Sport | 09:55 / 20.08.2023
24848
6 daqiqa o‘qiladi

Messi AQShda darhol sovrin yutishni boshladi

Leo yana bir shedevr ijro etdi, «Inter Mayami» darvozaboni esa hal qiluvchi penaltini urdi.

Foto: Gettyimages.ru/Tim Nwachukwu

Argentinalik futbolchining sovrinlar kolleksiyasi Ligalar kubogi bilan to‘ldirildi, sardorning o‘zi turnirda o‘nta gol urdi.

Ligalar kubogi. Final. 
20 avgust. Neshvill.
Neshvill – Inter Mayami – 1:1

Penaltilar seriyasi: 9:10
Gollar: Fafo Piko 57 – Lionel Messi 23.

Turnir finaliga «Monterrey» klubi chiqa olmagani biroz afsuslanarli. Meksikaning eng boy jamoasi, KONKAKAF Chempionlar ligasining besh katta g‘olibi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining ikki karra bronza medali sohibi. Umuman olganda, gap jamoaning maqomida ham emas, Ligalar kubogi bo‘yicha umumiy tasavvur haqida. Bu aslida xalqaro turnir, finalgacha yo‘lda esa «Inter Mayami» faqat guruh bosqichining birinchi turida «Krus Asul» (Meksika) bilan to‘qnashdi. Shundan keyin — faqat MLS jamoalari bilan o‘ynaldi, bu esa qandaydir ichki musobaqa kayfiyatini berdi.

Boshqa tomondan, bu bir necha yil oldin (2018 yil) vujudga kelgan va shu vaqtgacha biror yutuqqa erishmagan «qarqaralar» jamoasining ilk sovrini ahamiyatini yo‘qqa chiqara olmaydi. Final arafasida Messi bu sovrin qo‘lga kiritilishi klub va muxlislar uchun aql bovar qilmas voqea bo‘lishi haqida aytganida, ashaddiy skeptiklar ham bu gaplardan ayb topa olmasdi. Albatta, bundaylar topilishi ham mumkin, ammo bu argentinalikning dahosini bekor qila olmaydi.

Keldi, ko‘rdi va g‘alaba qozondi — bu o‘rinda xayolga keladigan eng oddiy va aniq ifodalovchi so‘zlar. Ammo liga Messi bilan shartnoma imzolanganidan keyingi effektni avval hech qachon ko‘rmagandi, holbuki yaqin o‘tmishda bu ligada katta nomlar kam bo‘lmagandi. Devid Bekhem, Zlatan Ibrahimovich, Tiyerri Anri, David Vilya, Anrea Pirlo, Haviyer Ernandes... O‘tgan mavsumda esa Higuain va Matyuidi «Inter» safida o‘ynashgandi.

Leoning o‘zi esa odatiga ko‘ra kamtarlik qilib, jamoa o‘yinidagi o‘sish Xerardo Martinoning xizmatlari va futbolchilar har kuni mashg‘ulotlarda ishlayotgani tufayli ekanini aytadi. Va sardorning bu so‘zlarida jon bor, chunki uning yonida deyarli barcha porlay boshladi. Xosef Martines yana avvalgidek vahimali to‘purarga o‘xshay boshladi, u og‘ir jarohat olishidan oldin «Atlanta Yunayted»ning chempionlik tarkibida liga klublariga dahshat solgandi. «Qarqaralar» jamoasi akademiyasi tarbiyalanuvchisi, argentinalik Kremaski 18 yoshida liganing yangi porlayotgan yulduziga aylandi, finlandiyalik Teylor shunchalik kuchli o‘ynab yubordiki, uning faoliyatida hali bunaqa davr bo‘lmagandi.

Kimdir buni hissiyotga berilgan baho deb hisoblasa — raqamlar bor. Bu mavsumda oldingi 22 o‘yinda «Inter» jami 22 gol urgandi. Mayamiliklar o‘zining yangi davrida bu natijani qayd etish uchun Ligalar kubogidagi yetti o‘yin yetarli bo‘ldi. Messi bu o‘yinlarning har birida gol urdi va o‘z sehrining bir qismini hal qiluvchi o‘yin uchun saqlab qo‘ygandek bo‘ldi. U finalda ham o‘ziga xos tryukini amalga oshirdi — Leo to‘p bilan himoyachilar orasidan o‘tib bordi va to‘pni darvozaning yuqori burchagi joyladi.

Ammo bu nomerni ijro etish oson ko‘ringani aldamchi hissiyot. Klub aksionerlaridan biri — NBA yulduzi Yannis Adetokumbo — o‘yindan oldingi chigalyozdi mashg‘ulot chog‘ida gol urib, buni Krishtianu Ronaldu uslubida nishonlab, shou uyushtirdi, «Neshvill»ning o‘zi esa — umuman oson raqib emasdi. Futbol nuqtayi nazaridan «Neshvill» — juda intizomli va kurashuvchan jamoa. Ular mehmonlarni tindirishmadi, toshdan suv chiqarishdi va burchak zarbasi ijro etilganida rikoshetlar seriyasidan keyin hisob tenglashtirildi.

Agar «Inter»ni darvozabon Kallender qutqarmaganida o‘yin taqdiri asosiy vaqtdayoq hal bo‘lishi ham mumkin edi. Lekin bu epizoddan oldinroq Messi yana zarba berish pozitsiyasiga chiqib, darvoza ustunini nishonga olgandi. Umuman olganda — bu haqiqiy final bo‘ldi va bunday o‘yinda g‘olibni faqat penaltilar seriyasi aniqlashi mumkin edi. Arbitr tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalar oxirida darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib borgan «Inter» hujumchisi Kampana qanday qilib gol ura olmagani haqidagi savolga uning o‘zi ham javob bera olmasa kerak.

Ammo shunisi g‘alabani yanada shirinroq qildi. Messi, odatga ko‘ra, 11 metrli zarbalar seriyasini shaxsan o‘zi boshlab berdi. Mas’uliyatdan qo‘rqmagan Kampana ham zarbani ishonch bilan ijro etdi. Nuqtaga beshinchi bo‘lib yaqinlashgan Uloaning xatosi (bu vaqtga kelib mezbonlar bitta xato qilib ulgurishgandi) Neshvilldagi voqealarga dramatizm qo‘shdi. Uning xatosi tufayli navbat darvozabonlargacha yetib bordi va bu bosqichda Kallender benazir bo‘lib chiqdi. U avvaliga o‘z zarbasi bilan to‘pni darvoza to‘sini ortidan yo‘lladi, keyin esa hamkasbining zarbasini qaytardi. Messining kolleksiyasiga 44-sovrin qo‘shildi. Ufqda esa navbatdagisi ko‘rinmoqda — payshanbaga o‘tar kechasi AQSh Kubogi yarimfinal «Tsinsinatti»ga qarshi o‘yin kutmoqda.

Mavzuga oid