O‘zbekiston | 18:24 / 04.07.2023
34552
5 daqiqa o‘qiladi

Kvotalar tasdiqlandi, imtihonga oz qoldi – abituriyentlar nimalarni bilishi kerak?

OTMga qabul kvotalari to‘laligicha tasdiqlandi. Endi abituriyentlar grant, to‘lov-kontrakt va maqsadli qabul parametrlari haqida to‘la ma’lumotga ega. Qabul tugashiga esa yana yarim oy qoldi.

Foto: Kun.uz

Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul boshlanganiga deyarli yarim oy bo‘lgan bo‘lsa-da, 4 iyul ertalab holatiga atigi 154,6 ming abituriyent o‘qishga kirish uchun onlayn ariza topshirgan. Vaholanki, bu yil 1,2 mln abituriyent hujjat topshirishi prognoz qilingan. Abituriyentlarning faol emasligini kvotalarning e’lon qilinishi kech qolgani bilan izohlash mumkin. Lekin kechikib bo‘lsa-da, OTMning bakalavriat, magistraturasiga kvotalar tasdiqlandi. Qo‘shimcha va maqsadli qabul parametrlari ham e’lon qilindi. Endi abituriyentlar ko‘ngil xotirjam, bemalol tanlagan yo‘nalishlariga hujjat topshirsa bo‘ladi.

Abituriyentlar uchun asqatadigan muhim jihatlarni sanab o‘tamiz.

Maktab baholari hisobga olinmaydi

Eng asosiy yangiliklardan biri OTMga kirish imtihonlarida bitiruvchilarning so‘nggi 6 yillikdagi baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi hisobga olinmasligidir. Shu yildan baholar imtihonda to‘plangan ballga qo‘shilishi kerak edi, biroq bu tartib hali amalga kiritilmasdan 2 yilga kechiktirildi.

Bu degani joriy yilda majburiy 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholari oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida inobatga olinmaydi.

Maqsadli qabul parametrlari haqida

Abituriyent o‘qishga topshirayotgan payti maqsadli qabulni tanlashi yoki tanlamasligi mumkin. Agar tanlasa, u maqsadli qabul uchun o‘z hududiga ajratilgan grant o‘rinlar tanlovida ishtirok etadi va budjet asosida kirish imkoni ko‘proq bo‘ladi. Biroq agar maqsadli qabul bo‘yicha o‘qishga qabul qilinmasa ham, barcha abituriyentlar qatori umumiy tanlovda qatnashadi.

Maqsadli qabulda o‘qigan talabalarda o‘qishni tugatgach o‘z hududida 5 yil ishlab berish majburiyati bo‘ladi.

Tibbiyot sohasi, olis va chekka hududlardagi maktablar va yana boshqa sohalar bo‘yicha maqsadli qabul kvotalari e’lon qilingan.

Xotin-qizlar uchun ajratilgan kvotalar taqsimoti ham e’lon qilindi

Ehtiyojmand oila xotin-qizlari uchun 2 mingta grant o‘rinlari va 5 yillik stajlilar uchun 500 ta kontrakt kvotalar taqsimoti e’lon qilindi.

2 mingta grant hududlar kesimida taqsimlangan.

Unga ko‘ra:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 111;
  • Andijon viloyati – 183;
  • Buxoro viloyati – 112;
  • Jizzax viloyati – 81;
  • Qashqadaryo viloyati – 193;
  • Navoiy viloyati – 60;
  • Namangan viloyati – 165;
  • Samarqand viloyati – 227;
  • Surxondaryo viloyati – 155;
  • Sirdaryo viloyati – 50;
  • Toshkent viloyati – 177;
  • Farg‘ona viloyati – 221;
  • Xorazm viloyati – 110;
  • Toshkent shahri – 155 ta o‘rin ajratilgan.

Bundan tashqari, xususiy OTM talabalariga ajratiladigan mingta kvota ham oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlandi.

Harbiy tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun 9,5 mingta kvota ajratildi.

Eslatib o‘tamiz, qo‘shimcha kvotalarning barchasi umumiy qabul parametrlaridan tashqari hisoblanadi.

Ijodiy imtihon olinadigan yo‘nalishlar

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijodiy imtihon olinadigan yo‘nalishlar ro‘yxatini ham e’lon qildi.

Ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlar ham Bilim va malakalarni baholash agentligining test imtihonlarida qatnashishadi. Ular faqat majburiy fanlar blokidagi ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixidan jami 30 ta test savolini ishlashadi.

Chet tilidan ijodiy imtihon olinadigan yo‘nalishlar haqida

Bu yil 8 ta OTMda chet tilidan ijodiy imtihon olinadi. Test savollari B1 darajada bo‘ladi. 

Bu OTMga hujjat topshiradiganlar faqat shu 8 ta OTM ichida tanlov qilib, 5 ta yo‘nalishni tanlash imkoniga ega. Ular boshqa test olinadigan yo‘nalishlarga hujjat topshira olmaydi.

Magistraturaga qabul

Magistratura bosqichi uchun ham 1 iyuldan qabul boshlandi.

Qabul kvotasiga ko‘ra, bu yil magistraturaga 17,1 ming abituriyent qabul qilinishi rejalashtirilgan. Chet tili sertifikati talabi o‘z kuchida.

Magistraturaga bakalavriat bitiruvchilari mos va turdosh yo‘nalishlar bo‘yicha hujjat topshira oladi.

Bundan tashqari, respublikada belgilangan tartibda tashkil etilgan xorijiy davlatlar OTM yoki filiallari hamda nodavlat OTM bitiruvchilari mos (muvofiq) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovda qatnashadi.

Turdosh ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatiga kirmagan yo‘nalishlar bitiruvchilari faqat shu ta’lim yo‘nalishi mutaxassisliklari bo‘yicha tanlovda qatnashadi.

Mavzuga oid