Sport | 22:10 / 05.08.2023
20161
2 daqiqa o‘qiladi

Belarusda II MDH mamlakatlari o‘yinlari boshlandi

Musobaqalar sportning 20 ta turi bo‘yicha o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston ham ishtirok etmoqda.

Foto: belta.by

Belarus poytaxti Minsk shahrida MDH mamlakatlarining II o‘yinlari start oldi.

«Minsk Arena»da tashkil etilgan musobaqaning ochilish tadbirida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ishtirok etdi. Marosim Belarus va MDH davlatlari bayroqlarining tantanali ravishda ko‘tarilishi bilan boshlandi.

Eshkak eshish bo‘yicha ikki karra Olimpiada chempioni Yekaterina Karsten, trampolinda sakrash bo‘yicha Olimpiya chempioni Ivan Litvinovich va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Olimpiya chempioni Aleksandr Maseykov davlat madhiyasi sadolari ostida Belarus bayrog‘ini baland ko‘tardi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bayrog‘ini ko‘tarish marosimida belaruslik yana uch nafar taniqli sportchi – yengil atletika bo‘yicha Olimpiya chempionlari Yanina Provalinskaya-Korolchik va Yuliya Nesterenko hamda gandbol bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Andrey Barbashinskiy ishtirok etdi.

MDH davlatlarining II o‘yinlari 4-14 avgust kunlari Belarusning 11 shahrida sportning 20 turi bo‘yicha o‘tkaziladi. Unda Rossiya, Belarus, Armaniston, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, shuningdek, musobaqaga mehmon maqomida taklif etilgan yana 13 davlatdan ikki mingdan ortiq sportchi ishtirok etadi. Turnirda 246 ta sovrinlar to‘plami o‘ynaladi.

MDH mamlakatlarining I o‘yinlari 2021 yilda Rossiyaning Qozon shahrida o‘tkazilgan.

Mavzuga oid