Jamiyat | 11:26 / 19.06.2023
17598
5 daqiqa o‘qiladi

«Yolg‘izlikning yuz yili» - qalb yolg‘izligi og‘riqlari haqidagi asar

Foto: AP

Inson uchun eng dahshatli narsa bu – qalban yolg‘izlik. Bunday yolg‘izlik ich-etingizni kemiradi, fe’lingizni aynitadi, cheksiz ruhiy azoblarga duchor qiladi. Kundan kunga insonlar uchun yopilib borayotgan qalbingizni yolg‘izlik chirmovuqlari o‘rab borayotganini ko‘rib turasiz. Ammo hech narsa qilolmaysiz.

Dunyoning mashhur yozuvchisi Gabriyel Garsia Markesning «Yolg‘izlikning yuz yili» asari qahramonlari ham aynan shunday yolg‘izlik domiga tushganlardan. Yozuvchi asar orqali qalb yolg‘izligining fojiali oqibatlarini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi.

«Yolg‘izlikning yuz yili» bir qaraganda bema’ni va tushunarsiz kitobdek tuyulishi mumkin. Ammo uning adabiyot durdonalari safida turgani, kitob oddiy asarlardan emasligini anglatadi. Ushbu kitobni o‘qiy boshlagan kitobxonlarning yo‘q deganda, 40 foizi asarning nari borsa 100 sahifasini o‘qir-o‘qimas tashlab qo‘yadi. 

Asar chindan ham g‘alati. Voqealar bir-biriga bog‘lanmagandek tuyuladi. Sirtdan qaraganda, shahvoniy hislarni targ‘ib etayotgandek ham. Bir qarasangiz fantastika, bir qarasangiz mifologiya unsurlari uchraydi. Ammo kitobxon mutolaani davom ettiraverishi kerak. 

Uning yozilish tarixi ham o‘zi kabi g‘alati bo‘lgan. Markes ushbu durdonasini qancha qarzlar evaziga, uyga qamalib olib yaratgan. Nashrdan chiqarish uchun hatto ayoli Mersedesning fenigacha garov qo‘yishga to‘g‘ri kelgan ekan. Shunga yarasha asar yozuvchi uchun shon-shuhrat ham olib keldi. Kitob tugagandan so‘ng boshlanadigan asarlar sirasiga kiradi. Kitobxon o‘qish jarayonida mantiq izlab charchaydi. Adibning maqsadini tushunolmay qiynaladi. Yakunlagandan so‘ng boshlanadi aslida hammasi. Haftalab miyasida analiz, sintez jarayonlari kechadi. 

Birinchi savol asar nomi yuzasidan tug‘iladi. Nega aynan «Yolg‘izlikning yuz yili»? Axir asarda yolg‘izlikka doir birorta belgi uchramaydi-ku!

Yozuvchi asardagi yolg‘izlikni o‘z lug‘aviy ma’nosida qalamga olmagan. Yolg‘izlik deganda atrofda hech kimsa yo‘qligi, yakka holatda o‘tirishni tushunmaslik kerak. Bir insonning atrofida yuzlab odamlar bo‘lishi mumkin. Ammo u o‘zida qalban yolg‘izlikni his qilsa baribir yolg‘iz, yana bir insonning yonida tirik jon bo‘lmasligi mumkin, lekin unda shirin xotiralar, dilida iymon-e’tiqod bo‘lsa, u sira ham yolg‘iz emasdir. 

Ishonchdan ayrolik, o‘zlikni yo‘qotish, maqsadsizlik, umidlar chilparchinligi, xudbinlik, axloqsizlik kabi holatlar ham yolg‘izlikning bir ko‘rinishidir. Markesning har bir qahramoni mana shunday yolg‘izlik changalida edi. Asar ramzlarga to‘la. Har qaysi detaldan ma’no topish mumkin. Masalan, Buyendia va Ursula tark etgan shaharni olaylik. Odamning vatani uning o‘zligi hisoblanadi. Ular o‘z shaharlarini tark etish orqali o‘zliklarini tark etgandek bo‘lishdi. 2-detal –– uyqusizlik kasali. Bu kasallikka chalinganlar hech qanday lanjlik sezmaydi. O‘zlarini tetik his qiladi. Kasallikning birdan bir va dahshatli zarari xotiradan ayrilishdir. Bu har qanday darddan ko‘ra mudhishroq. Xotirasi yo‘q odam manqurt va o‘zliksiz. Uning yashashdan maqsadi ham, mazmuni ham qolmaydi. Ushbu detal insonlarning tarixni unutishi, o‘zlikning yoddan ko‘tarilishi ramzi bo‘lib xizmat qiladi. 

Tarixi yo‘q insonning, tarixi yo‘q davlatning, albatta, kelajagi ham yo‘q. Adabiyotshunoslar Markes bu asari orqali adabiyotga Qiyomat utopiyasini olib kirgan deb hisoblashadi. Asar so‘ngida butun bir sulola yo‘q bo‘lib ketadi. 

Rumiyning mashhur bir fikri bor: «Meni menda demang menda emasman. Bir men bordir menda mendan ichkari...» Har bir insonning mana shu ichkarisidagi «men»i yolg‘iz bo‘lmasligi lozim. Bu qalb yolg‘izligi, ruh yakkaligi ma’naviy qashshoqlikka, axloqiy buzuqlikka, Xudodan uzoqlashishga olib keladi. «Yolg‘izlikning yuz yili»ni hali ko‘p tahlil va talqin qilish mumkin. Yarmiga yetib yetmay tashlab qo‘ygan kitobxonlarga kitobni chang bosib yotgan tokchasidan qayta olib o‘qib chiqishini tavsiya qilamiz. 

Gulasal Qodirova, kitobxon

Mavzuga oid