O‘zbekiston | 07:53 / 21.07.2023
7168
5 daqiqa o‘qiladi

Bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish tartibiga o‘zgartirish kiritildi

Iqtisodiyot va moliya vazirining “Bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi buyrug‘i qabul qilindi.

Bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga  kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq, quyidagilar bitta BYuDda deklaratsiyalanishi mumkin:

1) bitta bitimga muvofiq yoki bunday bitim tuzmasdan bitta jo‘natuvchining manzilidan bitta oluvchining manziliga bitta transport hujjati bilan (bundan bir nechta temir yo‘l va avtotransport vositasida olib o‘tilayotgan (olib o‘tilgan) tovarlar mustasno)  va bir xil bojxona rejimiga joylashtirilayotgan tovarlar;

2) temiryo‘l va avtotransport vositasida bir nechta transport hujjati bilan olib o‘tilayotganda (olib o‘tilganda):

temiryo‘l transportida olib chiqilayotgan tovarlar bo‘yicha – bitta bitimga muvofiq yoki bunday bitim tuzmagan holda bitta jo‘natuvchidan bitta qabul qiluvchi manziliga bitta temiryo‘l transportida bir vaqtda jo‘natiladigan va bir xil bojxona rejimiga joylashtirilayotgan tovarlar;

temiryo‘l transportida olib kirilayotgan tovarlar bo‘yicha – bitta bitimga muvofiq yoki bunday bitim tuzmagan holda bitta jo‘natuvchidan bitta qabul qiluvchi manziliga bitta temiryo‘l transporti tarkibida O‘zbekiston hududiga bir vaqtda olib kirilgan va bir xil bojxona rejimiga joylashtirilayotgan tovarlar;

avtotransport vositasida olib chiqilayotgan tovarlar bo‘yicha – bitta bitimga muvofiq yoki bunday bitim tuzmasdan bitta jo‘natuvchining manzilidan bitta oluvchining manziliga bitta chegara bojxona posti orqali olib chiqiladigan va bir vaqtda bitta bojxona postiga taqdim etgan holda bir xil bojxona rejimiga joylashtirilayotgan bir nom, tur, markadagi, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasiga (TIF TN) asosan bitta o‘n raqamli kod bilan tasniflanuvchi tovarlar;

avtotransport vositasida olib kirilgan (olib kirilayotgan) tovarlar bo‘yicha – bitta bitimga muvofiq yoki bunday bitim tuzmasdan bitta jo‘natuvchining manzilidan bitta oluvchining manziliga bitta chegara bojxona posti orqali bir kunda olib kirilgan (olib kiriladigan) va bitta bojxona postiga taqdim etgan holda bir xil bojxona rejimiga joylashtirilayotgan bir nom, tur, markadagi, TIF TNga asosan bitta o‘n raqamli kod bilan tasniflanuvchi tovarlar;

TIF TNni talqin etishning 2a asosiy qoidasiga muvofiq yig‘ilmagan yoki ajratilgan tovarning tarkibiy qismlari deb hisoblanadigan va TIF TNning yig‘ilgan yoki tugallangan tovarga mos keluvchi pozitsiyasida tasniflanadigan tovarlar, agar bunday tovarlar bitta bitimga muvofiq yoki bunday bitim tuzmagan holda bitta jo‘natuvchidan bitta qabul qiluvchi manziliga bir turdagi transport vositasida olib kirilgan va bojxona hududiga kirib kelish joyida ayni bitta bojxona organiga taqdim etilgan bo‘lsa. Bunda, tovarlar olib kirilib avval boshqa bojxona rejimiga joylashtirilmagan bo‘lsa, BYuD Bojxona kodeksining 261-moddasida ko‘zda tutilgan muddatlar doirasida taqdim etilishi lozim;

3) bitta pochta yuk xati bilan olib o‘tilayotgan yoxud bojxona chegarasi orqali o‘tayotgan jismoniy shaxsning qo‘l yukida va bagajida olib o‘tilayotgan tovar yoki uning bir qismi. Agar tovarlar turli bojxona rejimlariga joylashtirilayotgan bo‘lsa, u holda to‘ldiriladigan BYuDlar soni bojxona rejimlari soniga muvofiq bo‘lishi lozim

Ma’lumot uchun, agar tovarlar turli bojxona rejimlariga joylashtirilayotgan bo‘lsa, u holda to‘ldiriladigan BYuDlar soni bojxona rejimlari soniga muvofiq bo‘lishi lozim.

Agar tovarlarning tashuvchisi yoki avtotransport vositasining haydovchisi STIR yoki JShShIRga ega bo‘lmagan norezident bo‘lsa, u holda shaxsning STIR yoki JShShIRi qayd etiladigan joyda kod ko‘rsatiladi.

Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimidan so‘ng O‘zbekiston tovari (O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovar) maqomiga ega bo‘lgan qayta ishlash mahsulotlarini olib chiqib ketish eksport bojxona rejimiga muvofiq, boshqa hollarda qayta ishlash mahsulotlarini, bojxona hududida qayta ishlash uchun olib kirilgan tovar, tovarning chiqindilari va qoldiqlarini qaytarib olib chiqib ketish reeksport bojxona rejimiga muvofiq amalga oshiriladi.

Mavzuga oid