O‘zbekiston | 10:56 / 27.06.2023
9950
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyaning Kagava prefekturasi O‘zbekistondan ishchi kuchi yollamoqchi

Yaponiyaning Kagava prefekturasi va Sirdaryo viloyati o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi

Foto: Dunyo AA

O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov boshchiligida diplomatik missiya delegatsiyasi Yaponiyaning Kagava prefekturasiga ishchi tashrifi doirasida prefektura gubernatori Toyoxito Ikeda bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama hududlararo munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bugungi kunda O‘zbekiston va Yaponiya hududlari o‘rtasida ko‘plab samarali hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani, Toshkent-Nagoya, Samarkand-Nara, Rishton-Maydzuru shaharlari o‘rtadagi birodarlik  aloqalari qayd etildi. 

O‘zbekiston vakillari Kagava prefekturasi va  Sirdaryo viloyati o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish taklifini  bildirishdi.

Prefektura gubernatori Toyoxito Ikeda O‘zbekiston, xususan Sirdaryo viloyati bilan hududlararo aloqalar o‘rnatishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Gubernator hozirgi kunda Kagava prefekturasi sanoati uchun injyener mutaxassislari yetishmayotganini ta’kidlab, O‘zbekistondan ishchi kuchini yollashga qiziqishi borligini ma’lum qildi.

Uchrashuvda universitetlar va maktab ta’limi yo‘nalishi bo‘yicha akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Kagava prefekturasidagi ta’lim muassasalarida o‘zbekistonlik o‘quvchi va talabalar uchun qisqa muddatli kurslarni tashkil qilish, Yaponiya yuqori maktabi o‘quvchilarining xorijiy ilmiy safarlarini O‘zbekistonda o‘tkazish kabi masalalar bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrif doirasida elchixona vakillari Yaponiyaning OISCA tashkilotining Shikoku bo‘linmasi qoshidagi o‘quv markazida bo‘lib, markaz direktori Ishimi Yasuo, OISCA ijrochi direktori Ishii Yoshio hamda amaliyotchilar bilan uchrashdi.

Mavzuga oid