Jahon | 16:06 / 24.06.2023
51851
5 daqiqa o‘qiladi

Foto: Rostov markazida tanklar, BTRlar va harbiylar

Shahar «Vagner» kuchlari tomonidan egallandi. Gubernator aholidan uydan chiqmaslikni so‘ragan.

24 iyunga o‘tar kechasi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligiga urush ochganini e’lon qildi.

Prigojin 25 ming askari bilan Moskva tomon yurish qilishi haqida o‘ziga tegishli Telegram-kanallarda ovozli xabar e’lon qilgan. Shuningdek, u armiyani o‘z safiga chorlagan. Biroz o‘tib minglab askarlar Rossiya Federatsiya qurolli kuchlari safidan «Vagner» XHKga o‘tish istagini bildirayotganini e’lon qilgan.

Prigojin Putinga qarshi emas, RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu va RF QK bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimovga qarshi urush ochganini ta’kidlagan. Bunga sabab RF qurolli kuchlari tomonidan «Vagner»ning Ukraiinaning Baxmut shahri yaqinidagi harbiy bazasiga kunduzi vertolyotlardan raketa zarbasi berilib, o‘nlab jangchilar o‘ldirilgani bo‘lgani aytilmoqda. «Vagner»ga tegishli Telegram-kanallar zarba videotasvirlarini e’lon qilishgan.

«Vladimir Putin janob Prigojinning bayonotlaridan keyingi vaziyatdan xabardor», — degan RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Rossiya Federatsiyasi Milliy aksilterrorchilik qo‘mitasi Yevgeniy Prigojinning bayonotlaridan so‘ng unga nisbatan qurolli qo‘zg‘olonga chorlash moddasi bilan jinoyat ishi ochilganini e’lon qildi. «Yevgeniy Prigojin nomidan tarqatilayotgan ta’kidlar hech bir asosga ega emas. Bu bayonotlar yuzasidan RF Federal xavfsizlik xizmati qurolli qo‘zg‘olonga chorlash fakti yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Noqonuniy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilamiz», — deya Milliy aksilterrorchilik qo‘mitasining xabarini keltirgan TASS.

RF Mudofaa vazirligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Yevgeniy Prigojin nomidan tarqatilayotgan barcha xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va provokatsiya ekanligi haqida xabar bergan. Mudofaa vazirligi RF QK «Ukraina qurolli kuchlari bilan to‘qnashuv chizig‘ida jangovar vazifalarni bajarishda davom etishi»ni ta’kidlagan.

24 iyun kuni tongda vagnerchilar Rostov markaziga kirib kelishdi. Rossiyaning TASS agentligi fotobankida kamuflyajda bo‘lgan va qurollangan shaxslar fotosuratlari paydo bo‘ldi, bu suratlarda «Vagner» jangchilari Janubiy harbiy okrug shtabi binosi atrofida joylashayotgani aks etgani aytiladi. Shuningdek agentlik shahar markaziga olib kelingan zirhli texnikalar fotolarini e’lon qilgan.

161.ru nashri xabariga ko‘ra, zirhli texnikalar kolonnasi shaharga Aksay tomondan kirib kelgan va Janubiy harbiy okrug shtabi atrofiga joylashgan.

Rostov oblasti gubernatori Vasiliy Golubev soat 5:50 da aholini Rostov-na-Don shahri markaziga kelishdan tiyilishga chaqirgan. «Hurmatli hamshaharlar! Yuzaga kelgan murakkab vaziyat tufayli shahar markaziga safar qilishdan tiyilishni va imkon qadar o‘z uylaringizdan chiqmaslikni tavsiya qilaman», — deya yozgan u telegram-kanalida.

O‘z navbatida, FVV telegram-kanallarda shaharda komendantlik soati joriy etilgani haqida feyk xabarlar tarqalganidan ogohlantirgan.

Rostov oblastidan shimoldagi Voronej oblasti hukumati M-4 «Don» trassasi bo‘ylab (Moskva tomonga) harbiy texnikalar harakatlanayotgani to‘g‘risida xabar berib, aholidan federal trassadan harakatlanmaslikni so‘ragan.

Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
Foto: Erik Romanenko / TASS
«Vagner» XHK jangchilari Rostovdagi sirk darvozasidagi tankda. Avvaliga OAV tank tiqilib qolganini taxmin qilgandi — ammo keyin aniqlik kiritilishicha, u mudofaa vazirligi shtabiga kirish qismini bloklash uchun ataylab shunday o‘rnatilgandi.
Reuters / Scanpix / LETA

 

Mavzuga oid