Jahon | 13:56 / 02.07.2023
12691
11 daqiqa o‘qiladi

«Parim bo‘lsa…» – favqulodda buyuk va samimiy muhabbat haqida hikoya

Orzu-maqsadsiz, umidsiz yashab bo‘lmaydi. Orzusiz inson – inson emas. U tirik jism xolos. Orzu degani esa chegara bilmaydi. Ko‘ngilga qo‘yib bersang, nimalarni istamaydi. Yoshdan, maslakdan qat’i nazar odam nimanidir istayveradi. U istak esa xoh ma’nili bo‘lsin, xoh ma’nisiz istovchisi uchun eng buyuk omil. Abduqayum Yo‘ldoshevning «Parim bo‘lsa…» hikoyasi bosh qahramoni G‘aniboy ham orzusi yo‘lida aqldan ozdi…

Syujyet: 

Asar shahar jinnisi bo‘lgan Ibodulla haqida batafsil ta’rif bilan boshlanadi. U shunchalar shaharni sevadiki, har gal shaharga tushish u uchun bayram bo‘lardi. U o‘zini shaharda shunday tutardiki, shaharliklar uni chindan shaharlik deb o‘ylardi. Ovullarida kim shaharga bormoqchi bo‘lsa, uni ham birga olib ketishardi.

Shunday yumush bilan uni bir kun boyvachcha tadbirkor, ovulining “kattasi” hisoblanmish G‘aniboy chaqirtirib qoladi. G‘aniboy filologiya fakultetida o‘qigan, ammo bu sohada bir kun ham ishlamagandi. U Ibodulladan shaharga o‘zi birga tushib chiqishini iltimos qiladi. Ibodulla rozi bo‘ladi. Shaharga borgach esa uni hayratga soluvchi voqealar guvohiga aylanadi. 

Ular shaharga borgach teatrga tushadi. “Oqqush ko‘li” nomli namoyishga kirishadi. U yerdan G‘aniboy bitta baletchi qizga es-hushidan ayrilgulik darajada termiladi. U o‘sha balerinaga avvalroq oshiq bo‘lib qolgandi. Bu shunday oshiqlik ediki, buni G‘aniboyning o‘zi bir ko‘rishdagi muhabbat deb hisoblardi. U uchun shaharning o‘rtasidan katta bir imorat qurdirgandi. Bu imoratni Ibodullaga ko‘rsatganda Ibodulla hang-u mang bo‘lib qoladi.

Afsuski, balerina ayolning boshqa sevgani bor edi. O‘sha ma’shug‘i bilan uyiga kirib ketayotganini ko‘rgan G‘aniboy aqldan ozgudek bo‘ladi va o‘sha joydayoq yiqiladi. Telbavor holatda o‘rnidan turadi. Shifoxonada unga “psixogen amneziya” tashxisini qo‘yishadi. Borib-borib tildan qoladi. Xullas, u o‘z hayoti mazmuni deb o‘ylagan muhabbati vayron bo‘lganini hazm qilolmaydi…

Tahlil: 

Hikoyada oddiy, mehnatkash insonlar hayoti qalamga olinadi. Hikoyani o‘qib borarkansiz Ibodulla haqida uzundan uzoq ta’rif-u tasvirlashlardan hozir nimadir bo‘ladi-yu Ibodulla nimadir qiladi va asar kulminatsiyasi boshlanadi deb o‘ylaysiz. Yo‘q. Kulminatsiya G‘aniboy bilan sodir bo‘ladi. E’tibor berilsa, ikki qahramon ham boshqalardan ozroq bo‘lsa ham farq qiladi. Ibodulla shaharga o‘chligi, shahar desa o‘zini tomdan tashlashi, borgach o‘zini tutishi, ya’ni ozroq quvligi bilan ajralib tursa, G‘aniboy esa aynan filologiya fakultetida o‘qib, ammo bu sohada biror kun ham faoliyat olib bormagani hikoya boshidayoq “qistirib o‘tiladi” (Ko‘pchilikka sir emaski, filologiyada o‘qigan yigitlar ozroq romantik bo‘ladi).

