Jamiyat | 12:03 / 08.06.2023
19860
5 daqiqa o‘qiladi

Insonning semirib ketishi uning geniga bog‘liqmi?

Genlar ortiqcha vaznga sabab bo‘ladigan asosiy omillardan biri hisoblanadi. Inson o‘zining genetik holati sabab ochlikni ko‘proq his qilib, ko‘proq ovqat yeyishga moyil bo‘lishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Agar siz boshqalarga qaraganda to‘lacharoq bo‘lsangiz, bunda geningizning ham ta’siri bor ekanini bilasizmi?

Olimlarning o‘rganishicha, genetik mutatsiya kishilarni ovqatdan qoniqmasliklariga sabab bo‘la oladi. Ularning organizmda yuzaga keltiradigan holati sabab inson ko‘proq tez-tez ovqat yeydi yoki kaloriyasi baland taomlarni iste’mol qilishga o‘ch bo‘ladi.

"Semizlik tanlov emas. Tana vaznining genetikasi miyamiz ovqatni qanday nazorat qila olishiga bog‘liq", deydi Kembrij universiteti genetigi Giles Yeo.

AQShda aholi yoshi katta qismining uchdan biri, 2 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning har olti nafardan biri ortiqcha vazndan aziyat chekadi.

Semizlikdan aziyat chekayotgan katta yoshli amerikaliklarning har beshdan ikki nafari oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklar, jumladan, qandli diabetning ikkinchi toifasi, yuqori qon bosimi, yurak qon-tomir kasalliklari va saratonning ma’lum turlariga chalinish ehtimoli yuqori qatlam hisoblanadi.

Ortiqcha vazn butun dunyo uchun umumiy muammolardan biri. JSST ma’lumotiga ko‘ra, 2030 yilda Yer yuzining 45 foiz aholisi semirib ketishi mumkin. Eng yomoni aynan semizlar koronavirusni juda og‘ir boshdan o‘tkazdi.

Insonlarni shuncha xavfga qo‘yayotgan semizlik epidemiyasining sababi nimada? Bu bizning odatiy turmush tarzimizga bog‘liqmi yoki bizga bog‘liq bo‘lmagan genimiz sababmi?

Iste’mol qilinayotgan ovqatlar va turmush tarzi ortiqcha vaznli odamlar ko‘payishida muhim rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, xuddi insonning bo‘y balandligi singari tana vazni holati ham 50 dan 80 foiz holatgacha genlarga ham bog‘liq. Garchi bitta genetik mutatsiya bilan semiz bo‘lib qolinmasa ham, ba’zilarning organizmida ko‘proq genetik o‘zgarishlarning sodir bo‘lishi ularni semizlikka moyilroq qiladi. Ayniqsa, genetik holat turmush tarzining zararli odatlari bilan qo‘shilib ortiqcha vazn olish ehtimolini oshirishi mumkin.

Tabiatan semizlikka moyillikning mavjud bo‘lishi 1949 yilda AQShdagi Jekson laborotoriyasida aniqlanadi. Sichqonlar ustida tajriba o‘tkazayotgan tadqiqotchilar laboratoriya jonzotlarining bir shtammi g‘ayritabiiy darajada semirib borayotganini payqashadi. Chunki ular ko‘p ovqat yer, lekin ko‘rinishidan ochga o‘xshashardi. Sichqonning semirib ketishi va ortiqcha ovqatlanishiga gen sabab bo‘layotganini isbotlash uchun 45 yil sarflangan. Semizlik geni tanada leptin deb nomlanadigan gormon ishlab chiqaradi. Leptin gormoni to‘yinganlik haqidagi signalni miyaga yuborishi kerak. Yetarlicha leptin bo‘lmasa, sichqonlar o‘zlarini och his qilaverishadi, yeyishadi va semirib ketishadi.

Keyingi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, leptin geni inson ishtahasini nazorat qilishga yordam beradigan murakkab tizimdagi bir qism xolos.

Yog‘ hujayralari leptinni qon oqimiga chiqaradi. Leptin esa miyaga to‘qlik signalini yetkazadi va yog‘ni parchalashga yordam beradi. Termometr uy haroratini nazorat qilgani kabi leptin inson tanasidagi yog‘ni nazorat qiladi.

Genlarning inson vazniga ta’sirini o‘rganish uchun o‘tkazilgan tadqiqotlardan birida 2,9 ming semiz kishilar bilan birga 5,1 ming sog‘lom vaznga ega kishilar solishtiriladi. Va aniq bo‘ladiki, FTO deb ataladigan genda o‘zgarish bor shaxslarning semirib ketish xavfi 22 foizga ko‘proq bo‘ladi.

Genida semirishga moyillik bor shaxslar o‘z harakatlarini nazorat qilishga ko‘proq e’tiborli bo‘lishlari, semizlikka sabab bo‘ladigan harakatlarini tartibga solishlari kerak bo‘ladi. Sababi genetikadan tashqari, yarim tayyor, shakarli mahsulotlarni ko‘p iste’mol qilish, kamharakatlilik, mahsulotlarning agressiv marketingi, turli dori-darmonlar ta’siri, salomatlik haqidagi ma’lumotlarni yetarlicha bilmaslik kabi sabablar ham semizlikka olib kelishi mumkin.

Qanday qilib semizlikka chalinmaslikka harakat qilish mumkin?

— Supermarket va bozorlarga ro‘yxat bilan, to‘q qorinda borish kerak. Chunki och qoringa keraksiz mahsulotlarni xarid qilish mumkin.

— 5 mahal kam-kamdan ovqat yeyilsa, bu qondagi qand miqdorini me’yorda ushlab turishga yordam beradi. Shu orqali ochlik hissini ham nazoratda ushlab turish mumkin.

— Ortiqcha vaznli insonlarga taomlanayotganda kichkina qoshiqda ovqat iste’mol qilishlari tavsiya etiladi.

— Ovqatni iste’mol qilib bo‘lgach ham ochlik hissi sezilsa, dasturxon boshidan turib ketish kerak. 15-20 daqiqadan keyin to‘qlik hissi keladi.

Mavzuga oid