Jamiyat | 12:47 / 05.06.2023
16788
8 daqiqa o‘qiladi

Qalbsiz qahramonning qalb qiynoqlari – «Dorian Greyning portreti» romaniga chizgilar

Nega hamma ahmoqlar turfa-yu, nega barcha aqllilar ayni? «Urush va tinchlik»dagi Bolkonskiy (Lev Tolstoy), «Azizim»dagi shoir (Gi De Mopasson), «Dorian Greyning portreti»dagi Lord Genri (Oskar Uayld): biri rus, biri fransuz, boshqasi esa ingliz bo‘lsa-da, ammo nega mohiyati ayni, maslagi mushtarak?! Yoinki insoniyat hamon bir chiziq uzra harakatlanmoqdami?

Foto: asaxiy.uz

O‘zbek o‘qirmanlariga tanish bo‘lgan taniqli yozuvchi Oskar Uayld qalamiga mansub «Dorian Greyning portreti» asariga chizgilar tortib ko‘rishga harakat qilamiz. Asar haqida gapirishdan oldin ijodkor ruhiyatiga bir nazar tashlab olsak, zarar qilmaydi.

Oskar Uayld – Dublinning tizginsiz shoiri

Yaxshi yozuvchilar ikki xil bo‘ladi: tug‘ma va faylasuf. Oskar Uayld ikkinchi turga mansub ijodkor. 1854 yili Dublinda tug‘ilgan Oskar jo‘shqin iste’dod, qaynoq xarakter sohibi edi. O‘z davrida axloqsizlikda ayblanib, ikki yillik qamoq jazosiga hukm etilgan. Mana shu davrdagi tushkunlik, ruhiy iztiroblar uning «Reding qamoqxonasi balladasi» (1898) asarida tasvirlangan.

Ijodkorlarga nisbat berilganda odatda ularning shaxsiyati va ijodi hamisha ham mutanosib kelavermasligiga guvoh bo‘lamiz. Mana shu nomutanosiblikni Oskar Uayld o‘z qahramoni rassom Bezil Xolluard tilidan aytilgan quyidagi jumla bilan izohlashga urinadi:

«San’atkorning tuyg‘ulari uning asarlarida aks etmaydigandek bo‘ladi. San’at biz o‘ylagandan ko‘ra mavhumroq narsa. Mening miyamga tez-tez bir fikr kelib turadi – san’at o‘zida san’atkorni oshkor etishdan ko‘ra ko‘proq darajada uni yashiradi».

Bu iddaoga ko‘ra san’atkor va san’at ayro-ayro tushunchalar. Birining hislari ikkinchisida mutlaqo akslanmasligi mumkin. Biroq bu ham oliy haqiqat emas, boisi Oskarning «mangu ruhi» lord Genri timsolida zamonlar osha yashab kelmoqda.

Yozuvchi aynan shu qahramoniga o‘z sezimlarini yuqtira olgan. Ijodkorning nozik, shu bilan birga ziddiyatli shaxsiyatini uning nafis she’riyatida, g‘aroyib ertaklarida, o‘yga toldiruvchi dramalarida hamda larzaga keltiruvchi romanida uchratish mumkin. 

Xo‘sh, asar nima haqida?

Buni muallifning o‘zi ham romanning bir necha joyida ochiqlaydi va sirli portret aslida ramz ekanligini u insonning qalbi yoxud vijdoni o‘laroq tasvirlanishini aytadi. Men bunga shunday ta’rif berdim: asar tamomila qalbini Iblisga sotgan qalbsiz insonning qalb qiynoqlari haqida. 

Qalbsiz insonda qanday qalb qiynoqlari bo‘lishi mumkin? Narsiss Dorian qanday azob iskanjasida qoldi? Nahot shuncha yovuzliklardan so‘ng ham unda biroz bo‘lsa-da vijdon qolgan-u, mana shu zaif zarra uni maxfiy xonaga boshlab o‘z suratiga tikilishga majburlay olsa? Bunday «oliyjanoblik»ni ko‘rgan o‘quvchi beixtiyor Lermontovning «Zamonamiz qahramoni»ni yodga olishi tayin. 

Ochig‘i, yolg‘iz farzand va yakka merosxo‘r bo‘lgan yetim Dorian Greyning «aka-ukalari» bisyor. Bir o‘rinda u Pechoringa («Zamonamiz qahramoni») badiiy akalik qilsa, boshqa o‘rinda afsonaviy Narsiscning haqiqiy ukasidir. Yana bir qarasangiz Merso («Begona») bilan qondosh bo‘lib chiqadi. 

