Jamiyat | 16:13 / 23.08.2023
11217
3 daqiqa o‘qiladi

Har yili 420 ming odam ovqatdan zaharlanishdan vafot etmoqda - JSST

Oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishning 40 foizi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Getty images

JSST hisob-kitoblariga ko‘ra mikroorganizmlar yoki kimyoviy moddalar bilan ifloslangan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish oqibatida har yili 600 million odam zaharlanadi, 420 ming kishi vafot etadi.

Kasallik keltirib chiqaradigan bakteriyalar, viruslar, parazitlar yoki zararli kimyoviy moddalarni o‘z ichiga olgan xavfli oziq-ovqatlar diareyadan saratongacha bo‘lgan 200 dan ortiq kasalliklarga sabab bo‘ladi.

Oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishning 40 foizi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu kasalliklar har yili 125 ming bolaning hayotiga zomin bo‘ladi.

Diareya kasalligi ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida yuzaga keladigan eng keng tarqalgan kasallikdir. Har yili 550 million kishi u bilan og‘rinib, 230 mingi vafot etadi.

Diareya 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining ikkinchi asosiy sababidir. U asosan ifloslangan oziq-ovqat va suvni iste’mol qilish natijasida rivojlanadi. Diareyaning eng keng tarqalgan ikkita sababi rotavirus va ichak tayoqchasidir. Sryptosporidium i Shigella kabi boshqa patogenlar ham tashvish tug‘dirishi mumkin. Salmonella butun dunyo bo‘ylab diareya kasalligining to‘rtta asosiy sabablaridan biridir. Ba’zi hollarda bu patogenlar keltirib chiqaradigan kasalliklar og‘ir va o‘lim bilan yakunlanadi.

Oziq-ovqatdan zaharlanishning klinik ko‘rinishi kasallikning to‘satdan boshlanishi bilan tavsiflanadi. Klinik ko‘rinishi ko‘pincha oshqozon-ichak traktining buzilishi xarakteriga ega. Zaharlanish qorin og‘rig‘i, qusish, axlatning buzilishi va umumiy holsizlik bilan kechadi, ammo botulizm va qo‘rg‘oshin birikmalari bilan zaharlanishda ushbu alomatlar kuzatilmasligi mumkin.

Oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishning oldini olish uchun mahsulotlarni saqlash, tashish va tayyorlash paytida infeksiyadan himoya qilish hamda quyidagilarga qat’iy rioya qilish zarur:

- mahsulotlarni, ayniqsa tayyor yoki yarim tayyor mahsulotlarni saqlash muddatiga ahamiyat qaratish;

- go‘sht, baliq, yarim tayyor mahsulotlar, salatlarni muzlatkichda saqlash;

- xom va pishgan go‘sht, baliqlarni qayta ishlashda alohida kesish taxtalaridan foydalanish;

- xom mahsulotlarni to‘g‘rab bo‘lgach pichoqlarni yaxshilab yuvish;

- tuxumni pishirishdan oldin bir oz vaqt sodali suvda ivitib, so‘ng xlorli eritmada 15 daqiqa ushlab turish, keyin yaxshilab yuvish;

- sabzavot, meva va rezavorlarni yaxshilab oqar suvda yuvish va qaynoq suvda chayish;

- oshxona va shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish.

Mavzuga oid