Jahon | 17:06 / 18.07.2023
12546
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Qrim ko‘prigi uchun Ukrainaga «qasos zarbasi» berganini e’lon qildi

Ukrainaning Odessa, Nikolayev, Donetsk, Xarkiv va Dnepropetrovsk viloyatlariga «Kalibr» raketalari va 36 ta «Shohid» kamikadze droni uchirildi. 

Foto: RIA Novosti

Rossiya harbiy dengiz kuchlari Ukrainaning Odessa shahridagi port infratuzilma obektlariga yuqori aniqlikdagi dengiz qurollari bilan zarba berdi. «Bu Qrim ko‘prigi uchun qasos zarbasi», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Avvalroq, Rossiya Mudofaa vazirligi ham Odessaga uyushtirilgan tungi hujumni «qasos zarbasi» deb atagan edi. Qayd qilinishicha, «uchuvchisiz katerlar yordamida Rossiyaga qarshi terrorchilik harakatlari tayyorlanayotgan obektlarga, shuningdek, Odessa shahri yaqinidagi kemasozlik zavodida ularni ishlab chiqarish manziliga» zarba berilgan.

Vazirlik, shuningdek, Rossiya armiyasi Ukrainaning Odessa va Nikolayev viloyatlaridagi Qurolli kuchlar uchun yoqilg‘i saqlash omborlarini yo‘q qilgani haqida xabar berdi. Rossiya Mudofaa vazirligi «rejadagi barcha nishonlar yo‘q qilinganini» ma’lum qildi.

  • 18 iyulga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Ukrainaning janubiy viloyatlariga raketa va uchuvchisiz samolyotlar bilan hujum qildi. Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, oltita «Kalibr» raketasi va 36 ta «Shohid» kamikadze droni uchirilgan.
  • Raketalar va dronlarning aksariyati Odessa va Nikolayev viloyatlarida urib tushirilgan, qolganlari Donetsk, Xarkiv va Dnepropetrovsk viloyatlarida yo‘q qilingan. Odessada uylar va port infratuzilmasi obektlari qulashi oqibatida bir kishi jarohatlandi.
  • 17 iyul kuni Qrim ko‘prigida portlash sodir bo‘ldi, oqibatda mashinalardan birida bo‘lgan er-xotin halok bo‘ldi, ularning 14 yoshli qizi yaralandi. Rossiya rasmiylari «terrorchilik akti»da Kiyevni aybladi va hujumga javob qaytarilishini va’da qilgan edi. Ukraina Qrim ko‘prigidagi portlashga aloqadorligini rasman tan olmadi.

Mavzuga oid