«Barsa» Dembeleni deb «PSJ»ga urush ochmoqchi. So‘nggi transfer xabarlari
«Real» Mbappeni shu yozdayoq olmoqchi, «Chelsi» va «Yuve» hujumchi almashmoqchi.
Yozgi transferlar davom etmoqda, yana bir qator futbolchilar o‘zlariga yangi klub topishdi, yana bir qancha transferlar hal bo‘lishi kutilmoqda. Quyida so‘nggi kunning eng qiziqarli transfer xabarlari dayjesti.
Fabino «Al-Ittihod»ga o‘tdi
Braziliyalik yarimhimoyachi Fabino ham «Liverpul»ni tark etdi va Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» klubining yangi a’zosiga aylandi. 29 yoshli havbek yangi klubi bilan 2026 yil yoziga qadar shartnoma imzolagan, uning yillik maoshi miqdori 25 mln yevroni tashkil etadi.
«Buni chin qalbdan aytaman — men bu klubni sevaman. Rahmat, qizillar, biz birgalikda boshdan kechirgan barchasi uchun. You’ll Never Walk Alone», — deya yozgan futbolchi o‘z sahifalarida «Liverpul» muxlislari bilan xayrlashib.
The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, Angliya klubi ushbu transferdan 40 million funt ishlab oladi.
Fabino — mersisaydliklarning shu yozda Saudiya Arabistoniga yo‘l olgan uchinchi futbolchisi bo‘ldi. Bungacha «Liverpul» o‘z sardori Jordan Hendersonni «Al-Ittifoq» klubiga sotgandi, braziliyalik forvard Roberto Firmino esa erkin agent maqomida «Al-Ahli»ga o‘tgan.
Rebich Turkiya chempionatiga o‘tdi
Jahon chempionati sovrindori to‘rt mavsumdan keyin (birinchisida ijara asosida o‘ynagandi) «Milan»ni tark etdi. Xorvatiyalik hujumchi «Beshiktosh» bilan ikki yil muddatga shartnoma tuzgan. Kelishuv shartlariga ko‘ra, futbolchining yillik maoshi miqdori 2,5 mln yevroni tashkil etadi. Shu bilan birga klub Rebichga 280 ming yevro miqdorida bonus (ko‘tarma puli) to‘lab bergan. Ante o‘tgan mavsumda Chempionlar ligasida o‘ynagandi, endi esa uni Konferensiyalar ligasi kutmoqda.
Dembele «PSJ» bilan kelishib oldi
«Barselona» vingeri Usmon Dembele rasman klubdan o‘zini «PSJ»ga qo‘yib yuborishni so‘ragan, deb xabar bermoqda Fabritsio Romano. 1 avgustdan 26 yoshli fransuzning transfer bahosi 100 million yevroga chiqadi (dedlaynga qadar uning bahosi 50 million yevro).
Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, Dembelening o‘zi «PSJ» bilan shartnomani kelishib olgan — tomonlar besh yillik shartnoma tuzadi. Parijliklar 31 iyul kuni «Barselona»ga futbolchining shartnomasidagi 50 million yevro haqidagi bandni faollashtirish bo‘yicha taklif yuborgan, shuningdek la ligani ham bu haqda ogohlantirgan.
Ammo hozircha tomonlar kelishuvga erishmagan. Bu klublar o‘rtasidagi munosabat keskinlashgani tufayli bo‘lishi mumkin. Cope nashri ma’lumotiga ko‘ra, «Barselona» prezidenti Joan Laporta «PSJ»ning harakatlaridan qattiq g‘azablangan va Parij klubiga qarshi «urush ochmoqchi».
Diario Sport ma’lumotiga ko‘ra, Xavi Dembeleni jamoasining muhim futbolchilaridan biri sifatida ko‘rgan va uning qaroridan qattiq ranjigan. Bundan tashqari, ushbu vinger o‘tgan haftada «Barselona» ustoziga klub bilan Chempionlar ligasida g‘alaba qozonishni istashi haqida aytgandi. Qayd etilishicha, Xavi o‘zaro suhbatda Dembeleni qolishga ko‘ndirishga uringan. U Neymarni misol sifatida keltirib, u 2017 yilda «Barselona»ni tark etganidan afsuslangani va bir necha bor katalonlar klubiga qaytmoqchi bo‘lganini eslatgan.
Ammo Dembele o‘z qarorini o‘zgartirmagan. U allaqachon «Barselona»ning ayrim futbolchilariga «PSJ»ga ketayotgani haqida aytgan.
Parij klubi shu hafta oxirigacha transferni rasmiylashtirmoqchi. Klublar endi 50 million yevrolik punkt doirasidan tashqarida muzokara o‘tkazadi va transfer narxi endi parijliklar rejalashtirganidan ko‘proqni tashkil etishi mumkin.
«PSJ» Kolo-Muanini olmoqchi
Parij klubi Dembeledan tashqari «Ayntraxt»ning 24 yoshli hujumchisi Randal Kolo-Muanining shartnomasidagi badal pulini to‘lab berishga ham tayyor.
L'Equipe xabariga ko‘ra, fransuz futbolchisining vakillari «PSJ» prezidenti Nosir Al-Hilayfiy bilan muloqotga kirishgan. Bu kelishuv Dembelening transferidan keyin amalga oshishi mumkin.
