O‘zbekiston | 22:59 / 04.08.2023
41347
4 daqiqa o‘qiladi

Maktab o‘qituvchilariga dars soatlarini taqsimlash qoidalari ma’lum qilindi

Dars soatlarini kim taqsimlaydi? Yillik dars soati chegarasi qancha? Kimlar ustunlikka ega? Dekretdan qaytganlarga necha soat dars beriladi? 

Foto: Getty Images

Hudud24 maktab o‘qituvchilariga dars soatlarini taqsimlash bo‘yicha muhim qoidalarni sanab o‘tdi. 

1. Maktab o‘qituvchilariga dars soatlari qaysi mezonlar asosida taqsimlanadi? 

Maktablarda dars soatlari pedagogik kengashi tomonidan har yili 15 sentabrgacha o‘qituvchilarning quyidagi ko‘rsatkichlariga ko‘ra ketma-ketlik asosida taqsimlanadi:

– xalqaro olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;

– o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;

– chet tili va STEAM fanlaridan xalqaro sertifikatga ega o‘qituvchilar (TESOL Level 5, CEFR B2, IELTS 6 va undan yuqori);

– TOP-1000 universitetlarni bitirgan o‘qituvchilar;

– asosiy olimpiadalarning respublika g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;

– o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan asosiy olimpiadalarning respublika g‘oliblari;

– respublika bosqichidagi ko‘rik tanlovlarda (yil o‘qituvchisi) sovrinli o‘rinlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar;

– oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;

– 1-malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;

asosiy olimpiadalarning viloyat va tuman g‘oliblarining o‘qituvchilari;

– 2-malaka toifaga ega o‘qituvchilar;

– pedagogik yo‘nalish bo‘yicha magistr darajasiga ega o‘qituvchilar;

– o‘z fanidan o‘tkazilgan nazariy va amaliy sinovlar natijasi bo‘yicha a’lo baholarga ega o‘qituvchilar;

– oliy ma’lumotli toifasiz o‘qituvchilar;

– qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega o‘qituvchilar;

– OTMning pedagogik yo‘nalish bo‘yicha bitiruvchi bosqich talabalari;

– pedagogik yo‘nalish bo‘yicha xorijiy davlatlarning oliygohlarini bitirgan, biroq diplomi tan olinmagan o‘qituvchilar;

– oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar o‘rta maxsus, professional ma’lumotga ega o‘qituvchilar;

– oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar umumta’lim muassasasining tegishli mutaxassisligi bo‘yicha rahbar xodimlari. 

Mazkur ro‘yxat bo‘yicha yuqori o‘rinda turgan o‘qituvchilar dars soatlarini olishda ustunlikka ega bo‘ladi. 

2. Dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkinmi? 

Ha, mumkin. Dars soatlarini qayta taqsimlash pedagogik kengash tomonidan amalga oshiriladi. 

3. Ko‘rsatkichi yuqori o‘qituvchining dars soatini boshqa o‘qituvchiga bersa bo‘ladimi? 

Yuqoridagi ko‘rsatkichlar ketma-ketlik asosida ustunlikka ega bo‘lgan o‘qituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorini berish tavsiya etiladi. 

Maksimal dars soati olish imkoniyatiga ega o‘qituvchining yozma roziligi bilan unga ajratilishi mumkin bo‘lgan dars soatlari boshqa o‘qituvchiga berilishi mumkin. 

4. O‘qituvchilar ko‘rsatkichi teng bo‘lganda dars soati qanday taqsimlanadi? 

O‘qituvchida yuqoridagi ko‘rsatkichlarning bir nechtasiga ega bo‘lganda, ko‘rsatkichlarning eng ustuvori inobatga olinadi. 

Aynan bir xil ko‘rsatkichlar mavjud bo‘lgan bir nechta o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlari teng taqsimlanadi. 

5. «Dekret»dan qaytganlarga necha soat dars beriladi? 

O‘qituvchilarga yillik bir yarim stavkadan (yillik 2 322 soat) ortiq dars soatlari belgilanmaydi. 

Homiladorlik va tug‘ish ta’tili hamda bola parvarishidan qaytgan o‘qituvchilarga, ishlovchi pensionerlarga dars soatlari yuqoridagi ko‘rsatkichlar ketma-ketligi asosida taqsimlanadi. 

Mavzuga oid