Dollar va yevroning rasmiy kurslari ham keskin ko‘tarildi
So‘m bir kunda 3,5 foizga qadrsizlandi.
Markaziy bank xorijiy valutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan 11 avgustda amalda bo‘ladigan qiymatini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, dollar va yevro kursi keskin ko‘tarilgan.
Dollar 408,03 so‘mga oshib, 12 075,03 so‘m bo‘ldi. Yevro 498,69 so‘mga ko‘tarilib 13 307,89 so‘m bo‘ldi.
Rubl 3,78 so‘mga oshib, 123,77 so‘mni tashkil qildi.
Aksariyat tijorat banklarida 10 avgust kuni dollar sotuv kursi 12 ming so‘mdan oshdi: sotuv kursi 12135 so‘mgacha yetdi. O‘z navbatida, banklar 1 dollarni 12 015 so‘mdan sotib ola boshladi.
2022 yil yakunlariga ko‘ra milliy valuta 3,94 foizga qadrsizlangandi, yil boshidan buyon 10 avgustga qadar bu ko‘rsatkich — 3,74 foizni tashkil etgandi, endi esa 11 avgust kunining o‘zida — 3,5 foizga.
Markaziy bank buni asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valutalari sezilarli qadrsizlanishi bilan bog‘lagan.
O‘zbekistonda so‘mning bu darajada keskin qadrsizlanishi oxirgi bor 2022 yil mart oyida, Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan ro‘y bergan va bir necha hafta davomida dollar kursi o‘sishi 400 so‘m atrofida bo‘lgan.
So‘nggi yillardagi eng jiddiy devalvatsiya esa 2017 yil sentabrida ro‘y bergandi, 5 sentabrdan dollar kursi birdaniga 3889 so‘mga ko‘tarilib, 8100 so‘mga chiqqandi (o‘shanda rasmiy kurs bir haftada bir bor e’lon qilinardi). Bu holat O‘zbekistonda konvertatsiya ochilishi bilan bog‘liq bo‘lgandi.