Jamiyat | 17:23 / 19.06.2023
26348
3 daqiqa o‘qiladi

«Qo‘y boqish oson ish emas» – beshariqlik Shuhratjon cho‘pon

Shuhratjon Ehsonov Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanidan. U hozirda Chotqol tog‘ tizmalarining Toshkent viloyati hududida cho‘ponlik qilmoqda. U ko‘p yillardan beri qo‘ylarini Qoraqushxona deb ataladigan joyga olib chiqib boqadi. Kun.uz muxbiri odamlardan olisda mehnat qilayotgan cho‘ponlarning mashaqqatli bir kunini tasvirga olib qaytdi.

Shuhratjon aka hozir 56 yoshni qoralagan. U yoshligidan cho‘ponlik qilib keladi. Orada biroz boshqa sohada ishlagan va mana ikki yil bo‘libdiki, cho‘ponlikka yana qaytgan. Uning aytishicha, cho‘ponlikni tanlagan odam uning qiyinchiliklariga ham tayyor turishi kerak. Qo‘ylar qorni och qoldi deguncha o‘tga intiladi, u xoh kechasi bo‘lsin, xoh kunduzi. Podani kechasi 12:00da boqishni boshlashadi.

«Orada ozgina dam olganidan so‘ng, soat to‘rt yarim-beshlarda yana yaylovga haydaymiz. Soat sakkizlarda qorni to‘yib chodir yoniga kelishni boshlaydi. Shu bilan kun isiganda dam olamiz. Kechga borib soat 16-17 atrofida yana o‘tlatgani olib chiqamiz», – deydi Shuhratjon aka.

Cho‘ponlarga ko‘ra, qo‘ylarni eng qiyin boqadigan mavsum yomg‘ir yog‘ib, tuman tushgan paytda bo‘ladi. U paytda qo‘ylar ham bir-birini ko‘rmaydi, cho‘pon ham qo‘ylar qayerga qarab harakatlanayotganini anglamay qoladi. Shu sababli bunday hollarda cho‘ponlar halqa shaklida podani aylanib chiqishadi. 

Qorong‘i, yomg‘ir, sovuq, uning ustiga usting shalabbo bo‘lgan holatda ham podani yolg‘iz tashlab ketib bo‘lmaydi. Chunki atrofda doimo qo‘y ilinjidagi bo‘rilar izg‘ib yuradi. Shuhratjon akaning aytishicha, bu yil bo‘rilarga qo‘y oldirgani yo‘q ekan. Lekin atrofdagi qo‘shni cho‘ponlar podasidan bir-ikkita qo‘y oldirilgan.

Cho‘ponlar har 10-15 kunda tog‘ning yuqori qismiga ko‘chib o‘tadi. Boisi, joylashgan yerida o‘tlarni qo‘ylar yeb bitiradi. Shu tufayli yuqorida yangi yaylov sari chiqib boraveradi. Cho‘ponlar yuqorilagani sari tepadagi qoralar ham kun issig‘idan erib boradi. Sentabr oyi o‘rtalarida qo‘ylarni olib ortga qaytish boshlanadi. Hozir esa podaning eng semiradigan payti.

Cho‘ponlik qanchalik mashaqqat bo‘lmasin, halol mehnat, tog‘ning toza havosi, atrofdagi sokinlik uni bu ish bilan shug‘ullanishga chorlayverishini ta’kidlaydi qahramonimiz.

Tohirjon Tursunov
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid