O‘zbekiston | 18:28 / 25.07.2023
5614
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi qator banklar «Yunistrim» bilan ishlashni to‘xtatdi

«Ipoteka bank», «Xalq banki», «Trastbank», «Turonbank» va «Hamkorbank» «Yunistrim» orqali xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatganini e’lon qildi. Markaziy bankka ko‘ra, umumiy hisobda O‘zbekistonning 14ta banki ushbu tizim bilan ishlashni to‘xtatgan.

Foto: TASS

Joriy yilning 20 iyul kuni AQSh Rossiyaning beshta bankiga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi. Ro‘yxatga «Tinkoff», «Solidarnost», «Loko Bank», «Yunistrim» hamda Peterburg ijtimoiy tijorat banki kiritilgan.

AQSh Moliya vazirligi bayonotida aytilishicha, yangi choralar Moskvaning Ukraina urushini davom ettirishiga imkon beruvchi tovarlardan foydalanishini to‘xtatish, shuningdek, Rossiyaning metallurgiya va tog‘-kon sanoatidan tushadigan daromadlarini kamaytirish, uning kelajakdagi energetika imkoniyatlariga putur yetkazish va xalqaro moliya tizimiga kirishini yomonlashtirish uchun mo‘ljallangan. 

«Yunistrim» pul o‘tkazmalari egasi bo‘lgan «Yunistrim» banki AQSh sanksiyalariga uchragach, ayrim o‘zbek banklari mazkur to‘lov tizimi bilan ishlashni to‘xtata boshladi. Xususan, 21 iyul kuni «Ipoteka bank», 24 iyul kuni «Xalq banki» va «Trastbank», 25 iyul kuni «Turonbank» va «Hamkorbank» «Yunistrim» orqali xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatganini ma’lum qildi.

Banklar muqobil variant sifatida «MoneyGram», «Astrasend», «CONTACT» va «Zolotaya Korona», «Asia Express», «SberBank Onlayn», «UPT» kabi tizimlaridan foydalanishni tavsiya qilishgan.

Ma’lumot uchun, 2022 yilning fevral oyidan boshlab «Ipak Yo‘li» banki, iyul oyidan boshlab esa «Kapitalbank» ushbu tizim bilan ishlashini to‘xtatgan edi. 

Boshqa tijorat banklari hozircha «Yunistrim» bilan ishlash yoki ishlamasligi to‘g‘risida rasman ma’lum qilmagan bo‘lsa, Daryo.uz’ning O‘zbekiston Markaziy bankiga tayanib yozishicha, umumiy hisobda O‘zbekistonning 14 ta banki ushbu tizim bilan ishlashni to‘xtatgan.   

Mavzuga oid