Odam tanlamaydigan “huquqiy mashina”. Tramp nega ta’qib qilinmoqda?
AQSh prezidentligiga takror saylanish uchun nomzodini ilgari surayotgan Donald Trampga to‘rtinchi jinoiy ish bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Xo‘sh, nega oradan uch yil o‘tib, sobiq prezidentga nisbatan ketma-ket tergov va sud ishlari ochilyapti? Ushbu sonda buning sabablari haqida fikr yuritamiz.
Shu bir yilning o‘zida, AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochilib, tergov ishlari boshlab yuborildi. AQSh – dunyoning birinchi iqtisodiyoti va birinchi harbiy qudrati, demokratik dunyo lideri. Shuning uchun bu davlatdagi siyosiy jarayonlar – global siyosatga ta’sir qiladi. Ayniqsa, kelasi 2024 yil – prezidentlik saylovlari yili ekani e’tiborga olinsa, Tramp atrofidagi jarayonlarni tahlil qilish juda muhim.
Demak, Trampga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochildi. Ular qaysilar? 2020 yilda saylovlarni yutqazib boshlagach, Tramp Jorjiya shtati mutasaddilariga telefon qilib, “yetishmayotgan ovozlarni topishni va ushbu shtatda Tramp g‘alabasini ta’minlashni” talab qilgan, bosim o‘tkazgan. Natijada Jorjiya shtati Trampga qarshi saylovlarni soxtalashtirishga chaqiriq va qasamyod ostidagi davlat mulozimiga o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishga undash kabi ayblar qo‘yilgan.
Yana 2020 yilda saylovlarni yutqazib qo‘ygach, Tramp o‘z tarafdorlariga murojaat qilib, “Bizning ovozlarimizni o‘g‘irlashdi. Ovozlarimizni eshitishlariga erishish kerak”, degan va namoyishchilarni Kapitoliyga bostirib kirishiga psixologik rag‘batlantirgan.
Qolaversa, 2016 yilda hali AQSh prezidentligiga saylov kampaniyasi ketayotgan vaqtda Amerika jamoatchiligidan o‘zi haqidagi muhim xabarlarni yashirish maqsadida bir necha ayollarga pora bergan. Natijada, AQSh jamoatchiligidan bo‘lg‘usi prezident haqidagi muhim ma’lumotlar yashirilgan.
Va nihoyat, prezidentlikdan ketgach, Tramp o‘zining shaxsiy uyiga juda ko‘plab maxfiy hujjatlarni olib ketgan. AQSh qonunlariga ko‘ra, Trampning bu ma’lumotlarni uyiga olib kelishiga huquqi bo‘lmagan.
Tramp prezidentlikdan bo‘shaganiga mana uch yil bo‘lyapti. Lekin nega oradan uch yil o‘tib, sobiq prezidentga nisbatan ketma-ket sud ishlari ochilyapti?
Amerikada yozilgan qonunlardan tashqari, siyosiy an’ana darajasidagi yozilmagan qoidalar ham bor. Misol uchun, AQShda amaldagi prezidentlar boshqa davlat institutlari, OAV va fuqarolik jamiyati tomonidan tiyib turiladi, nazorat qilinadi, mislsiz tanqid qilinadi. Ishdan bo‘shagach, sobiq prezidentlar amaliyotda “daxlsiz” deb ko‘riladi. Ularga katta nafaqa tayinlanadi. Sobiq prezidentlar alohida hurmat-e’tibor markazida bo‘lishadi. Ularga va ularning oila a’zolariga davlat tomonidan tansoqchilar beriladi, xavfsizligi kafolatlanadi. Shuningdek, sobiq prezidentlarning maxfiy ma’lumotlar olish huquqi ham saqlanib qoladi.
Lekin Trampga kelganda unday bo‘lmadi. Tramp Amerika tarixidagi eng ziddiyatli prezident bo‘lsa, ajab emas. Uning prezidentligi ham janjallar, mojarolar, fitnalar va to‘qnashuvlarga boy bo‘ldi. Tramp hokimiyatdan ketgach ham, unga qarshi bir emas ikkita impichment jarayoni boshlandi va bittasi ko‘rib chiqishga ham ulgurilmadi.
