Jahon | 08:51 / 01.09.2023
6678
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya fuqarosi Kiprda AQSh elektronikasi kontrabandasi uchun hibsga olindi

Rossiya va Germaniya fuqarosi Artur Petrov AQSh talabiga binoan Kiprda hibsga olindi. U armiya uchun ishlaydigan Rossiya kompaniyasiga Amerika elektronikasini noqonuniy sotib olganlikda ayblanmoqda. Petrovni uzoq yillik qamoq jazosi kutmoqda. 

Foto: Reuters

Rossiya va Germaniya fuqarosi bo‘lgan 33 yoshli Artur Petrov 26 avgust kuni Kiprda AQSh talabiga binoan hibsga olindi. Bu haqda 31 avgust, payshanba kuni AQSh Adliya vazirligi ma’lum qildi. Petrov Rossiyaga AQShda ishlab chiqarilgan, raketalar va dronlar, elektron urush tizimlari va aloqa vositalarida qo‘llanadigan mikroelektronika kontrabandasida ayblanyapti. Bunday mahsulotlarni Rossiyaga yetkazib berish AQSh qonunchiligi bilan taqiqlangan. 

AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Petrov ikki sherigi (ismlari noma’lum rossiyaliklar) bilan birga 2022 yil fevralidan 2023 yil avgustigacha Rossiyaning harbiy-sanoat korxonalariga mahsulot yetkazib beradigan «Elektrokom VPK» MChJ uchun Amerika firmalaridan katta miqdorda elektronika sotib olgan. Kontrabandachilar yetkazib berish Rossiyaga mo‘ljallanganini yashirish uchun uchinchi mamlakatlarda ro‘yxatdan o‘tgan soxta yuridik shaxslardan foydalangan

Petrovga hukm AQSh sudi tomonidan chiqariladi
 
Petrovga Qo‘shma Shtatlarda bir nechta ayblovlar qo‘yilgan, jumladan eksport nazorati qonunlarini buzganlik, firibgarlik va pul yuvish uchun fitna uyushtirganlik. Ularning har biri uchun maksimal jazo - 20 yil qamoq. Hukmni Amerika sudi chiqaradi. 

«Shafqatsiz urush mashinasini qo‘llab-quvvatlash uchun eksport nazorati cheklovlarimizni chetlab o‘tganlar javobgarlikka tortiladi», dedi AQSh savdo vazirining eksport nazorati masalalari bo‘yicha yordamchisi Metyu Akselrod. 

Rossiya elektronikani Estoniya va Turkiya orqali olgan bo‘lishi mumkin

Dekabr oyida Nyu-York Sharqiy okrugi federal okrug sudi besh nafar Rossiya fuqarosi va ikki AQSh fuqarosini sanksiyalarni chetlab o‘tish maqsadida Rossiya mudofaa sanoati uchun elektronika kontrabandasini tashkil qilishda aybladi. Amerika tomoni «FSB» zobiti deb hisoblagan rossiyalik Vadim Konoshchenok ikki marta Estoniya-Rossiya chegarasida Amerikada ishlab chiqarilgan elektron butlovchi qismlar va patronlar bilan to‘xtatilgan. 

Fevral oyida esa Germaniya prokuraturasi Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yerida Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini buzgan holda 15,5 million dollarlik tranzaksiyalarni amalga oshirishda gumon qilingan uchta firmada tintuv o‘tkazdi. OAV xabarlariga ko‘ra, bu kompaniyalar Turkiya orqali Rossiyaga harbiy elektronika yetkazib bergan bo‘lishi mumkin. 

Mavzuga oid