O‘zbekiston | 09:30 / 19.07.2023
33223
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazmdagi pedofil amaldorlar ishi: aybdorlar doirasi kengayishi mumkin

Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi Xorazm viloyat Adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovga yangi ayblov bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish va boshqa shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish masalasini hal qilish uchun ishni prokurorga yubordi.


Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi shu uyda faoliyat yuritgan. Uy ijaraga olingan. / Foto: Kun.uz

Oliy sudning jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari Aziz Obidov pedofil amaldorlar ishi bo‘yicha yangi tafsilotlarni ochiqladi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining sud majlisida prokuror sudga iltimosnoma bilan murojaat qilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 416-417-moddalari tartibida sudlanuvchilarga yangi ayblov bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish va boshqa shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish masalasini hal qilish uchun jinoyat ishi hujjatlarini ayblov xulosasini tasdiqlagan prokurorga yuborish to‘g‘risida ajrim chiqarishni so‘ragan.

Apellyatsiya instansiya sudlov hay’ati prokuror iltimosnomasini qanoatlantirgan hamda sudlanuvchilar Oybek Masharipov va Anvar Kuryazovga oid jinoyat ishi bo‘yicha ajrim qabul qilib, Xorazm viloyat prokurorining o‘rinbosariga yuborgan.

Jinoyat ishini sudda ko‘rish esa 1 oylik muddatga to‘xtatilgan.

Eslatib o‘tamiz, Xorazmdagi oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan sodir etilgan jirkanch jinoyat ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudining hukmi 2022 yil sentabrda qabul qilingan. O‘tgan yil dekabr oyiga kelib ish Xorazm viloyati sudida apellyatsiya tartibida qayta ko‘rilgan. Viloyat sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Bosh prokuratura sud hukmi va apellyatsiya instansiyasi ajrimlari qonuniyligini o‘rganib chiqib, sudlanuvchilarga yengil jazo tayinlangan, degan xulosaga kelgandi.

Joriy yil 6 aprel kuni ish Oliy sudda ko‘rib chiqilib, hukmning Oybek Masharipov va Anvar Quryazovga oid qismi bekor qilingan hamda apellyatsiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahar sudiga yuborilgandi.

Mavzuga oid