum Farhod Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishda bir qator litsenziya talab va shartlari buzilganligi, ushbu holatlar “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunning 33-moddasi talabiga ko‘ra litsenziyani bekor qilish uchun asos bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Sudning 2023 yil 15 maydagi muhokamasida javobgar tomon advokati Farhod Mannopovning o‘limiga jarrohlik amaliyoti sabab bo‘lmaganini bildirgandi. Shuningdek, sud muhokamasida javobgar tomon advokatining ishni klinikaning mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yakuniga qadar mazkur nizo yuzasidan ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi og‘zaki iltimosnomasini qanoatlantirish rad etilib, shu kungi muhokama taraflar vakillarining iltimosnomalari qanoatlantirilgan holda boshqa muddatga qoldirilgan.

Sudning 2023 yil 25 maydagi majlisida javobgarning advokati yuqoridagi mazmundagi iltimosnomasini yozma shaklda taqdim etib, unga jinoyat ishiga daxldor bo‘lgan hujjatlarni ilova qilgan. O‘z navbatida arizachi vakillari marhum Farhod Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishda bir qator litsenziya talab va shartlari buzilganligini asoslovchi hujjatlarni sudga taqdim etgan.

Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining 2023 yil 2 iyundagi hal qiluv qaroriga ko‘ra Sog‘liqni saqlash vazirligining “Omad plyus” MChJga nisbatan berilgan litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi arizasi qanoatlantirilgan hamda MChJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun 2021 yil 16 fevralda berilgan 27390032-raqamli litsenziya bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Mittivine yumoristik loyihasi asoschisi, taniqli bloger Farhod Mannopov 2023 yil 5 martga o‘tar kechasi 27 yoshida Star Med klinikasida vafot etgandi. Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 116-moddasi bilan ish ochilgan hamda u operatsiya qilingan Star Med klinikasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi.

Avvalroq SSV Farhod Mannopovning o‘limi yuzasidan Star Med Center klinikasida o‘tkazilgan tekshiruv natijalarini ochiqlagan, bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatgan anesteziolog va reanimatolog, plastik jarroh, laborant shifokor hamda ultratovush tekshiruvlari shifokorida malakaviy toifa bo‘lmagani aytilgandi.

 

Mavzuga oid