O‘zbekiston | 09:51 / 06.07.2023
23604
2 daqiqa o‘qiladi

Urganch shahrining sobiq hokimi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Xorazm viloyatining Urganch shahri hokimi lavozimida ishlagan Shuhrat Abdullayev 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. 

Foto: Urganch shahar hokimligi axborot xizmatiaw

Oliy sud xabariga ko‘ra, 2023 yil 4 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudida sudlanuvchi Sh.A.ga (1967 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, 2018-2020 yillar mobaynida Urganch shahar hokimi lavozimida ishlagan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra Sh.A. Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. 

Unga 2 yilga muayyan huquqdan, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mansabdor va moddiy javobgar shaxs lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

Ushbu qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Xorazm viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest bildirishga haqliligi ma’lum qilingan.

  • Shuhrat Abdullayev muqaddam Xorazm viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan, 2018 yil oxirida Urganch shahri hokimi etib tayinlangandi.
  • 2020 yil dekabrida esa u lavozimidan ozod etilgandi, ammo u qo‘lga olingani haqida xabar berilmagandi.

«Xorazm Beklari» ishi: Hokimlik tadbirkordan 5 milliard so‘mga yaqin qarzini nega to‘lamayapti? 

Mavzuga oid