Jahon | 22:42 / 07.08.2023
12238
5 daqiqa o‘qiladi

Tsukerberg va Mask jangga tayyorlanmoqda 

Meta korporatsiyasi rahbari Mark Tsukerberg va SpaceX, Tesla va X (Twitter) kompaniyalarini boshqarayotgan milliarder Ilon Mask ringda jang qilishi mumkin. 

Foto: Getty Images

Amerikaning Meta korporatsiyasi rahbari Mark Tsukerberg SpaceX, Tesla va X (Twitter) kompaniyalarini boshqarayotgan milliarder Ilon Mask bilan duelining ehtimoliy sanasini aytdi. Tsukerberg 26 avgust kuni jang qilishni taklif etdi. Mask hali unga aniq javob bermadi. 

«Jang bugun bo‘lsa ham tayyorman. Ammo Maskdan hech qanday tasdiq yo‘q. Va men bo‘lishiga ishonmayman», dedi Tsukerberg. 

Mask taklif qilingan sanani tasdiqlamadi, biroq u jangga faol tayyorgarlik ko‘rayotganini va har kuni shtanga bilan shug‘ullanayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarga vaqt yetishmasligini qoplash uchun hatto ofisga gantel olib kelgan. 

Ayni paytda Tsukerberg maxsus dastur bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazmoqda va uyining hovlisida sakkiz burchakli ring yasab olgan. Jismoniy faollikning oshishi tufayli u har kuni kamida to‘rt ming kilokaloriya iste’mol qilishi kerak. 

Mask jangda kurash elementlaridan foydalanish niyatida. «Men jang uchun WWE uslubini tanlayman», dedi tadbirkor. 

Foydalanuvchilardan biri undan Tsukerbergga qarshi jangning ma’nosi haqida so‘radi. Mask ringdagi jang urushning sivilizatsiyalashgan shakli ekanini aytdi. «Va erkaklar urushni yaxshi ko‘radilar», deb qo‘shimcha qildi u. 

Aftidan, uzoq davom etadigan jang uning strategiyasining bir qismi emas. Mask jang uzoq davom etsa, Tsukerberg o‘zining chidamliligi tufayli g‘alaba qozonishi mumkinligini tan oldi. Maskning bir afzalligi bor - uning gavdasi. Tsukerbergning vazni atigi 70 kilogramm, bo‘yi 170 santimetr (UFC qoidalariga ko‘ra yengil vazn), Mask esa kamida 135 kilogramm, bo‘yi 185 santimetr (super og‘ir vazn toifasi). 

Mask allaqachon jang o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida (Twitter) translatsiya qilinishini ma’lum etdi. Shuningdek, u barcha daromadlar Amerika armiyasi faxriylariga berilishini aytdi. 

Tsukerberg X platformasida translatsiya qilish g‘oyasiga shubha bilan qaradi. «Siz xayriyaga pul to‘plash uchun ishonchli platformadan foydalanganingiz ma’qul emasmi?», dedi u katta ehtimol bilan o‘zining Facebook tarmog‘iga ishora qilib. 

Maskning sog‘lig‘i tufayli jangni keyinga qoldirish ehtimoli ham bor. Milliarderning ta’kidlashicha, 7 avgust kuni u bo‘yin va umurtqa pog‘onasi yuqori qismini magnit-rezonans tomografiyasidan o‘tkazish niyatida. MRT natijalariga ko‘ra, shifokorlar uning orqa miya operatsiyasi kerakmi yoki yo‘qligini hal qilishadi. «Aniq sana hali noma’lum. Buni shu hafta bilib olamiz», deb yozdi Mask. 

Mask kamida to‘qqiz yil oldin ismi oshkor etilmagan sumo kurashchisi bilan jang qilganidan keyin bel og‘rig‘idan aziyat chekmoqda. U dushmanni yerdan uzib tashlamoqchi bo‘lganida umurtqalararo disklaridan birini shikastlagan deb hisoblaydi. 

2022 yilda Mask umurtqa pog‘onasini birlashtirish operatsiyasini o‘tkazgunga qadar sakkiz yil davomida og‘riqdan aziyat chekkanini yozgan edi. 

Sog‘ligi bilan bog‘liq muammolardan tashqari, Mask jangga tayyorgarlik ko‘rishda yana bir to‘siqqa duch keldi. Mashhur UFC jangchisi rossiyalik Xabib Nurmagomedov prinsipial sabablarga ko‘ra uni shug‘ullantirishdan bosh tortdi. 

Avvalroq, ikki milliarder o‘zaro janjallashib qolishgan edi. Tsukerberg Meta tomonidan Twitter ijtimoiy tarmog‘ining muqobili ishlab chiqilishini e’lon qilganidan so‘ng, tadbirkorlar mushtlashuvga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Mask bunga javoban Tsukerbergni plagiatda aybladi va uni ilonvachcha deb atadi. Twitter vakillari Meta kompaniyasini tijorat sirlari va intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun sudga berish niyatida ekanligini aytishdi. 

Iyun oyida Mask jang qilishni taklif etib tvit yozgan edi. Tsukerberg taklifni qabul qildi. Raqiblar Rimdagi Kolizeyni jang o‘tkazish mumkin bo‘lgan joylardan biri deb hisoblashdi, ammo, ehtimol, bellashuv Las-Vegasda bo‘lib o‘tadi. Tadbirni UFC prezidenti Deyna Uayt olib boradi. 

Mavzuga oid