O‘zbekiston | 15:03 / 17.08.2023
40986
5 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo: Transchegaraviy daryolar bo‘yicha bugungi vaziyat qanaqa?

Qo‘shtepa kanali bo‘yicha muzokaralarda O‘zbekiston “Tolibon”dan so‘rayotgan asosiy masala nima? Qozog‘iston nima sababdan Sirdaryo bo‘yicha kelishuvni qayta ko‘rib chiqmoqchi? Yaqin kelajakda Markaziy Osiyo oldida qanday risklar turibdi, yechimlar qanaqa? Ekspert Farhod Karimov Kun.uz'ga bergan intervyusida bu savollarga oydinlik kiritdi.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi suv masalalari haqida ko‘p gapiriladi, lekin aholi orasida bu boradagi umumiy tasavvur yetarli emas. Kun.uz “Geosiyosat” dasturining bu galgi sonida transchegaraviy daryolar bo‘yicha oddiy savollar bilan ekspert Farhod Karimovga murojaat qildi.

— Markaziy Osiyo davlatlari umumiy irrigatsion tizimi covet davridan qanday muammolarni meros qilib olgan va mustaqillikka erishgach, suv masalasida qanday individual yondashuvlar kuzatildi?

— 50-yillardan keyin Markaziy Osiyo respublikalari butun ittifoq davlatlariga qishloq xo‘jaligiga mahsulotlari va xomashyo yetkazib beruvchi bazaga aylangan. O‘zbekiston paxtaga, Qozog‘iston g‘alla va chorvaga ixtisoslashtirilgan. Bunday siyosat ortidan cho‘l hududlari o‘zlashtirilgan, yangi sovxoz va kolxozlar tashkil etilgan. Amudaryo va Sirdaryo suvlari shakllantirilgan kanallar orqali mintaqa markaziga yo‘naltirilgan, oqibatda Markaziy Osiyoda yagona irrigatsion tizim shakllangan.

Ittifoq parchalangach, suv masalasidagi oldingi tizim qoladimi-yo‘qmi, shu kun tartibiga chiqdi. Yuqorida turuvchi Tojikiston va Qirg‘iziston quyida turuvchi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmanistonga talablar qo‘ya boshlagan. Sobiq ittifoq davrida ularda suvdan ko‘p foydalanish imkoni bo‘lmagan. Mustaqil bo‘lishgach esa o‘z milliy manfaatlarini ko‘tarib chiqishdi. Quyi oqimda joylashgan, iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligiga moslashtirilgan respublikalar hali ham sobiq ittifoq davridagi tizimga bog‘lanib qolgan edi. Kvota va suv bo‘linishini oldin Moskva hal etgan. Shu masalani hal qilish uchun 1992 yilda hamkorlik kelishuvi imzolanadi.

— Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida Sirdaryo havzalaridan foydalanish 1998 yilda Bishkek kelishuvi tuzilgan. Hozirga kelib nega Qozog‘iston tomoni bu kelishuvni qayta ko‘rib chiqmoqchi? Sirdaryoning Qozog‘iston tomonda joylashgan qismida suv kamaygani va daryo havzasi ifloslangani rostmi, sabablari nima?

— Nafaqat 1998 yildagi shartnoma, balki 1992 yildagi shartnomani ham qayta ko‘rib chiqish kerak. Chunki vaziyat, davlatlar iqtisodiyoti o‘zgardi. 1998 yilda Sirdaryo havzasi suvlaridan foydalanish bo‘yicha 3 ta davlat kelishib olgan edi. Sirdaryoning asosiy iste’molchisi Qozog‘iston hisoblanadi. Hozirgi kunda Qozog‘istonda suv taqchilligi ortib boryapti.

1998 yilda bu uch davlatdagi iqtisodiyot, vaziyat boshqacha edi. Endi qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri kelyapti. Shartnomaga ko‘ra, Qirg‘iziston suvni beradi, buning evaziga quyidagi davlatlar unga energiya yetkazib beradi. Ammo energetikada ham yetishmovchiliklar bo‘lib, Qirg‘izistonga yetarli berilmadi. Endi Qirg‘iziston o‘zi GESlari orqali energiya olmoqchi, bundan esa ko‘proq Qozog‘iston jabr ko‘radi. Shuning uchun ham Qozog‘iston qayta ko‘rib chiqish masalasini ko‘taryapti.

Bu yerda asosiy muammo kvota bo‘lyapti, shu narsalar aniq belgilab olinishi kerak. Yangi shartnoma konvensiya ko‘rinishida bo‘lishi kutilyapti, unda kvotalar, shartlar aniq belgilanadi.

— Suvdan foydalanishda xalqaro huquq bo‘yicha qanday konvensiya va shartnomalar amal qiladi?

— BMTning Transchegaraviy daryolardan foydalanish bo‘yicha konvensiyasi mavjud. Unda suv resurslarini sotish va ularga egalik qilib olish taqiqlanadi, suv mintaqaning umumiy mulki deb belgilangan. Konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlatlar unga amal qilishi kerak. Lekin konvensiya umumiy xarakterga ega, detallar bilan ko‘rsatilmagan. Va unda belgilab qo‘yilganki, maxsus holatlar konvensiya prinsiplariga zid bo‘lmagan tarzda alohida kelishuvlar orqali tartibga solinadi.

Markaziy Osiyodagi kabi vaziyat bo‘lgan 20 tacha holat bor. Deylik, Yaqin Sharqda Iordan daryosi bor. Aniq kelishuvlar bo‘lmagani uchun ziddiyatli vaziyatlar ko‘p bo‘ladi ularda. Nil daryosi havzasida ham bir qancha muammolar bor. Yevropada Ispaniya va Portugaliya o‘rtasida suv muammolari kuzatiladi. Afrika davlatlarida-ku bitta daryo bir nechta davlat hududidan o‘tuvchi holatlar juda ko‘p. Shuning uchun aniq kelishuvlar bo‘lishi kerak.

  • Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Normuhammad Ali suhbatlashdi.

Mavzuga oid