Ko‘pchilikda savol tug‘iladi: ma’lum bo‘lishicha, G‘aniboy yoshi katta, yosh bilan barobar obro‘si ham ancha bo‘lgan el ko‘zidagi inson. Nega shuncha obro‘ga, umrga erishib qo‘yib keyin o‘zini xarob qildi?

Buning sababi oddiy. Siz biror orzungiz amalga oshishi uchun tinmay harakat qilasiz. Amalga oshgach boshqa orzularni o‘ylay boshlaysiz. Unga ham erishasiz. Erishasiz, erishaverasiz. Har bir orzu-maqsadingiz ro‘yobga chiqqani sari sizdagi bo‘shliq to‘lib boraveradi. Endi siz shunday orzularni xayollaysizki, aqlga sig‘maydi. Aqlga siqqan taqdirda ham amalga oshishi mushkul. G‘aniboyda ham xuddi shu hol sodir bo‘ldi. U nega o‘z sohasida ishlamadi? Chunki yigitlik chog‘ida u boyib ketishni orzu qilardi. Shu orzusiga tinmay harakat qildi. Erishdi. Puli bor, demak, boshqa hamma orzusi oyoqlari tagida. Pul ko‘plab orzularni amalga oshirish uchun vosita bo‘la olishi mumkin, faqat ko‘ngil ishi uchunmas. G‘aniboy endi pul bilan erishib bo‘lmas orzular sari intila boshladi. Qachonlardir chang bosib miyasining chetida qolib ketgan bilimlari, adabiyotdagi nafis tuyg‘ular to‘g‘risidagi misralari asta uyg‘onib ko‘ngliga ko‘cha boshladi. Ularsiz hayotida nimadir yetishmayotganini his qilib yashayotgan G‘aniboy ularga tez va oson taslim bo‘ldi.

Shunday katta odam balerinaga oshiq bo‘lib, asar yaratishi, katta imorat qurishi, aqldan ozishi noreallikdek ko‘rinishi mumkin, ammo atrofimizda shunga o‘xshash voqealar tiqilib yotibdi. Zero aql bilan ko‘ngil har doim ham kelishavermaydi. G‘aniboyning bu ishlari ko‘ngil amri bilan vojib bo‘layotgandi.

G‘aniboy nega aynan Ibodullani tanladi degan savol ham qiziq. Balki, Ibodullaning tabiatini o‘zining ayni holatiga o‘xshash ko‘rgandir. G‘aniboyning o‘sha holatiga tushgan har qanday odam sirini kim bilandir bo‘lishgisi, kimgadir holatini tushuntirgisi keladi. Misoli shoh bo‘lsa, o‘zini gadodek sezadi. Shu ruhiy holatidan kelib chiqib suvchisiga(shoh xizmatkoriga) dilini yozishni ma’qul bilgandir. Balki, ko‘r ko‘rni qorong‘ida topgandir (boshida ta’kidlanganidek, G‘aniboy balerinaga oshiq bo‘lsa, Ibodulla shaharga mushtoq edi).

Har bir shaxs o‘z qarshisida bir odam, olomon ichida boshqa odam bo‘lib yashaydi. Niqoblanishimiz tabiiy instinkt. Ibodulla ham G‘aniboyning o‘zgarib qolganini eshitib avvaliga xalqdek fikrladi, hayron bo‘ldi, xatti-harakatlariga ensa qotirdi. Ammo masalaning asl mohiyatiga tushungach, o‘zi guvoh bo‘lgach, sababini bilgach boshqacha fikrlay boshladi. G‘aniboy sabab qancha tuhmatlarga qolib, turmushi umuman boshqa o‘zanga burilib ketsada G‘aniboyni yolg‘izlatmadi (albatta, G‘anining tuzalishidan boshqa ilinji, xotin, bola-chaqasini qaytarish ham bor edi). 

