“Qimmatga tushayotgan” ko‘mir – navoiyliklar tutun ichida yashamoqda
So‘nggi kunlarda Navoiy shahri havosining ifloslik darajasi ortib ketgan. Ekologlarga ko‘ra, bunga shahar chetidagi ohak ishlab chiqarish sexlarining ko‘mirga o‘tkazilgani sabab bo‘lmoqda. Shu holdayam hududdagi yirik sanoat korxonalari tufayli uzoq yillardan buyon toza havodan mosuvo navoiyliklar bunisi oshib tushganini ta’kidlashyapti.
Navoiy shahri havosi doim “qizil chiziq” ustida turgan. Bunga sabab, hududda yirik sanoat korxonalari borligidir. Yaqin yillargacha “Navoiyazot” AJdan atmosferaga chiqarilgan zararli moddalar miqdori ancha baland bo‘lgan. Biroq keyingi yillarda ushbu gigant korxona tomonidan buning oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Ming afsuski, bugunga kelib hududda atmosferaga chiqindi chiqarishda yirik korxonalar o‘rnini asta-sekinlik bilan kichik ishlab chiqarish sexlari egallab olmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi kunlarda navoiyliklar buni yaqqol sezishyapti: tutun ichida qolgan shaharda nafas olish og‘irlashgan. Bir necha kundirki shahar aholisi ijtimoiy tarmoqlarda shahar va unga tutash Karmana tumani hududlarida ko‘mir tutuni hamda hididan nafas olish qiyin bo‘layotgani, farzandlarida turli allergik kasalliklar alomatlari kuzatilayotgani haqida yozmoqda. Holat yuzasidan viloyat Ekologiya boshqarmasiga ham murojaatlar ko‘payib ketgan.
Karmana tumani markazida yashovchi Madina Adizovaning ta’kidlashicha, shahar havosining tobora ifloslanib borayotgani aholi noroziligi kuchayishiga sabab bo‘lyapti.
“Karmana tumanining Navoiy shahriga tutash qismida yashayman. Oxirgi yillarda global miqyosidagi ekologik o‘zgarishlar biz yashayotgan hududda ham yaqqol sezilib turibdi. Shahar atrofida qurilgan qonuniy-noqonuniy ishlab chiqarish korxonalaridan chiqarilayotgan zararli tutun aholi orasida norozilikning kuchayishiga, kasalliklar ortishiga sabab bo‘lyapti. O‘rta yoki katta yoshli fuqarolarga sezilmayotgandir, lekin yosh bolalarga ta’siri kuchli bo‘lyapti. O‘zim ham buviman, nevaram bor, stomatit, dermatit kasalliklaridan boshimiz chiqayotgani yo‘q. Aholining bee’tiborligimi, mutasaddilarning bee’tiborligimi, Navoiy shahri bugungi kunda yashash sifati ancha pasaygan shaharlar sirasiga kirib qoldi. To‘g‘ri, Navoiy industrial shahar, ishlab chiqarishni ham to‘xtatib bo‘lmaydi. Lekin aholi punktlari yonida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish qanchalik to‘g‘ri? Menimcha to‘g‘ri emas”, deydi Madina Adizova.
Navoiy shahrida yashovchi yana bir fuqaro O‘roloy Turdiyevaga ko‘ra, yangi tashkil etilayotgan kichik zavodlardan chiqayotgan zaharli gazlar shahar aholisini tashvishga solmoqda.
“Farzandlarim tug‘ilib, voyaga yetdi, nevaralarim tug‘ildi, bu shaharni tashlab ketish juda ham qiyin bizga. Lekin yillar mobaynida yashab kelyapmiz-u, har doim ekologiya muammosi bizni qiynab kelmoqda. Hududimizda ko‘plab sanoat korxonalari joylashgan. Mana shu tufayli o‘zi shundoq ham cho‘l hududida joylashgan Navoiy shahrida boshqa hududlarga qaraganda havo ifloslanishi, odamlar qiyinchiliklari mavjud. Bu muammoni hamma biladi: viloyat rahbarlari ham, respublikada ham. Boz ustiga endi shaharga yaqin hududlarda har xil kichik-kichik korxonalarning tashkil bo‘layotgani va bu zavodlardan chiqayotgan zaharli gazlar ham shahar aholisini juda katta tashvishga solib qo‘ymoqda.
Qarnabning yo‘lida qurilgan korxonalardan chiqyaptimi, bilmadim, ertalablari nafas olishga qiyin bo‘lib qolyapti. Qanaqadir tutunga o‘xshagan narsa qoplayapti shaharni”.
Har tong Navoiy shahri osmonida qopqoq singari turib qolayotgan tutunni bartaraf etishga Ekologiya boshqarmasining “kuchi” yetmayotgan ko‘rinadi. Negaki, ohakchilar tadbirkor, ularning ayrimlari vaziyatni o‘rganishga borgan ekologlarga hatto darvoza ochmayotgan ekan.
Aslida Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi viloyat hokimiga aprel oyi boshidayoq hududda joylashgan ohak va boshqa turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanyotgani, buning oqibatida havoga qurum, har xil ifloslantiruvchi hamda konseragin moddalar ajralib chiqayotgani haqida ma’lum qilgan. Boshqarma boshlig‘i o‘z xatida viloyat hokimidan qonunbuzilishlarining oldini olish uchun tegishli tashkilotlarga ko‘rsatma berishni so‘ragan. Lekin oradan 2 oy muddat o‘tganiga qaramay, vaziyat o‘zgarmagan.
