O‘zbekiston | 09:07 / 18.07.2023
11086
2 daqiqa o‘qiladi

Abituriyentlardan hujjat topshirish uchun oxirgi kunni kutmaslik so‘raldi

Bilim va malakalarni baholash agentligi abituriyentlarga murojaat qilib, OTMning bakalavriatiga ro‘yxatdan o‘tish uchun oxirgi kun – 20 iyulni kutmasdan ertaroq hujjat topshirishni so‘radi.

Foto: Kun.uz

OTMning bakalavriatiga qabul 20 iyul kuni 23:59 da to‘liq yakunlanadi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi oldingi yillarda qabulning so‘nggi kunlarida ro‘yxatdan o‘tuvchi abituriyentlar soni keskin ortishi va shu kuni abituriyentlar shoshilib ro‘yxatdan o‘tishni boshlashini, bu esa noqulaylik keltirib chiqarishini bildirdi.

“Ro‘yxatdan o‘tish uchun qabulning so‘nggi kunlarini kutmang. Imkon boricha ertaroq ro‘yxatdan o‘ting. Yaqinlaringiz bilan maslahatlashib, tezroq bir qarorga keling.

Ro‘yxatdan o‘tishda tanlov ustuvorligi, maqsadli qabul, ta’lim shakli, ta’lim tili, yo‘nalishlar ketma-ketligi, chet tili va test topshirish hududini tanlashda e’tiborli bo‘ling”, deyiladi agentlik murojaatida.

Qayd etilishicha, 20 iyul kuni 23:59 ga qadar barcha ma’lumotlarni o‘zgartirish mumkin. Lekin qabul yakunlangandan so‘ng tanlovni o‘zgartirib bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, abituriyentlar my.uzbmb.uz va my.gov.uz platformalari orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Mavzuga oid