Shu bilan birga, «Ayntraxt» futbolchisini keyingi mavsumda ham o‘ynatmoqchi — uning shartnomasi muddati 2027 yilga qadar tuzilgan. Transfermarkt Kolo-Muani transferini 80 million yevroga baholagan.
«Real» Mbappeni 200 million yevroga sotib olishi mumkin
Madrid klubi «PSJ» forvardi Kilian Mbappeni shu yozgi transferlar oynasidayoq olib kelishi mumkin. ESPN nashri jurnalisti Rodrigo Faes xabar berishicha, «Real» uning transferini yangi mavsum startidan oldin — yaqin ikki hafta ichida rasmiylashtirmoqchi.
Klubdagilarning hisoblashicha, bu transfer 200 million yevro evaziga amalga oshishi kerak. 24 yoshli fransuz bilan 6 yillik shartnoma tuziladi.
«Real» Mbappe bir yildan keyin erkin agent sifatida APL klublariga o‘tib ketishi ham mumkinligidan xavotirlangan holda transferni shu yozdayoq amalga oshirmoqchi. Keyingi yil yozida Angliyadagi klublar futbolchiga Madridnikidan yaxshiroq taklif berishi mumkin.
«PSJ» esa futbolchidan shu yozdayoq qutulmoqchi va ketishga rozi bo‘lmasa, uni tarkibdan chetlatmoqchi. Klub rahbariyati shu orqali unga bosim qilib, uni yangi shartnoma imzolashga yoki «PSJ» uchun foyda keltirib ketishga ko‘ndirmoqchi.
«Inter» Skamakka uchun 20 mln yevro taklif qildi
«Vest Hem» hujumchisi Janluka Skamakka Italiyaga qaytishga yaqin. Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, «Inter» 20 mln yevro miqdorida taklif yuborgan. Avvalroq, «Vest Hem» o‘tgan mavsumda APL o‘yinlarida faqat uch gol urgan futbolchisini qo‘yib yuborishga qarshi emasligi ma’lum qilingandi. Skamakka ham vataniga qaytishni istamoqda va milanliklar klubida unda Chempionlar ligasida o‘ynash imkoniyati bo‘ladi.
«Yuventus» «Chelsi» bilan hujumchi almashmoqchi
«Chelsi» bu yozda tarkibni yangilashda davom etadi. Fabritsio Romanoning yozishicha, «Yuventus» «Chelsi»ga Romelu Lukakuga Dushan Vlaxovichni almashtirishni taklif qilgan. Italyanlar klubi belgiyalik hujumchi kelishi evaziga serbiyalik hujumchi ustiga ma’lum miqdorda to‘lov qilishga ham rozi. «Chelsi» ham iyul oyida Vlaxovichni qo‘lga kiritish variantini ko‘rib chiqqan, ammo o‘shanda gap uning o‘zini sotib olish haqida borgandi. «Yuventus» esa ushbu futbolchi uchun kurashga «Inter» transfer borasida «Chelsi» bilan kelisha olmaganidan keyin qo‘shildi.
«Chelsi» Sanches bo‘yicha «Brayton»ga rasmiy so‘rov yubordi
«Brayton» «Chelsi»dan darvozabon Robert Sanches transferi bo‘yicha rasmiy so‘rov qabul qildi. Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, klublar muzokaralarni davom ettirmoqda, darvozabonning o‘zi London klubiga o‘tishga qarshi emas. «Brayton» ispaniyalik futbolchisini ijaraga berishni emas, sotishni istaydi. Sanches ushbu klublar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilayotgan yagona futbolchi emas. Tomonlar hamon Moyses Kaysedo bo‘yicha kelishishga urinmoqda.
«Inter» «Arsenal» hujumchisini olib kelmoqchi
«Arsenal» Folarin Balogunni «Inter»ga sotishga qarshi emas, ammo buning uchun 45–50 mln yevro talab qiladi. Milanliklar klubi esa to‘laqonli transfer amalga oshira olmaydi, shuning uchun uni ijaraga olish variantlarini o‘rganmoqda. 22 yoshli hujumchi o‘tgan mavsumni Fransiya chempionatidagi «Reyms» klubida o‘tkazgandi (39 o‘yin, 21 gol, uch assist). Ijara bo‘yicha kelishuvda bir yildan keyin sotib olish majburiyati haqida band ham kiritilishi mumkin. Voqealar rivojini kuzatamiz.
«PSJ» Verrattini 30 mln yevroga sotmadi
«PSJ» prezidenti Nosir Al-Hilayfiy yarimhimoyachi Marko Verratti Saudiya Arabistoniga yo‘l olishiga rozi bo‘lmadi. Italiyalik futbolchi «Al-Hilol» bilan og‘zaki shartnomaga kelishib ulgurgandi, ammo parijliklarni uning uchun taklif qilingan 30 mln yevro miqdoridagi tovon puli qoniqtirmagan. Klubdagilar bu transferlar oynasida katta xarajatlar qilayotgan Saudiya klubidan ko‘proq pul undirmoqchi. «Al-Hilol» o‘tgan haftada «Zenit»dan Malkomni 60 mln yevroga transfer qilgandi.
Mavzuga oid
12:02 / 22.12.2024
«Barsa»da inqiroz, «Siti»da antirekord. Kun o‘yinlari
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
12:24 / 16.12.2024
«Barsa» yana autsayderga yutqazdi, «Siti» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
11:17 / 12.12.2024