Hikoya nomiga to‘xtaladigan bo‘lsak, nega aynan «Parim bo‘lsa...» Alisher Navoiyning shu so‘zlar bilan boshlanuvchi g‘azali bor:

Parim bo‘lsa uchub qochsam ulustin to qanotim bor,

Qanotim kuysa uchmoqdin, yugursam to hayotim bor.

Ya’ni qaniydi qanotim bo‘lsa-yu, odamlardan qochib ketsam. Agar qanotim kuysayam, hayotim oxirigacha yugursam, bu xalqdan qochsam bo‘ldi.

G‘aniboyning tuyg‘ulari oddiy xalq uchun kulgili edi. Uni hech kim tushunmas, tushunishni-da istamasdi. Uning qalbidagi toza tuyg‘ularni mazax qilishdan nariga o‘tisholmasdi. Shuning uchun ham ushbu g‘azaldan foydalanilgan. Qolaversa, G‘aniboy filologiyani tamomlagandi…

G‘aniboyning ham orzusi chetdan qaraganda juda yengil va o‘tkinchi, tosh bosmaydigan bema’ni edi. Lekin bu yengil deganimiz orzusi u uchun naqadar buyuk, naqadar jiddiy va naqadar ulug‘ ekanini olib kelgan og‘ir oqibatlari, sohibining boshiga solgan fojialari orqali bildik. 

Hikoya so‘ngida muallif «Bayonchidan» deya o‘z shaxsiy fikrini bildirib ketgan. 

«Odam ko‘pincha o‘zi ko‘rgisi kelgan narsalarnigina ko‘radi, eshitgisi kelgan gaplarnigina eshitadi. Hoynahoy, pul topib, aql topmagan bechora G‘aniboy ham shu ko‘yga tushgan. Bunaqangi kasallik esa yuqumli bo‘ladi: inchunun, jo‘ram Ibodullaning tashxisi ham ma’lum… Demak, aslida hech qanaqangi balerina-palerina bo‘lmagan. Eshitganlarim esa ikki kap-katta erkakning sarob orzulari, aldamchi ilinjlari va… ro‘yo izmidagi tentakliklari hosilasi, xolos. Balki ular bir xilda tush ko‘rgandirlar-u, shuni asl voqelik deb qabul qilishgandir… Hoynahoy, bu yosh bilan ham bog‘langan: o‘ttizdan oshib-qirqqa yaqinlashgan bir xil erkaklarda shunaqangi allatovur «xasta»lik uchrashini, oxiri-oqibat ular ichidan o‘zlarini boshqarolmay qolgan ayrim irodasizlarining tomi ketib qolishini eshitgandim… Har ne bo‘lganda ham endi buni qat’iy ishonch bilan ayta olaman: barisi bekor. Hayotga ko‘zni kattaroq ochib, hushyor qarash kerak. Ana shunda hammasi bor-boricha, asli qanday bo‘lsa shundoqligicha ko‘rinadiyu, allaqanday bekorchi dovdirash-alahsirashlarga, telbaliklarga o‘rin qolmaydi…»

Muallifning yuqoridagi fikrlari o‘zini aldashdek bo‘lib tuyuldi. Xuddiki, men bu holga hech qachon tushmayman, bunaqa saroblarga ishonmayman. Unaqasi bo‘lmaydi degandek, ammo G‘aniboyning holati, Ibodullaning tuyg‘ulari hayotda ko‘p uchrab turadi. Inson zoti bir narsaga barcha umidini tiksa-yu birdan ko‘z o‘ngida hammasi puchga chiqsa. Buni tana ko‘tara oladi-yu ammo ruhiyatga qattiq zarba bo‘ladi. Psixologiyada katta o‘zgarishlar bo‘lib, uning og‘ir asoratlari tanaga ko‘chadi. G‘aniboyda ham xuddi shu hol yuz berdi. Qancha yillar to‘lmagan bo‘shlig‘i to‘lay deganda hammasi tamom bo‘ldi. Buni faqat boshiga tushgan tushunadi...

Gulasal Qodirova

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Mavzuga oid