O‘zbekiston | 16:14 / 05.06.2023
19383
6 daqiqa o‘qiladi

Qabul boshlanishiga 15 kun qoldi – abituriyent nimalarni bilishi kerak?

Bu yilgi qabul 20 iyundan 20 iyulgacha davom etadi. Prognozlarga ko‘ra, 1 mln 260 ming abituriyent hujjat topshirishi kutilyapti. Kun.uz abituriyentlarga asqatadigan ma’lumotlarni bir sahifaga jamladi.

Foto: KUN.UZ

Qabulga oz qoldi

Abituriyentlarni ro‘yxatga olish 20 iyundan 20 iyulga qadar (shu kuni ham) amalga oshiriladi. Chet tilidan ijodiy imtihon o‘tkaziladigan yo‘nalishlar uchun qabul 10 iyulda yakunlanadi.

Ijodiy imtihon olinadigan oliy ta’lim muassasalari:

xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan:

  • O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
  • Samarqand davlat chet tillar instituti;
  • Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga;
  • Toshkent davlat pedagogika universiteti;
  • Qo‘qon davlat pedagogika instituti;
  • Nukus davlat pedagogika institutining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirishda chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi.

Abituriyentlar my.uzbmb.uz va my.gov.uz saytlari orqali ro‘yxatga olinadi.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun abituriyentlardan faqatgina 2 ta hujjat: biometrik pasport yoki ID-karta va umumiy o‘rta ta’lim olganligini tasdiqlovchi hujjat talab etiladi.

Sertifikatlar haqida

Asosiy testga qadar abituriyentlarda umumta’lim fanlaridan milliy sertifikat va B2 darajadagi til bilish sertifikatini olish imkoni bor.

B2 va undan yuqori darajadagi sertifikat chet tili blogidan maksimal ball beradi.

Umumta’lim fanlaridan milliy sertifikat esa eng yuqori ballning 60 foizdan 85 foizigacha to‘plaganlarga o‘zlashtirish foiziga mos ravishda ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball, eng yuqori ballning 86 foizi va undan yuqori ball to‘plaganlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ball beradi.

Majburiy fan uchun belgilangan maksimal ballni olish uchun talabgorning sertifikat balli 60 foizdan yuqori bo‘lsa yetarli.

Masalan, iqtisodiyot yo‘nalishida asosiy fanlar bloki matematika va chet tili fanidan iborat. Agar abituriyentning matematika fanidan 86 foizdan yuqori darajadagi milliy sertifikati va chet tili sertifikati bo‘lsa, unga asosiy blokdagi 2 fanidan ham, shuningdek, majburiy fanlar blokidagi matematika fanidan ham maksimal ball beriladi. Imtihonda u faqat majburiy blokdagi ona tili va adabiyoti hamda O‘zbekiston tarixi fanlaridan test savollarini bajaradi.

Lekin agar abituriyentning milliy sertifikatdagi balli 86 foizdan pastroq bo‘lsa, unga faqat majburiy blokdagi matematika fanidan maksimal ball, asosiy blokdagi matematika fanidan esa sertifikatdagi balliga proporsional ball beriladi.

Xotin-qizlarga eslatma

Ayni paytda ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga ajratiluvchi umumiy kvotaning 4 foizi miqdoridagi (2 mingta o‘rin) grant o‘rin uchun tavsiyanomalar berish davom etyapti. Oxirgi muddat – 8 iyun. Talabgor arizani xotin-qizlar.uz platformasi orqali yuboradi.

Bundan tashqari, o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan 500 nafar xotin-qizga to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga kirish imkonini beradigan tavsiyanoma uchun arizalar qabuli to‘xtadi. Ular tavsiyanomalarini 15 iyungacha olishlari mumkin.

Test qanday o‘tkaziladi?

Bu yilgi test sinovlari katta sig‘imli binolarda bo‘ladi. Bunda test sinovlarini o‘tkazish uchun 92 ta bino tanlab olingan bo‘lib, bir smenada 44 ming nafar abituriyent test sinovida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Test sinovlari ikki smenada o‘tkaziladi. 

1-smena: 08:00 da;

2-smena: 15:00 da boshlanadi.

Savollar darajasi qanday bo‘ladi? 

Kirish test sinovlarida abituriyentlarga 2 ta mutaxassislik fanidan 30 tadan 60 ta test topshirig‘i, 3 ta majburiy fandan 10 tadan 30 ta test topshirig‘i beriladi.

Bunda mutaxassislik fanlaridan test varianti 3 ta qiyinlik darajasidagi (oson, o‘rta, qiyin) test topshiriqlaridan shakllantiriladi. Barcha abituriyentlar uchun fanlar kesimidagi test variantining teng kuchli bo‘lishini ta’minlash maqsadida test variantidagi test topshiriqlari quyidagicha taqsimlanadi:

  • oson darajadagi test topshiriqlari – 15-25 foiz oralig‘ida;
  • o‘rta darajadagi test topshiriqlari – 50-70 foiz oralig‘ida;
  • qiyin darajadagi test topshiriqlari – 15-25 foiz oralig‘ida.

Majburiy fanlarda esa test topshiriqlarining barchasi oson darajadagi test topshiriqlari hisoblanadi.

To‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball esa 189 ball.

Maktab bahosini hisobga olish nima bo‘ldi?

Shu yilgi qabuldan boshlab maktab va o‘rta maxsus muassasalar bitiruvchilarining oxirgi 6 yillik baholari kirish imtihonlarida hisobga olina boshlashi kerak edi. Tegishli qarorga ko‘ra, bitiruvchiga maksimal 5 ballgacha qo‘shib berilishi mumkin. Biroq bu tartib qanday ishlashi, bu yildan amalga kiritilishi yoki yo‘qligi bo‘yicha hozirgacha biror ma’lumot berilmadi. Aksincha, bundan 10 kun oldin maktab baholarini hisobga olishga oid qaror qaytadan ko‘rib chiqilayotgani va o‘zgarishi mumkinligi, bu bo‘yicha “yaqin orada” ma’lumot berilishi haqida aytildi.

Mas’ullar aytgan “yaqin ora” qachonligi noma’lum bo‘lgani kabi baholarni hisobga olish tartibi ishlash yoki ishlamasligi ham mavhumligicha qolyapti. 

Mavzuga oid