Asar ishq bilan bitilgan, ammo undagi ishq bosh qahramonning o‘z vujudiga qaratilgani bois qolgan barcha tuyg‘ularini o‘ldirib bordi. Bu qotillikdan doimgiday eng ko‘p va og‘ir zarbani ma’shuqalar oldi. Go‘zal yunon tragediyalarini yodga soluvchi badbaxt ma’suma, go‘zallikda Iloha bilan bellasha oladigan bokira Sibila ham Dorianga oshiq-u mubtalo bo‘lgach, qismat tavqi la’natiga uchradi, xuddi qismatdoshi Margarita singari («Faust»). Ishq qopqoni bu ojizalarni ajal domiga boshlab bordi. Biroq ularda ayollik nafosati qanchalik kuchli bo‘lmasin, erkaklarning ayollik tilsimiga bo‘lgan fikrlarini chok-chokidan so‘tishga ojiz edilar. Ana shu zaiflik barcha ayollarning ayollik qadariga hukm o‘qidi.  

Buni romanning turli o‘rinlarida uchraydigan quyidagi mulohazalardan ham bilishingiz mumkin:

«O‘g‘ilginam, bilib qo‘yingki, ayollar hech qachon bebaho bo‘lmaydi. Ular bezak uchun xizmat qiladigan jins. Ularning dunyoga aytadigan gapi yo‘q. Lekin shunday bo‘lsa ham gapirishadi, gapirganda ham juda latofat bilan gapirishadi. Ayol kishi ruh ustidan tantana qilayotgan moddiyunlikning tajassumi, erkak esa fikrning axloq ustidan tantanasini tajassum etadi» (73-74-sahifalar). «Oddiy ayollar hamisha darrov yupana qoladilar… Boshqa ayollar qo‘qqisdan o‘zlarining qonuniy erlarida turli-tuman fazilatlarni kashf qila boshlaydilar-da, shu bilan ovunishadi-qolishadi». (154-sahifa).

«Oshkora shafqatsizlik ayollarga har narsadan ko‘proq xush yoqadi: ularda ibtidoiy instinkt hayron qoladigan darajada kuchli bo‘ladi. Biz ularga ozodlik berdik, ular bo‘lsa, o‘zlariga xo‘ja izlovchi kanizaklar sifatida qolib kelmoqdalar» (155-sahifa).

Asarda turfa mavzular yuzasidan faylasufona mulohazalarga duch kelasiz, shunisi qiziqki, avvalboshida juda jo‘n tuyulgan fikr zamirida g‘oyat salmoqli xulosa yotibdi, sizni junbishga keltirgani esa, salmoqdor mohiyatni jo‘ngina ifodalash mumkinligi bo‘ladi. Va beixtiyor o‘sha mashhur «Buyuklik oddiylikdadir» iborasini eslaysiz. «Keksalik fojiasi odamning keksayishida emas, balki uning qalban yosh qolishidadir», deydi muallif. Va asarda mana shu fojia qay tarzda kechishi zamiriga inson tragediyasi qurilgan.

Asar o‘zbek kitobxoniga nega zarur?

Yuqorida asarni qalbsiz insonning qalb qiynoqlariga taqqoslagan bo‘lsak-da, biroq bu roman o‘zbek jamiyatining umumlashma timsolidir. Dorian qadimgi yunon afsonalaridagi Narsissga qanchalar o‘xshasa, bizning bugungi jamiyatimizga ham shunchalar yaqin. Bugun faqat o‘zini sevuvchi, o‘z nafsidan boshqasiga quloq tutmaydigan, o‘z maqsadi uchun yon-atrofdan istagancha qurbonlik izlovchilarning adabiy timsolidir Dorian. E’tibor bering, bugungi o‘zbek jamiyati o‘z egosining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilgan. Jamiyatdagi illatlar: poraxo‘rlik, ikkiyuzlamachilik, aldov, o‘zgalarga nisbatan nafrat, zug‘um har qachongidan ortgan. Biroq bizning fojiamiz Doriannikidan og‘irroq: bizda ahvolimizga bir qur nazar tashlovchi na oyna bor, na portret.

So‘ngso‘z

Bugun atayin syujyet tomon odimlamadik, chunki asar spoyleri g‘oyat jo‘n ish bo‘lib tuyulmoqda. Syujyet asl xazinaning himoya qobig‘i, kitobxonga esa asl ma’dan qiziqroq bo‘ladi, deb umid qilaman. So‘ngso‘zni esa asardan iqtibos keltirish bilan bitamiz.

«Gunohlarimizni O‘zing kechir» emas, balki «Yo‘l qo‘ygan haqsizliklarimiz, jamiki qonunga xilof ishlarimiz uchun bizni jazoga mustahiq qil!»adolatparvar Parvardigorga insonning tavallosi ana shunday bo‘lmog‘i kerak».

Dilbar Haydarova, kitobxon

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.

Mavzuga oid