O‘zbekiston | 20:58 / 12.08.2023
5743
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sun’iy intellektga oid qonunchilik bazasi sust ekani aytildi

Deputatlar va mutaxassislar O‘zbekistonda fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida sun’iy intellektdan foydalanish chegaralarini belgilash uchun huquqiy asoslarni yaratish zarurati borligini aytdi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassis va ekspertlar ishtirokida «Sun’iy intellekt tizimidan foydalanishning huquqiy asoslari: zarur qadamlar» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Qayd qilinishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida sun’iy intellektdan foydalanish chegaralarini belgilash uchun huquqiy asoslarni yaratish zarurati mavjud.

O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasini tartibga solishda qator kamchiliklar bor. Jumladan, sun’iy intellektga oid qonunchilik bazasi sust holatda bo‘lib, ular sun’iy intellekt bilan bog‘liq alohida munosabatlarni tartibga solmoqda va sohadagi munosabatlarni to‘liq qamrab olish imkoniyatini bermayapti.

Ta’kidlanishicha, qonunchilikda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash natijasida yuzaga kelgan huquqbuzarlik holatlari uchun javobgarlik belgilanmagan. Bu esa, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda qanday holatlar huquqbuzarlik hisoblanishi va mazkur huquqbuzarlik holatlari sodir etilganda, asl huquqbuzarni aniqlash va uni javobgarlikka tortish imkonini bermaydi.

Tadbir ishtirokchilarining aytishicha, milliy qonunchiligimizdagi ushbu bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida sohani tartibga soluvchi maxsus qonun ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Bunda quyidagi qator masalalarga e’tibor qaratish zarur bo‘ladi:

– sun’iy intellekt o‘zi nimaligining aniq ta’rifini berish va undan kelib chiqib sun’iy intellekt tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik yoki jinoiy harakatlar uchun tegishli javobgarlikni belgilash. Shuningdek, sun’iy intellekt tomonidan qilingan xato va zarar uchun javobgarni aniqlash, shu jumladan moddiy javobgarni;

– maxfiylik va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish. Sun’iy intellekt qanday ma’lumotlarni to‘plashi, saqlash, qayta ishlashi, tarqatishi mumkinligini aniq belgilab qo‘yish.

Himoyaga muhtoj ma’lumotlarni qanday himoya qilish zarur?

– axloqiy me’yorlar. Sun’iy intellektni rivojlantirish va undan foydalanishda qanday axloqiy tamoyillar ustunlik qilishi kerak?

– barcha sohalarda, shu jumladan tibbiyot, moliya, transport va boshqa sohalarda sun’iy intellektdan foydalanishni tartibga solish masalasi;

– intellektual mulk huquqlari. Sun’iy intellektdan foydalanish sohasidagi munosabatlarda yuzaga keladigan intellektual mulk huquqlari qanday ta’minlanadi va boshqalar.

Mavzuga oid