Jahon | 08:38 / 20.07.2023
11732
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Odessaga hujumda Xitoy uchun mo‘ljallangan mahsulotlar yo‘q qilingan

Rossiya tomonidan zarba berilgan Odessa va Chernomorsk portlarida million tonna g‘alla saqlangan, ularning bir qismi Xitoyga eksport qilish uchun mo‘ljallangan, dedi Zelenskiy. 

Foto: president.gov.ua

Rossiyaning kecha tunda Ukrainaning Odessa va Chernomorsk portlariga bergan zarbasi uning maqsadi birgina Ukraina emasligi ko‘rsatdi, dedi prezident Volodimir Zelenskiy 19 iyul, chorshanba kuni kechki videomurojaatida. «Dunyodagi hamma Rossiyani javobgarlikka tortishdan manfaatdor bo‘lishi kerak», dedi u.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, hujumga uchragan portlarda «bir million tonnaga yaqin oziq-ovqat zaxiralari saqlangan. Aynan shu hajm Afrika va Osiyodagi iste’molchi mamlakatlarga yetkazilishi kerak edi».

Shu bilan birga, Xitoyga eksport qilish uchun 60 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari saqlangan terminal hujumlar natijasida ayniqsa jiddiy shikastlangan, dedi Zelenskiy. Avvalroq Ukraina agrar siyosat va oziq-ovqat vaziri Nikolay Solskiy Odessa va Chernomorskka zarba natijasida 60 ming tonna g‘alla nobud bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Zelenskiy 19 iyulga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan hujumni «to‘liq miqyosdagi urush davrida Odessaga zarar yetkazishga bo‘lgan eng katta urinish» deb atadi. «Har bir shunday zarba bilan biz hamkorlarimizga qayta-qayta murojaat qilamiz - Ukraina havo qalqoni kuchaytirilishi kerak», - deya ta’kidladi Ukraina prezidenti.

Mavzuga oid