Mana endi, sobiq prezident Trampga qarshi to‘rtta jinoiy ish ketyapti. Bu ishlar Trampning yana qayta prezident bo‘lishiga to‘siq bo‘la oladimi?
Birinchi sabab – Tramp Amerika elitasining g‘ashiga tegib bo‘lgan, maynstrim, ya’ni asosiy kursdan tashqarida bo‘lgan siyosatchi hisoblanadi. AQSh siyosiy elitasi, xoh u demokrat bo‘lsin, xoh respublikachi, Trampni Amerika manfaatlari uchun noqulay yoki xavfli bo‘lgan siyosatchi deb biladi.
Ayni paytda Tramp Respublikachilar partiyasi uchun ham katta bosh og‘rig‘i. Bu partiya ikki o‘t orasida. Bir tomondan, respublikachilar o‘zining vakili va sobiq prezidentini himoya qilishga majbur. Chunki demokratik davlatlarda partiyalarning “birdamlik” siyosati juda kuchli. Ya’ni partiyalar har doim imkon qadar o‘zlarining a’zolari va tarafdorlarini himoya qilishlar shart.
Ikkinchi tomondan, Tramp Respublikachilar partiyasining ham obro‘sizlanishiga, ziddiyatlarga sabab bo‘lib kelayotgan siyosatchi. Qolaversa, Respublikachilar tashqi siyosatda har doim ancha agressiv ekspansionizm tarafdori.
Lekin Tramp Amerikaning an’anaviy ittifoqlari va munosabatlarini tan olmaydi, izolyatsionizmga moyil. Maqsadi – imkon qadar AQSh pullarini brutal shaklda tejash. Bu bilan Tramp Amerika “liberal imperiyachiligini” inkor qiladigan siyosatchi sifatida ko‘riladi. Respublikachilar uchun Tramp emas, boshqa normal nomzod maydonga chiqib, demokratlardan hokimiyatni qaytarib olsa – qulayroq bo‘lardi.
Kelasi 2024 yil – prezidentlik saylovlari yili. An’anaga ko‘ra, agar yana mandat huquqi bo‘lsa, hokimiyatdagi prezident o‘z nomzodini ko‘rsatadi. Bu bilan demokratlar Baydenning nomzodini ko‘rsatish ehtimoli yuqori. Respublikachilar partiyasida esa praymeriz, ya’ni partiya ichidagi saylovlar bo‘ladi. Trampning bu praymerizlarda yutish imkoniyati ko‘p.
Trampga qarshi jinoiy ish da’volarini, asosan liberal bo‘lgan, demokratlarga moyil qarashdagi sudyalar va tergovchilar olib borishmoqda. Bir tomondan bu sud ishlari orqali Tramp va unga o‘xshash aksil-tizimli siyosatchilarni jazolash niyat qilinmoqda. Ikkinchi tomondan jiddiy ayblovlar, Trampning qayta saylanishiga to‘siq bo‘lishi, unga beriladigan ovozlar sonining pasayish niyati, ko‘zlanmoqda.
Lekin kuzatishlarga ko‘ra, hozircha, amerikaliklarning qanchalik Tramp haqidagi fikri salbiylashgani aniq emas. Sotsiologik tadqiqotlarga ko‘ra, Trampga salbiy qarash kuchli. Muammo shundaki, o‘tgan 2016 yilgi saylovlarda ham, so‘rovlarga ko‘ra, Xilari Klinton yutishi kerak edi. Ammo Tramp yutdi.
Demak, amerikaliklar har doim ham o‘zlarining chin qarashlarini aytavermaydi va saylov kuni saylov uchastkalarida o‘zlarining ko‘nglidagi nomzodga ovoz berib kelishadi. Trampning sudlanishi – Amerikada kutilayotgan saylovlarni yanada chigallashtiradi, kuchliroq ehtiros beradi xolos.
Mavzuga oid
17:40
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
17:05
AQShda so‘nggi 4 yilda 749 nafar o‘zbekistonlik hibsga olindi
16:18
“Kanalni savol-javobsiz qaytarib olamiz” – Tramp Panamaga tahdid qildi
15:04