Sport | 22:08 / 27.07.2023
29577
2 daqiqa o‘qiladi

«Kalyari» klubi Eldor Shomurodov transferini e’lon qildi

Shomurodov sotib olish huquqi bilan ijaraga berilgan.

«Roma» hujumchisi Eldor Shomurodov 2023/24 yilgi mavsumni Italiya A Seriyasi debyutanti «Kalyari» safida o‘tkazadi.

Rim klubi rasmiy sayti o‘zbekistonlik 28 yoshli hujumchi «Kalyari» klubiga bir yillik ijaraga berilganini e’lon qildi. Sardiniya oroli jamoasi Eldorni sotib olish huquqi bilan ijaraga olgan.

Insayder Janluka Di Marsioga ko‘ra, «Roma»ga Shomurodovning bir yillik ijarasi uchun 1 million yevro to‘lanadi va 2024 yilning yozida «Kalyari» Eldorni 9 million yevroga sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Tomonlar «1+3» shaklida kelishgan. O‘zbekistonlik forvardning ijara muddati davomidagi maoshining 50 foizini «Kalyari» to‘lasa, qolgan yarmini Rim klubi to‘lashda davom etadi.

Avvalroq, Shomurodovning «Roma»dagi yillik maoshi 2 million yevroni tashkil etishi haqida xabarlar tarqalgandi. Futbolchi 2021 yil «Jyenoa»dan 17 million yevro evaziga Rim klubiga transfer qilingandi. 

Eslatib o‘tamiz, italiyalik 71 yoshli taniqli mutaxassis Klaudio Raneri yanvar oyida «Kalyari» bosh murabbiyiga aylangach, B Seriyada 14-o‘rinda borayotgan klubni yarim yil ichida peshqadamlar safiga ko‘tarib, mavsum yakunida pley-off orqali A Seriyaga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

Mavzuga oid