O‘zbekiston | 18:53 / 07.06.2023
17658
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonda suvning bozor narxi shakllanmagan” - XVJ rahbari

Xalqaro valuta jamg‘armasi direktori Kristalina Georgiyeva O‘zbekistondagi suv tanqisligi haqidagi savolga javob berib, suvdan foydalanuvchilarni uni tejashga undash uchun suvning bozor narxini belgilash kerakligini aytdi. “Agar biz suvga qadrlashimiz shart bo‘lmagan narsa deb qarasak, yaxshi natijalarga erishish qiyin bo‘ladi”, – dedi u.

Foto: KUN.UZ

Xalqaro valuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva O‘zbekistonga keldi. U 7 iyun kuni Markaziy bankda o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashdi. Uchrashuvda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov va prezident maslahatchisi o‘rinbosari Timur Ishmetov ham ishtirok etdi.

Kristalina Georgiyeva talabalarning Markaziy Osiyoda suv muammosini hal qilishga oid savoliga javob berarkan, XVJ suv iqtisodiyotiga e’tibor qaratayotganini ta’kidladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

“Birinchi navbatda, mamlakatlarga ushbu resurs to‘g‘ri narxlanayotganiga e’tibor qaratishlarini tavsiya qilyapmiz”, – dedi u.

XVJ direktorining so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasida Qirg‘iziston, Tojikiston, ularning quyi oqimidagi suv manbalaridan foydalanadigan O‘zbekiston mustahkam huquqiy asos va hamkorlikka asoslangan noyob imkoniyatga ega.

“Men Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston manfaatlarini ifoda qiladigan ba’zi qo‘shma loyihalar haqida eshitib xursand bo‘ldim. Suv resurslari borasida birgalikda ishlab, birga sarmoya kiritsangiz, yaxshi natijalarga erishasiz.

Suvning qiymati, himoya qilish zarurati haqida axborotlardan jamoatchilikni xabardor qilish kerakligini ta’kidlagan bo‘lardim. Shuningdek, suv resurslarini boshqarishni jamiyat darajasiga olib chiqish kerak, chunki yomg‘irlar suvini yig‘ish uchun hali ko‘p ish qilish kerak. Keyin siz to‘plangan suv eng samarali tarzda ishlatilishiga ishonch hosil qilishingiz kerak”, – dedi iqtisodchi.

U O‘zbekistonda allaqachon ayrim ishlar qilinayotgan bo‘lsa-da, bundan ham ko‘proq ish qilish mumkinligini, O‘zbekistonda hali ham suv bozori shakllanmaganini ta’kidladi.

“Suvga nisbatan yaxlit iqtisodiy va siyosiy yondashuv zarur. Hali ham suvning bozor narxi shakllanmagan, bu oldingizda turgan va amalga oshirilishi kerak bo‘lgan islohotdir. Buning ijtimoiy oqibatlari haqida o‘ylab, juda ehtiyotkorlik bilan qilish kerak. O‘zbekistonda hozirda ijtimoiy himoya bo‘yicha yaxshi natijalar qayd etilgan, xuddi shu ijtimoiy himoyani maqsadli ravishda suvga nisbatan ham amalga oshirish mumkin. Ammo shuni aytmoqchimanki, agar biz suvga qadrlashimiz shart bo‘lmagan narsa deb qarasak, yaxshi natijalarga erishish qiyin bo‘ladi”, – dedi Kristalina Georgiyeva.

Mavzuga oid