Boshqarma xatida ma’lum qilinishicha, 7 aprel kuni tunda ishlayotgan ohak sexlari atrofida tahlil namunalari olib borilgan. Jarayonda atmosfera havosiga tashlanuvchi ifloslantiruvchi moddalarning barcha konsentratsiyalari belgilangan me’yor darajasidan bir necha baravar yuqori ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Jumladan, havoga tashlanayotgan vodorod sulfid 14,318 mg/m³ (me’yor 0,008 mg/m³), formaldegid 6,9982 mg/m³ (me’yor 0,035 mg/m³), uglerod oksidi 75,697 mg/m³ (me’yor 5 mg/m³), oltingugurt qo‘sh oksidi 2,0158 mg/m³ (me’yor 0,5 mg/m³) ekani aniqlangan.
“Viloyatimizning Navoiy shahar hamda Karmana tumani fuqarolari tomonidan atmosfera havosiga ifloslantiruvchi modda tashlanishi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Ushbu murojaatlar o‘rganib ko‘rilganida, aynan ko‘mir yoqilg‘isida ishlovchi ohak sexlari tomonidan Navoiy shahri havosiga ifloslantiruvchi moddalar tashlanishi aniqlangan. Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ohak ishlab chiqarish sexlari o‘rganilganida, bu korxonalar tegishli hujjatlarsiz ishlayotgani, ya’ni davlat ekologik ekspertiza xulosasi yo‘qligi yoki chang filtrlari o‘rnatilmagan holda faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi.
Navoiy shahri atrofida 15 ta ohak ishlab chiqarish sexi mavjud. Bu korxonalardan atmosfera havosiga me’yordan ortiq uglerod oksidi, azot oksidi chiqarilayotgani aniqlangan. Bu moddalar inson salomatligiga katta zarar yetkazadi”, deydi Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Tolmasjon Quvonov.
Viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan shu yil 12 aprel kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘iga ham holat yuzasidan xat berilgan. Lekin natija bo‘lmagan.
Shahar aholisi ijtimoiy tarmoqlarda holat yuzasidan norozi ekanliklarini bildirishmoqda. Masalan, Karmana tumanining shaharga tutash hududida yashovchi fuqaro Shahnoza Otaqulova havoning iflosligidan hatto uy derazalarini ochib qo‘yish imkonsiz bo‘layotgani haqida yozgan:
“Karmana tumani O‘zbekiston mahallasi hududi har kuni soat 2:00lardan to 7-8largacha shu darajada sasib ketadiki, chidab bo‘lmaydi: rezinami, ko‘mirmi hididan derazalarni ochib bo‘lmay qolgan. “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga asosan aholi o‘z salomatligi va kelajak avlodning salomatligi uchun qulay tabiiy muhitda yashash, o‘z salomatligini atrof muhitning zararli ta’siridan muhofaza qilish huquqiga ega. Ana shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi aholisi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha jamoat tashkilotlariga birlashish, atrof tabiiy muhitning ahvoli hamda uni muhofaza qilish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga doir axborotlarni talab qilish va olish huquqiga ega. Yuqoridagilarga asosan, mahallamiz aholisi ifloslanmagan havodan nafas olishi uchun atmosferaga zaharli chiqindilar chiqarayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan chora ko‘rishida yordam berishingizni so‘raymiz”.
Yana bir fuqaro Kamol Yo‘ldoshev esa turli kasalliklar ortib borayotganidan xavotirini bildirgan.
“Navoiyda har xil kasalliklar borgan sari ko‘payib bormoqda. Yosh bolalarning allergik xastaliklarga chalinayotgani, endokrinologik va onkologik kasalliklarko‘payib borayotgani aholini juda qiynab qo‘ydi. Oilamiz bilan boshqa shaharga ko‘chsakmikan, degan xayolda yuribmiz”, deya izoh qoldirgan u ijtimoiy tarmoqda.
Navoiy shahri aholisining e’tirozlariga sabab bo‘layotgan mazkur holat respublika miqyosidagi mas’ullar tomonidan tezkor nazoratga olinishi va tegishli choralar ko‘rilishi zarur. Ohak sexlarining bu tarzda ishlashda davom etishi, har tongda shahar osmonini ko‘mir tutuni qoplashi o‘zi shu turishda ham mavjud ekologik muammolarga ko‘nib yashayotgan navoiyliklar uchun adolatsizlik bo‘ladi.
Ruslan Saburov, Kun.uz.
Montaj ustasi: Asror Almuradov.
Mavzuga oid
07:37
Aholini ko‘mir bilan ta’minlash uchun ajratilgan mablag‘ni talon-toroj qilgan shaxs ushlandi
21:54 / 23.12.2024
Mo‘g‘uliston havo ifloslanishini kamaytirish uchun «ko‘k ko‘mir» ishlab chiqaradi
19:59 / 17.12.2024
Qoraqalpog‘istonda 1 mlrd so‘mlik ko‘mir talon-toroj qilingani aniqlandi
23:29 / 04.12.2024