AQShdagilar Prigojinning biznes-jyetiga bomba o‘rnatilgan deb hisoblamoqda
G‘arblik mulozimlar fikricha, samolyotni yo‘q qilish buyrug‘i Putin tomonidan berilgan.
Bortida «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin bo‘lgan samolyot Prigojinning hayotiga suiqasd uyushtirilishi oqibatida halokatga uchragan, deb xabar bermoqda The Wall Street Journal gazetasi AQSh rasmiy shaxslariga tayangan holda. AQSh hukumatining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, bortida Prigojin ham bo‘lgan biznes-jyetda bomba portlagan yoki halokatga boshqa bir shakldagi diversiya sabab bo‘lgan.
The New York Times gazetasi yozishicha, amerikalik va g‘arblik boshqa rasmiylar bortda portlash ro‘y berganini halokatning asosiy sababi sifatida ko‘rishmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, portlash bomba yoki bortga o‘rnatilgan boshqa portlovchi qurilma tufayli ro‘y bergan bo‘lishi mumkin, shu bilan birga, boshqa versiyalar ham ko‘rib chiqilmoqda, masalan, soxta yonilg‘i quyilgani ham. CNN agentligiga ko‘ra, AQSh Razvedka jamiyati aviahalokatga nima sabab bo‘lganini baholashning dastlabki bosqichida turibdi.
AQSh razvedkasi sun’iy yo‘ldoshlari samolyot qulagan hududga yaqin joydan raketa uchirilganini qayd etmagan, biznes-jyet «yer-havo» tipidagi raketa bilan yo‘q qilinganini ko‘rsatuvchi boshqa dalillarga ham ega emas. Bu haqda NYT ham, WSJ ham. Shu bilan birga, Reuters agentligi manbasi, AQSh hukumatining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot «yer-havo» tipidagi raketa bilan urib tushirilgani haqida yozgan. Undan avvalroq The Financial Times ham g‘arbdagi anonim mulozimlardan biriga asoslanib, shunday versiyani ilgari surgandi. Samolyot qulashidan ko‘p vaqt o‘tmasdan «Vagner» XHKga aloqador bo‘lgan Grey Zone telegram-kanali samolyot raketa orqali urib tushirilganini xabar qilgandi. Harbiy ekspertlar ham samolyotga raketa urilgani ehtimolini versiyalardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.
CNN telekanali biznes-jyet qulagan joyning radar tasvirini e’lon qilgan. Uning asosida jurnalistlar samolyot yerga urilayotganda uning fyuzelyaji butun bo‘lgan, degan xulosaga kelishgan.
Amerikalik va yevropalik rasmiy shaxslar The New York Times nashriga anonimlik sharti bilan, ichida Prigojin bo‘lgan samolyotni yo‘q qilishga Vladimir Putin buyruq bergani haqidagi fikrini aytishgan. G‘arb razvedkasidagi yuqori martabali mulozim gazetaga, «ko‘plab belgilar» Prigojin qulagan samolyot bortida bo‘lganini ko‘rsatayotganini bildirgan. Amerikadagi manbalar qator rasmiy shaxslar Prigojin katta ehtimol bilan aviahalokatda halok bo‘lganini aytgan bo‘lsa-da, AQSh razvedkasi hali uning o‘limini uzil-kesil tasdiqlamaganini bildirmoqda. Prigojin halok bo‘lgani haqida aytgan amerikalik rasmiylardan biri AQSh mudofaa vazirligi matbuot kotibi Patrik Rayder bo‘ldi. «Vagner» XHK ham hozircha Prigojinning o‘limini rasman e’lon qilmadi.
RF tergov qo‘mitasidagilar terakt bo‘yicha ish qo‘zg‘atish uchun hozircha asoslar yo‘qligini bildirgan — tergov ishlari parvoz xavfsizligi qoidalarini buzish moddasi bo‘yicha olib borilmoqda. Shot telegram-kanaliga ko‘ra, tergov samolyotning shassi qismida portlovchi qurilma bo‘lgani versiyasini ko‘rib chiqmoqda. Mash ma’lumotiga ko‘ra, «o‘q-dorilarga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lish» ham halokat versiyalaridan biri sifatida qaralmoqda: halokat joyida o‘q-dorilar va granatalar topilgan. Shu bilan birga, «Moskovskiy komsomolets» gazetasi xabar berishicha, uchishdan avvalroq samolyot turbo-muzlatkich buzilgani sababli bir oyga ta’mirlashga yuborilgan — ta’mirlash paytida jyet «Sheremetevo»da ochiq osmon ostida turgan.
Mavzuga oid
07:50
Anapa aholisi mazut to‘kilishi sababli Putinga murojaat bilan chiqdi
14:14 / 23.12.2024
Kremlda Putin va Slovakiya bosh vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
10:43 / 23.12.2024
Tramp Putin u bilan Ukraina masalasida uchrashmoqchi ekanini ma’lum qildi
00:02 / 22.12.2024